O'zbekistonda namoz o'qish - mutaassiblikmi?

O'zbekistonda diniy ekstremizmda ayblanayotgan fuqarolar soni ko'paymoqda.

Mahalliy faollarning aytishicha bu insonlarning aksariyatini oddiy namozxonlar tashkil etadi.

Hukumat fikricha esa diniy ekstremizm – bu real tahdid.

Daniyalik jurnalist Maykl Andersenning “Markaziy Osiyoda diniy ekstremizm haqida afsona” nomli hujjatli filmi O'zbekistondagi rasmiy matbuot tomonidan keskin tanqid bilan qarshilandi.

“Al-Jazira” xalqaro kanali orqali namoyish etilgan mazkur filmning asosiy xulosasi shuki, mintaqa hukumatlarining repressiv siyosati diniy ekstremizm kelib chiqishining asosiy sabablaridan biri.

O'zbekistondagi Press-uz.info axborot saytiga ko'ra jurnalist Maykl Andersonning “Diniy ekstremizm tahdidi haqidagi afsona” filmi, undagi xulosalar tuhmatdan iborat. Muallif buyurtma asosida ishlagan, deyiladi unda, film uydirma, ko'zbo'yamachilik.

Daniyalik jurnalist o'z filmida Markaziy Osiyoda diniy ekstremizm rivojlanishida mintaqadagi siyosiy rejimlarni ayblaydi. Uning yoritishicha, O'zbekistonda nomozxonlarga
nisbatan boshlangan repressiyalar, qamoq va qiynoqlar oxir oqibat mutaassiblikka yetaklagan.

O'zbekistonda diniy erkinlik ahvoli og'ir deya baholanadi. E'tiqodi uchun qamalgan fuqarolar soni bir necha ming kishini tashkil etadi. Ekstremizmda ayblanayotganlar soni oshib
bormoqda.

Sirdaryo viloyatida bir necha oydan buyon o'nlab kishi ustidan diniy ekstremizm bo'yicha tergov ishi ketmoqda. Hibsdagilar “Jihodchilar” nomli tashkilot tuzganlikda va qo'poruvchilik harakati rejalashtirganlikda gumon qilinmoqda.

“Oddiy o'zbek yigitlari... Dehqonchilik bilan shug'ullanishgan. Aybi namoz o'qigani. Jami 67 kishi. Ularning ota-onalari bizga murojaat qilishdi. Gaplashganimda "sizga murojaat qilayapmiz, lekin bolalarimizga qiyin bo'lmaydimi"? deyishadi. Sababini so'rasam, fuqarolik kiyimidagi odamlar kelib "agar u yoq-buyoqqa yozsangiz, murojaat qilsangiz yomon bo'ladi" deb ogohlantirishgan ekan. Umuman qo'rqib qolishgan. Shulardan ham xulosa qilishimiz mumkinki, bu ayblovlar soxta”, - deydi sirdaryolik huquq himoyachisi Isroil Rizayev.

Yaqinda jurnalist Xayrulla Hamidovning noqonuniy diniy guruh tuzishda ayblanib hibsga olinishi ancha muhokamaga sabab bo'ldi. An'anaviy ruhdagi diniy chiqishlari bilan tanilgan bu jurnalistning qamoqqa olinishi nomozxonlarga nisbatan tazyiqlar qamrovi kengaygani bilan
izohlanmoqda.

“Press-uz.info” saytidagi maqolada ta`kidlanishicha, davlat jinoyatchisi hisoblangan muxolifatdagi “Erk” partiyasi raisi Muhammad Solihning filmdagi intervyusi, xususan ekstremistik kayfiyat tijoratchilar, o'qituvchilar va oddiy ishchilar hisobiga ortayotgani haqidagi fikri O'zbekiston xalqiga nisbatan tuhmatdir.

“Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov fikricha so'nggi paytda avval siyosatdan yiroq bo'lgan oddiy namozxon musulmonlar siyosiy jihatdan faollashgan.

“O'zbekiston aholisining ko'pchiligi asosan islom diniga e'tiqod qiluvchilardan iborat. Biroq ana shu mutlaq ko'pchilik - xalq hokimyatdan juda yiroq. Hozir ko'pchilik bilan muxolifat o'rtasida hamkorlik boshlandi. Demokratiyani islomga qarshi qo'yganlarda ham demokratiya bilan hamkorlik qilish kerakligi haqidagi kayfiyat paydo bo'lmoqda, ular ko'pchilik. Demokratiya
islomga ham kerak”, - deydi Otanazar Oripov.

O'zbekiston musulmonlari mo'tadil oqimga mansubligi bilan ajralib turadi. Tahlilchilar nazarida mamlakatda diniy cheklov va tazyiqlarning kuchaytirilishi jamiayatda radikalllashuv uchun zamin yaratmoqda.

Rasmiy matbuotdagi diniy ekstremizm haqidagi chiqishlar asosan islomiy xalifat qurishni maqsad qilgan terrorchilar guruhi bilan bog'liq. Diniy ekstremizm omillari, bunday tahdidning qamrovi, ijtimoiy-siyosiy sabablari singari muhim mavzular esa chetda qolib ketmoqda.