8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni. Bir asrlik tarixga ega bu ayyom nafosat va go’zallik bayrami. Ayollarga hurmat-ehtirom ko’rsatiladigan kun. Ularning jamiyat taraqqiyotiga qo'shayotgan hissasi alohida tan olinadigan kun.
Xotin-qizlar hayoti bugun qanday ekanini esa ularning o’zi yaxshi biladi. Shu bois vatanda va chet elda turli sohalarda faoliyat ko’rsatayotgan ayollarga murojaat qilib, ulardan zamon haqidagi fikrlarini so’radik.
Yurt notinch bo’lsa buning azobini ayniqsa xotin-qizlar tortadi. O’shlik Nora Soipova bu yilgi 8 mart kimga ham tatirdi deydi. Har yili guldasta va qahqaha bilan nishonlanadigan ayyom bu yil bag’oyat ma’yus qarshilanmoqda.
Ayollarning o’tgan yilning uyun oyida yuz bergan qirg’in va uning dahshatli asoratlaridan o’ziga kelishi juda, juda qiyin kechadi, deydi uzoq yillar hamshiralik qilgan, keyinchalik huquqshunoslik sohasini egallab, advokat bo’lib ishlagan bu ona.
Nora Yusupova, O'shlik Ona, Tibbiyotchi, Huquqshunos
"Erkaklarimiz ayollar uyda qolmasin deb bizni O’zbekiston tarafga, chegara tomonga yubordi. Hamma ayollar, bola-chaqa, kattalar ketdi.
Boshimdan o’tgan narsalarni aytib bersam… O’zbekiston chegarada to’rt metrlik chuqurlik kavlab tashlagan ekan, singlim. Unchalik bo’lishi kerak emasda endi, inson. Shu to’rt metrlik chuqurlikka, singlim, katta yoshdagilar, bolalar tushib, yiqilib, narigi tomonga o’tgunicha, qancha qancha odam o’ldi. Ko’z oldimda. Qo’shnim bor edi, bir opam, o’sha kishi jon berdi. Chuqurlikka tushib ketib, yuragi yorilib o’ldi. Shunday ko’z oldimizda. Qancha go’daklar oyoq ostida qolib ketib nobud bo’ldi. Haligacha bu narsa ko’z oldimda turibdi. Unuta olmayman bularni, hech qachon. Undan tashqari urush paytida zo’rlangan ayollarni ko’rpa-to’shakka o’rab oldimizdan olib ketishayotgan edi, Andijondagi kasalxonalarga…
Iyun voqealaridan oldin oilaning g’ami ayollar yelkasida edi. Erkaklarga ish yo’q. Odamlar oldi-sotdi bilan tirikchilik qilishar edi. Qorasuv bozor bor edi, masalan. Hozir bu bozor bo’m-bo’sh, hamma ketgan. O’shda tanigan, bilgan odamlarimning hammasi butun dunyoga tarqab ketdi. Ayollar ham shu qatorda ketib bo’ldi har yoqqa. Ishlaydiganlar, mehnat kuchi asosan ayollar edi. Mana endi Rossiyadek joylarda sargardon bo’lishib, mana Turkiyada sargardon bo’lib yurishibdi. Qanchasi qochoq bo’lib yuribdi. Bu yili 8 mart qanday nishonlanadi, bilmayman. Ilojimiz yo’q. To’rt oydan beri Turkiyadaman. Ko’plar shu yerda. Bir necha ayolimiz turklar bilan turmush qurdi mana. Qirg’izistonga qayta olmaymiz, chunki bilamizki, biz uchun u yerda hayot yo’q. Men bolamning kelajagi uchun harakat qilishim kerak-da".
Uch yil qamoqda o’tirib, xalqaro hamjamiyat bosimi ostida ozod etilgan, vatanni tark etishga majbur bo’lib, 2009 yildan beri Fransiyada yashayotgan huquq faoli, Mo’tabar Tojiboyeva fikricha bugunning ayoli har tomonlama adolatsizlik, tahqir va shafqatsizlik qurboni.
Mo’tabar Tojiboyeva, Marg'ilonlik Ona, Huquq Faoli
"Bugungi o’zbek ayolining taqdiri haqida gapiradigan bo’lsak, bugun hukumat olib borayotgan siyosat va nima deyayotganiga e’tibor bersangiz, go’yoki mamlakatda ayol uchun jannatdek sharoit yaratib bergandek tuyuladi. Afsuski bu yolg’on. Chunki aslida o’zbek ayoli bolalariga bir burda non, bir kosa issiq ovqat topish uchun boshidan ne balolarni kechirayotgani haqida O’zbekiston hukumati bilishni ham xohlamaydi.
