Markaziy Osiyo bo’ylab safar qilayotgan bosh kotib Qirg’iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyev, Bosh vazir Doniyor Usenov va Tashqi ishlar vaziri Qodirbek Sarbayev bilan uchrashgan.
Qirg’iziston rahbariyati bilan mintaqaviy hamkorlik, qurolsizlanish, atrof-muhit hamda ijtimoiy va iqtisodiy masalalar muhokama qilingan.
Prezident Qurmanbek Bakiyev “Ayollarga nisbatan zo’ravonlikka birgalikda barham beramiz” deb nomlangan hujjatni imzolagan. BMT rahbarining aytishicha, ushbu tadbir Qirg’izistonda ayollar huquqi himoya qilinayotganining belgisi hisoblanadi.
“Barchamizga ma’lum, ayrim jamiyatlarda ayollar hozirgacha zo’ravonlikka, jumladan oila zo’ravonligiga duchor bo’lishadi. Shuning uchun biz barcha davlatlarda bunga qarshi kurash olib borayapmiz”, - deydi Pan Gi Mun.
Ayni paytda bosh kotib mintaqa davlatlari rahbarlarini suv-energetika muammolarini birgalikda muhokama qilishga chaqirgan va ushbu muloqotni tashkil qilishda BMT o’z ko’magini ayamasligini aytgan.
BMT Qirg’izistonga radioaktiv chiqindi-xonalarini xafvsizlantirish ishlarida yordam berishini ma’lum qilgan. Yuksak martabali mulozimga ko’ra, ushbu muammo nafaqat Qirg’iziston balki butun dunyoga tegishli.
Bu masalani yechishda ham “Markaziy Osiyo mamlakatlari liderlarining muloqoti yaxshi samara berishi mumkin”, deydi Pan Gi Mun.
Qirg’iziston parlamentida qilgan chiqishida BMT bosh kotibi mamlakatda so’nggi payt mustaqil axborot vositalari bosimga olinayotganidan xavotir bildirgan.
“Huquq himoyasi BMTning fundamental tamoyillaridan biri. Erkinliklar, jumladan so’z va matbuot erkinligi himoya ostida olinishi shart”, - dedi Pan Gi Mun, Bakiyev hukumatini vaziyatni yaxshilashga chaqirar ekan.
Aytish joiz, Qirg’izistondagi bir necha yirik nodavlat tashkilotlar bosh kotibdan o’lkadagi inson huquqlari, so’z erkinligi borasidagi vaziyatga e’tibor qaratishni so’ragan edi.
Pan Gi Munning safari chog’ida BMT Bishkekdagi idorasi yaqinida namoyish bo’lib o’tgan. BMT Bosh kotibining Qirg’izistondagi doimiy vakili aksiya qatnashchilari bilan uchrashishni rejalagan.
Qirg’iziston va Birlashgan Millatlar Tashkiloti aloqalari qay darajada?
Siyosatshunos, O’sh davlat universiteti professori Arap Anarbayev fikricha, Qirg’iziston imzolagan barcha bitimlarga rioya qilmoqda.
“Mustaqil bo’lganimizdan beri biz BMT a’zosimiz. Butun xalqaro hamjamiyatni qilayotgan ishlariga Qirg’iziston ham daxldor deb bilaman, chunki davlatimiz hamisha ushbu nufuzli tashkilot bilan chambarchas ish olib bormoqda”, - deydi professor Arap Anarbayev.
“O’z paytida bizning davlat bir necha tashabbuslar bilan chiqish qilgan. Masalan, tog’li o’lkalar yili ta’sis etilishi haqida. Afg’onistondagi vaziyatni barqaror etish maqsadida Bishkekda muloqot maydonchasi tuzish haqida ham tashabbuslar o’rtaga otilgan”, - deb davom etadi olim.
Mahalliy mutaxassislar nazarida, Markaziy Osiyo davlatlari orasidagi ba’zi kelishmovchiliklar Birlashgan Millatlar Tashkiloti diqqatini jalb qilmoqda.
Bu BMT rahbarining mintaqaga ilk tashrifi. Ne bo’lsada Qirg’iziston jamoatchiligi ushbu safar o’z samarasini berishiga umid bog’laydi.