Yevropa Ittifoqi Toshkentni jazolash siyosatidan chekinmoqda

Yevropa nega unday qildi ekan...

Human Rights Watch, Freedom House, Amnesty International kabi xalqaro tashkilotlar Yevropa Ittifoqini inson huquqlari masalasiga befarqlikda ayblamoqda.

Ittifoqning rasmiy Toshkentga qo’yilgan sanksiylarni bekor qilish qarori xalqaro tashkilotlar tomonidan keskin tanqid bilan kutib olindi. Yevropa huquq masalasida O`zbekiston hukumatiga ta`sir ko`rsatishi mumkin bo`lgan so`nggi choradan ham voz kechdi.

Bu qadam O`zbekistonda inson huquqlari bilan bog’liq vaziyatning yanada og`irlashishiga, fuqarolik jamiyati uchun kurashayotgan faollarga nisbatan tazyiqlar kuchayishiga sabab bo`lishi mumkin.

Moskvadagi “Memorial” inson huquqlari markazi ham yaqinda Yevropa Ittifoqini diktatorga yon bosishda ayblab, bayonot chiqardi. Bayonotga ko`ra, O`zbekiston qamoqxonalarida minglab begunoh odamlar saqlanayotgan bir paytda sanksiyalardan voz kechishni diktaturaga ko`rsatilgan marhamat sifatida tushunish mumkin.

Huquq-adolat afzalmi yo geosiyosiy manfaatlar?

Mamlakat ichkarisida faollarning sanksiyalardan voz kechilishiga munosabati munozarali, turlicha. O`zbekiston inson huquqlari jamiyati faoli Baxtiyor Hamroyev nazarida Yevropa Ittifoqi inson huquqlari masalasini geosiyosiy maqsadlar uchun qurbon qilayotganini ochiq namoyish etmoqda.

“Yevropaning geosiyosiy maqsadlari, ayniqsa energetika bo`yicha manfaatlari inson huquqlaridan ustun ekanidan afsusdaman”, - deydi huquq himoyachisi.

Sanksiyalar natija bergan

Baxtiyor Hamroyevning aytishicha, hozirgacha sanksiyalarning mavjudligi, bu sanksiyalar ramziy bo`lishiga qaramasdan, mamlakatdagi inson huquqlari masalasida natija bergan.

“Umuman olganda, O`zbekistonga albatta ta`siri bo`ldi, huquq himoyachilari, mustaqil jurnalistni ozod bo`lishi, qonunchilikda amalga oshirilgan islohotlar sanksiyalarni samarasi”, - deydi Hamroyev.

Ba'zilar nazarida esa yo'q...

“Tezkor guruh” tahlilchisi Abdusalom Ergashev deydiki, sanksiyalar hukumat uchun hech qanday qiymatga ega bo`lmagan, ularni saqlab turishdan ham biror natija yo`q.

“Davlat fuqarolik jamiyati vakillariga tazyiqni kuchaytirdi, mana senga bo`lmasa, degandek. Umuman, sanksiyalar juda sharmandali bo`ldi, hukumat mutlaqo e`tibor ham bergani yo`q. Shuning uchun bunday samarasiz sanksiyadan voz kechib, uning o`rniga boshqa muqobil yo`llar topilgani ma`qul degan fikr bor edi. Oxir-oqibat sharmandali tugadi. Islohotlar, qabul qilingan qonunlarni sanksiyalar natijasi deb hisoblamayman. O’zbekiston baribir ularni imzolashi yoki qabul qilishi kerak edi. Endi Yevropa ham, AQSh ham O`zbekiston manfaatlaridan kelib chiqqan holda talab qo`yib, shu y`oldan davom ettirsa kerak”, - deydi Ergashev.

Yevropa Ittifoqi tomonidan sanksiyalarning bekor qilinishiga nisbatan norozilik asosan mamlakat tashqarisida kuzatildi. Bryusselda birlashgan muxolif harakat - “13 may Ittifoqi” norozilik aksiyasini o`tkazdi. Bu ittifoqqa Andijon fojealari qochqinlari tuzgan “Andijon - Adolat va Tiklanish” tashkiloti, “Erk” partiyasi, “Tayanch” tashkiloti kiradi. “13 may Ittifoqi” a’zolari fikricha, O`zbekistonda huquq bilan bog`liq vaziyat yomonlashgan bir paytda sanksiyalardan voz kechishga asos yo`q.

Yevropa Ittifoqi so’nggi sanksiya - qurol-yarog` embargosini bekor qilar ekan, rasmiy Toshkent fuqarolik jamiyati va inson huquqlari masalasida qator ijobiy o`zgarishlar qilganini ta`kidladi. Bir necha huquq himoyachisining qamoqdan ozod etilishi, sud-huquq tizimidagi islohotlar nazarda tutiladi. Yevropa Ittifoqi va rasmiy Toshkent o`rtasida davom etgan muloqotlarning mamlakatdagi fuqarolik jamiyati bilan bog`liq vaziyatga biror ta`siri sezilmaydi.