O’zbek ayoli bugungichalik xor bo’lmagan. Ular uchun yaratilgan ishchi o’rinlari korrupsioner mansabdorlar tomonidan pullanib, talon-taroj qilinib, boshqalar singari ayollar ham ishsiz qolishdi. Ayollar bolasini boqish uchun hatto tanasini sotishga majbur bo’ldi. Mardikorlik qilayotgan ayollar, turli mamlakatlarda qora ishlar qilib yurgan ayollar taqdirini o’ylasangiz ichingiz og’riydi. Qirg’iziston fojiasida jabr tortgan ayollar haqida o’ylasangiz, gapirishga til ojiz".
Me’morchilik sohasida ishlab pensiyaga chiqqan Marfua To’xtaxo’jayeva - jinsiy tengsizlik, xotin-qizlar hayotini yaxshilash, ular yuzlashayotgan muammolarni bartaraf etish uchun nima qilmoq zarurligi haqida bir necha kitob va maqolalar yozgan.
Mutaxassis 1995-2005 yillar orasida Toshkentda Ayollar Resurs Markazi degan tadqiqot maskanini boshqargan. Tashkilot hukumat bosimi ostida yopilib ketdi.
O’zbekiston hukumati bu borada faqat o’zi tuzgan idoralar shug’ullanishini istaydi, deydi u, lekin bu kengashu uyushmalar jamiyatni, ayniqsa xotin-qizlarni uzoq davrlardan beri qiynab kelayotgan nozik masalalarni ko’tarib chiqmayapti.
Marfua To'xtaxo'jayeva, Toshkentlik Ona, Arxitektor, Tadqiqotchi
"Xotin-qizlar tashkilotlari qancha ko’p bo’lsa shuncha yaxshi. Chunki muammolar ko’p. Hukumat tashkilotlari qatorida fuqarolar tomonidan tuzilgan tashkilotlarga ham talab bor. Hozirgi tashkilotlar birgalikda katta masalalarni ko’tarib chiqishga qodir emas. O’zbekistonda iqtisodiy sharoit og’ir. Ishsizlik keng tarqalgan.
Iqtisodiy shart-sharoit o’zgargan sari odamlarning hayot tarzi ham o’zgarib boradi. Lekin biz o’sha eski urf-odatlarga bog’lanib qolganmiz. Urf-odatlarga til tekkiza olmaymiz, chunki ular muqaddas deymiz. Lekin zamon o’zgarar ekan, biz eski odatlar bilan yashay olmaymiz axir. Bu urf-odatlarni tanqid qilgan odamga dushman deb qaraymiz. Bu noto’g’ri. Chunki urf-odat o’z vaqtiga mos ravishda paydo bo’lgan. Hozir esa boshqa vaqt. Shuning uchun ko’p urf-odatlardan voz kechish kerak.
Masalan to’ylarimiz. Dabdaba, sarpo, qancha mablag’. Hamma qiynalgan bir paytda shuncha pul shamoldek uchib ketadi. Yaxshisi pulni yoshlarga berib, zarur narsa uchun ishlat desak bo’lmaydimi? Biz esa qo’ni-qo’shnim nima deydi, qarindoshlar nima deydi deb yashaymiz. Mahallada falonchi mana bunday to’y qildi, men nimaga kam bo’lishim kerak degan gaplar bor. Shuni deb ayollar o’zini o’qqa ham, cho’g’ga ham urishadi. Qancha ayollarimiz chet elda noqonuniy ravishda ishlab, pul topib, vatanidagi oilasini boqish ilinjida yuribdi. Og’ir mehnat bilan o’sha pulni topishadi. Kimdir enaga bo’lib ishlaydi, kimdir qari odamlarga qaraydi. Kimdir qora ishda. Shuncha qiyinchilik bilan topilgan pul O’zbekistonda to’yda sarflanib, xuddi bir kunda yoqib yuborilgandek…
Yana boshqa urf-odatlarimizga ham tanqidiy ko’z bilan qarash kerak deb o’ylayman. Bu masalani xotin-qizlar tashkiloti ko’tarib chiqishi kerak, chunki ayollarimizni azaldan qiynab kelayotgan muammolar bular”.
Farg’ona vodiysida voyaga yetgan, oliy ma’lumotni Toshkentda olib, bolalar shifokori bo’lib ishlaydigan Muazzam Ibrohimova fikricha ayolga - ona, rafiqa, opa va singilga hurmat pasayib ketgan.
Muammolar cheksiz, deydi u, lekin hamma narsa izzat-ehtiromdan boshlanadi.
Muazzam Ibrohimova, Shifokor, Shoira
“Shifokorman, oldimga har kuni onalar keladi, bolalarini ko’tarib. Turmush tarzimizni yaxshilashimiz kerak. Ayollar uchun ijtimoiy himoya va boshqa imkoniyatlar bor, yo’q emas. Lekin ayol qadri tushib ketgan. Ko’chaga chiqing, qop ko’tarib yurgan onalarni ko’rasiz. Bugun bozorga bordim, shu ayollarni ko’rib, ichim og’riydi.
