Jo Bayden uchinchi bor prezidentlikka harakat qilmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Demokratlar partiyasidan prezidentlikka nomzod, sobiq vitse-prezident Jo Bayden Oq uyga uchinchi bor harakat qilmoqda, ammo nomzodlikni ilk bor qo’lga kiritdi.

G’alaba qilib 2021-yilning yanvarida qasamyod ketirsa AQShning 46-prezidenti bo’ladi. 78 yoshida AQShning eng keksa rahbariga aylanadi. Amaldagi Prezident Donald Tramp 74 yoshda.

Bayden Trampning “yo’ldan ozgan” ma’muriyatiga chek qo’yishga intilayotganini aytib kelmoqda.

Buni ham ko'ring Saylov-2020: Prezidentlik poygasi va texnologiya

“Amerikaning ruhi uchun kurashdamiz”, - deydi Bayden veb saytida. – Kimligimizni eslash vaqti keldi. Biz amerikalikmiz: kuchli, bardoshli, doim umidga to’la. Bir-birimizga hurmat bilan munosabatda bo’lish, o’rta sinfni yaratish, aql bovar qilmaydigan darajada vakolatlar suiiste’mol qilinayotganiga qarshi kurashish, yaxshi kunlar hali oldinda ekanini yodda tutish vaqti keldi”.

Bayden Trampni erkin dunyoning layoqatsiz rahbari deb biladi.

“Jahon sahnasida obro’li, vatanda arzirli liderlik fursati yetdi”, - deydi u.

Ammo koronavirus pandemiyasi sharoitida Bayden olib borayotgan saylov kampaniyasi AQSh zamonaviy tarixidagi hech bir poygaga o’xshamaydi. U ishni, asosan, Delaver shtatidagi uyidan olib bormoqda. Nutqlar va siyosiy muhokamalar uchun ba’zida shtatning eng katta shahri Vilmingtonga yoki Pensilvaniyaning Filadelfiya shahriga borib turadi.

Sobiq senator o’tgan uch oyda bir marta matbuot anjumani o’tkazdi. Koronavirusni yuqtirmaslik va uning tarqalishiga hissa qo’shmaslik uchun saylov yig’inlarini o’tkazmaydi.

Shaxsiy hayot

Delaver va Sirakyuz universitetlarini bitirgan Jo Bayden 1972-yilda 29 yoshida Senatga saylangan eng yosh qonunchilardan biri edi. Saylovdan bir necha hafta o’tib oila fojia bilan yuzlashdi – Baydenning rafiqasi Neyliya va bir yoshli qizi Naomi avtohalokatda halok bo’ldi.

Bayden ikki o’g’lini tarbiyalash uchun senatorlikdan voz kechish haqida o’yladi, biroq har kuni Delaverdan Vashingtonga poyezdda qatnashni boshladi. Shu tariqa 36 yil davomida ishga qatnadi.

Birinchi rafiqasining o’limidan bir necha yil o’tgach Bayden kasbi o’qituvchi bo’lgan Jill Treysiga uylandi. Ularning bir qizi bor. Bayden 1987 va 2007-yilda prezidentlikka harakat qilib, nomzodlikka erisholmadi.

Buni ham ko'ring Tramp, Bayden va yaqinlashayotgan saylov

2007-yilda poygani tark etgan Baydenni Barak Obama vitse-prezident etib tanladi. Ular 2008-yilda saylanib, 2012-yilda yana bir muhlatni qo’lga kiritdi. Bayden jami sakkiz yil vitse-prezident bo’lib ishladi.

Tashqi siyosat

Senatda Jo Bayden Tashqi aloqalar qo’mitasi a’zosi va ikki bor raisi bo’ldi. 1991-yilda Fors ko’rfazi urushiga qarshi, 2003-yilda esa Iroqni bosib olishni yoqlab ovoz berdi. 1994-yilda AQSh va NATO kuchlarining Bosniyadagi amaliyotini qo’llab-quvvatladi.

Vitse-prezidentligi davrida Bayden AQShning Iroqqa nisbatan siyosatini, jumladan, 2011-yilda qo’shinlarni olib chiqish qarorini belgilashda qatnashdi. NATOning 2011-yilda Liviyaga harbiy aralashuvini ham qo’llab-quvvatladi.