O'zbekistondagi islohotlar masalasida...

Suh-huquq tizimida isloh qilingan sohalardan biri - advokatlar faoliyatidir. Advokatlarni qayta litsenziyalash bo`yicha boshlangan sinov imtihonlari mustaqil faoliyati bilan tanilgan bir necha advokatning ishdan chetlatilishi bilan tugadi.

“Sanksiya deganda aniq narsalarni tushunish mumkin. Masalan, qamoq jazosi yoki shuncha miqdorda jarima to`lash. His qilinmagan sanksiyalarni ushlab turgandan olib tashlagan ma`qul emasmi? Lekin kerakli paytda biz teskarisini ham his qilganmiz. Advokatura bo`yicha tashkiliy majlislar o`tkazishda qo`llab-quvvatlashni so`rab, Yevropa Ittifoqiga murojaat qilganmiz, lekin hech qanday natija bo`lmagan. Biz foydasidan ko`ra zararini ko`proq his qildik. Advokatura sud-huquq tizimini ko`zgusi. Shunga qarab, sud tizimi haqida gapirish mumkin. Ahvol bu bo`lsa, sud tizimidagi islohotlar haqida nima deyish mumkin? ”, - deydi advokat Ruhiddin Komilov.

Yevropa bilan boshlangan muloqotdan umid kutayotgan boshqa bir soha matbuot, so`z erkinligi, mustaqil jurnalistlar faoliyati.

“Aslida bu sanksiyani hech bir qiymati yo`q edi, faqat butun Yevropa Ittifoqining birlashgan e`tirozi hukumatni biroz sergaklantirgan edi. Hozir sanksiyalar olib tashlanganini hukumat o`zicha tushunishi mumkin. Demak, nima qilsak, ham ta`siri bo`lmaydi, deb o`z siyosatini davom ettirishi mumkin. Buni mustaqil jurnalistlar uchun foydali tomoni yo`q, lekin zarari katta. Biz hamon erkin so`z aytishdan, mavzuni erkin yoritishdan, eng dahshatlisi - yoritgan taqdirda ham o`z nomimizni ochiq qo`yishdan mahrummiz. Bu vaziyat sanksiyalardan avval ham bor edi, lekin endi battar bo`lishi mumkin, chunki Yevropa Ittifoqi o`z ojizligini ko`rsatib qo`ydi”, - deydi mustaqil jurnalistlardan biri.

Odamlarga nahot farqi bo'lmasa?

Mahalliy faollardan biri deydiki, O`zbekistonda aholining ko’pi uchun sanksiya masalasi farqsiz. Bugun aholini qiynayotgan muammolar mutlaqo boshqa. Shu ma’noda sanksiyalardan voz kechilisi xalq uchun foydali bo`lishi mumkin.

“Demokratiya rivojlanishiga ta`sir qilmas, lekin ijtimoiy vaziyatga ijobiy ta`sir qiladi deb o`ylayman. Avval Yevropa dori-darmonlar, ijtimoiy yordamlar bilan qarashib turardi. Nogironlar bor, hozirgi nafaqalar nonga zo'rg'a yetadi, dori-darmonni qayerdan olsin? Agar shunaqa yordamlar ko`paysa, aholi uchun yaxshi bo`ladi. Bizni davlatimizda ham adolat qaror topar. Shunaqa ketaversa, hukumat o`z qozig`iga o`zi o`ralashib qolishi mumkin. Vaziyat nihoyatda og’ir, maoshlar berilmayapti, bu vaziyatdan chiqib ketish uchun ham boshqalar yordami kerak”, - deydi u.

Yevropa Ittifoqi Andijon fojealaridan keyin O`zbekistonga nisbatan bir necha sanksiyalar joriy etdi. Avvaliga voqeani mustaqil tergov qilish talabi bilan qo`yilgan sanksiyalar keyinchalik inson huquqlari masalasidagi o`zgarishlar bilan bog`landi.

2007 yilda Yevropa Markaziy Osiyo bilan hamkorlik bo`yicha yaxlit strategiya qabul qildi. 2008 yildan boshlab O`zbekistonga nisbatan sanksiyalari yumshay boshladi. 2009 yilga kelib esa ulardan mutlaqo voz kechildi.

Sharhlovchilar nazarida, ittifoq sanksiyalardan ko`zlangan maqsadlariga erishgan bo`lishi mumkin, biroq O`zbekistondagi demokratik jamoatchilik biror naf sezmagan.