To’g’ri, kimdir o’qib ziyoli bo’lgan, kimdir boshqa yo’l-sohani tanlagan. Bola boqaman deb yurishibdi. Muhimi, pulimni halol topayapman deyishadi. Ammo nozik yelkalariga kattakon qopni orqalab qo’yish - to’g’ri kelmaydigan ish. Erkaklar ayollarni ota-bobolarimiz e’zozlagandek e’zozlashlarini xohlardim. Oldin bitta chelak ko’tartirishmagan. Darvozaning oldida chelak tursa, uni suvga to’ldirib olib kelib berishgan ayollarimizga. Hozir sinov uchun ham shunday qilib qo’ying, erkaklar qayrilmay o’tib ketadi.
Odamlar loqayd bo’lib ketgan. Avtobus-metroda onasi tengi ayollar turib ketadi, talabalar, yoshlar qulog’iga naushnik taqib olib, o’zini musiqa eshitganga olib, joy berishni bilmaydi. Befarqlikni yo’qotishimiz kerak, birinchi o’rinda. Erkaklar televizorning tagiga to’planib olib, futbol ko’rishadi. Ularga qarab, o’ylanib, bir she’r yozgan edim. Ijozatingiz bilan shuni o’qib bersam:
8- МАРТ БУГУН!
Футбол кўриб, гол санаб лаззат топган эркаклар,
Меҳримиздан султондек иззат топган эркаклар,
Чойхонага ҳар куни фурсат топган эркаклар,
8 МАРТ бугун эсингиздан чиқмасин!
Қани олинг бу нозик елкадаги қопларни,
Тез беркитинг жўякда қолган кетмон сопларни,
Энди малол олмангда малоли йўқ гапларни,
8 МАРТ бугун эсингиздан чиқмасин!
Ҳеч бўлмаса бир ўпиб қўйинг қадоқ кафтимиз,
Томорқаю, боғ–роғнинг дардин айтар тафтимиз
Тоғларни қулатгулик бўлса ҳамки шаҳдимиз,
8 МАРТ бугун эсингиздан чиқмасин!
Бош қашламанг пул санаб, қўйинг қиммат атирни,
Қийнаб қўйсак сизни гар, байрам-майрам татирми,
Бир қўл бола ош билан сийласангиз хотинни!
8 МАРТ бугун эсингиздан чиқмасин!
Рўзғор ғори чуқурда, охирлабди қопда ун,
Тандир тўла ёғлик нон ёпардима сиз учун,
Вой дадаси, бошқача жилмайяпсиз ҳар тугул.
8 МАРТ бугун эсингиздан чиқмасин!
Вой, нима бу – гулдаста! Маст қилдику ифори,
Гул атрила ариди дилгинамиз ғубори
Сиз уйимиз – бегисиз, бахтимизнинг тумори
8 МАРТ бугун эсингиздан чиқмасин!
Бугун қайтинг вақтлироқ йиғласа ҳам улфатлар,
Майли чала қолсиней чойхонада суҳбатлар,
Бир кунгина тарк этсин қалбимизни ғурбатлар.
8 МАРТ бугун эсингиздан чиқмасин!
Bolalar bilan ishlaganim uchun, ham ona, ham shifokor sifatida, onalar ezilib qolgani uchun ham bolalarning kasali ko’p deb hisoblayman. Uyda onaning kayfiyati bo’lmasa, farzandiga qarashga holi bo’lmasa, лuchi yetmasa, farzandiga butun mehrini bera olmasa, hech bir bola ma’nan, ruhan va jismonan sog’lom bo’la olmaydi. Shuning uchun, yana bir bor ta’kidlagim keladi, onalarning, bolalarning, kelajakning salomatligini ta’minlash uchun avvalambor ayolni ardoqlash kerak. Qora ko’zlarga butun mehrini bag’ishlashi uchun sharoit yaratib berishimiz kerak. Ziyolimi, oddiy xizmatchimi, dehqonmi, kim bo’lishidan qat’iy nazar, avvalo uning ayol va ona ekanini har doim eslab, uni e’zozlash kerak.
Gulday e’zozlang siz ayol qalbini,
Nozik yaprog’ida baxt tongi shabnam
Asrab avaylang siz, suyib erkalang,
Gulday to’kilmog’i mumkin ayol ham".
Umid qilamizki, 8 mart va yangilanish fasli bo’lmish bahor onalarimiz, opa-singillarimiz va shu tariqa butun jamiyat uchun faqat shodu-xurramlik, baxt-saodat, tinchlik-xotirjamlik olib keladi.