Senatdagi uzoq yillik faoliyati davomida Bayden jinoyatchilikka qarshi qonunlar, xususan, hujumkor qurollarni taqiqlash loyihasini ishlab chiqishda muhim rol o’ynadi. Taqiq 2004-yilgacha, ya’ni 10 yil davom etdi, ammo yangilanmadi. Aybi isbotlangan jinoyatchilarni qattiq jazolash tarafdori bo’lgan Bayden bugunga kelib fikrini o’zgartirgan.

“Amerikada haddan ziyod odam panjara ortida, ko’pchiligi qora tanli va boshqa ozchilik guruh vakillari”, - deydi u.

Ayollarga qarshi zo’ravonlikni to’xtatish to’g’risidagi qonun qabul qilinganini u senatorlik davrining eng muhim yutuqlaridan biri deb hisoblaydi.

Tanqidchilar 1991-yilda Oliy sudyalikka nomzod Klarens Tomasni tasdiqlash bo’yicha tinglov qanday olib borilganidan hanuz norozi. O’shanda Anita Xill ismli afro-amerikalik huquqshunos ayol hamkasbi Tomasni jinsiy tegajog’likda ayblagan. Tomas ayblovni rad etgan. Biroq Senatning Adliya qo’mitasi raisi bo’lgan Bayden qo’shimcha guvohlarni chaqirishdan bosh tortgan.

Bayden raislik qilgan tinglov o’shanda xotin-qizlar guruhlari va liberal faollar tomonidan keskin tanqidga uchradi. Klarens Tomas nomzodi ovozdan o’tgan va u bugun ham Oliy sudning eng konservativ a’zolaridan biridir. 2019-yilda Bayden Anita Xillga qo’ng’iroq qilib uzr so’radi.

Platforma

Jo Bayden prezidentligi Obamaning sakkiz yillik boshqaruvini aks ettirishi mumkin. Bu degani, irqiy tenglik, xotin-qizlar huquqlari va xalqaro hamkorlikni e’tirof etuvchi progressiv g’oyalar olg’a suriladi.

Ko’p tomonlama shartnomalar AQSh manfaatlariga zid, deya Donald Tramp to’rt yilda savdo, yadro qurollari va iqlimga oid kelishuvlarni tark etgan bo’lsa, Bayden Amerikaning xorijdagi mavqeini tiklashga urinishi aniq.

Bayden Kongressda muxolif partiya a’zolari bilan til topisha oladigan qonunchi sifatida tanilgan edi. Prezidentlik poygasi davomida uni ba’zilar bugungi Demokratik partiya g’oyalaridan orqada, yetarlicha progressiv emas, deya tanqid qiladi. Bu gaplar asossiz, deydi nomzod.

Bayden Obama davrida erishilgan yutuqlarga, jumladan, tibbiy sug’urta tizimi kengaytirilgani, bir jinsli nikohlarga yo’l berilgani va avtosanoat hukumat yordami bilan krizisdan saqlab qolinganiga e’tibor qaratmoqda.

Uning ta’kidlashicha, Tramp koronavirusga qarshi kurashish o’rniga unga taslim bo’ldi.

“Chalkashlik va diskriminatsiyaga olib kelgan siyosiy tomoshani va yolg’on ma’lumot tarqatishni bas qilish kerak. Sog’liqni saqlash sohasidagi qarorlarni siyosatchilar emas, soha mutaxassislariga qo’yib bergan bo’lardim”, - deydi demokrat.

Tramp “Twitter” tarmog’ida tanqidchilarini mazax qilish va raqiblariga hujum qilishni odat qilgan bo’lsa, Baydenning og’zaki xatolari Trampga uni “aqlan zaif” deb tanqid qilish imkonini bermoqda.

Buni ham ko'ring Tramp, Bayden Xitoy va kelajak ustida tortishmoqda

Nutqlaridan birida Bayden prezidentlik o’rniga Senat uchun kurashayotganini aytdi. Boshqa gal koronavirusdan o’lganlar haqida gapirayotib, 120 ming deyish o’rniga 120 million deb raqamlarda adashdi.

“Shunday ahmoqona gaplarni men aytsam, soxta OAV qahr bilan izimga tushgan bo’lardi. Bular oddiy xatolar emas”, - deb yozdi Tramp “Twitter” sahifasida.

Bayden keksalikda zehni pasaygani haqida so’ralganda, shunday javob berdi:

“Meni kuzatib yursangiz kifoya. Mening va raqibimning kognitiv qobiliyatini solishtirib ko’rishsin”.

Ikki nomzod o’rtasida sentabr va oktabr oylarida yuzma-yuz uch debat o’tishi rejalangan.