Yangi Ipak Yo'li ustida muzokaralar

Yangi Ipak Yo’li, deydi ekspertlar, bozor iqtisodiyotini rivojlantirishda yordam beradi. O'zbekistondek davlatlarga o'z mahsulotlarini yirik portlarga olib chiqish imkoniyatini yaratadi.

2014-yilning oxirigacha Afg’onistondan butun qo’shinini olib chiqishga bel bog’lagan Amerika nazarida, harakat qilinsa, bu mamlakat mintaqaviy savdo va tijorat markazi bo’la oladi.

Barqarorlikni ta’minlashning bir yo’li, deydi rasmiylar, Afg’onistonni Markaziy va Janubiy Osiyo uchrashadigan hududga aylantirish.

Transport, temir va havo yo’llarini uzaytirib va kengaytirib, Xitoydan Yevropagacha bo’lgan hudud orasida iqtisodiy hamkorlikni avj oldirish.

10 yildan beri Afg’onistonni terrorchilardan tozalay olmagan Amerika endi shuni orzu qilayaptimi, bu xomxayol, deya qo’l siltayotgan ekspertlar juda ko’p.

Yangi Ipak Yo’li deb atalayotgan bu loyiha aslida avvalgi prezident Jorj Bush davrida olg’a surilgan edi.

Lekin Afg’onistondagi notinchlik va boshqa siyosiy kelishmovchiliklar sabab u e’tibordan chetda qoldi. Prezident Barak Obama Afg’onistonni tark etish vaqtini belgilagach, Davlat departamenti, tashqi ishlar vazirligi, bu loyiha haqida gap ochdi.

Shu yilning iyul oyida Davlat kotibasi Xillari Klinton Hindistonning Mumbay shahri, tijoriy markazdan turib, Janubiy va Markaziy Osiyo davlatlarini tijoriy hamkorlikni oshirish va shu tariqa Afg’oniston qayta oyoqqa turishi uchun hissa qo’shishga chaqirdi. Javob qanday?

Fred Starr, Vashingtondagi Jons Xopkins Universiteti professori, mintaqashunos olim, Buyuk Ipak Yo’li haqida kitoblar yozgan va asrlar davomida xalqlarni boqqan bu tijorat tizimini yangilash mumkin deb kelayotgan ziyolilardan.

Starr bu loyiha samara berishiga ishonadi. Lekin, deydi u, bu tegishli davlatlardan kuchli iroda va istak talab qiladi. Amerika sarmoya yotqizishi, diplomatik va texnik ko’mak ko’rsatishi mumkin, ammo Yangi Ipak Yo’lini Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari bir yoqadan bosh chiqargan holda barpo etadi.

Afg’oniston bilan o’zaro aloqalarini mustahkamlayotgan O’zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg’iziston va Qozog’iston Amerikaning bu boradagi chaqiriqlariga javob berishga shoshmayapti. Xitoy, Hindiston va Pokiston bilan savdo rishtalari kun sayin kengayib borayotgani ta’kidlanadi.

Yangi Ipak Yo'li ustida muzokaralar

Afg’oniston prezidenti Hamid Karzayning iqtisodiy masalalar bo’yicha bosh maslahatchisi Sham Batija loyiha tahsinga sazovor deydi.

“Tinchlik va farovonlikni orzu qilib yashayotgan afg’on xalqi mehnatdan qochmaydi, qo’shni davlatlar birgalikda sheriklik qilib, savdo-tijorat oshsa, biz tayyor”, - deydi u. “Hozirda Afg’oniston hukumati o’z savdo strategiyasini tuzib chiqmoqda”,- deya qo’shadi u. Pokiston bilan yaqinda qator bitimlar imzolandi. Turkmaniston gazini Afg’oniston osha Pokiston va Hindistonga yetkazish borasida kelishuv bor. “Yaqin kelajakda bir davrada o’tirib, maslahatlashamiz”, - deydi Batija.

Osiyo Taraqqiyot Banki Yangi Ipak Yo’li g’oyasini quvvatlayotgan xalqaro tashkilot va donorlardan biri.

O’tgan 10 yil ichida Afg’oniston taraqqiyoti uchun qariyb bir milliard dollar ajratildi. Bu mablag’ bilan uzoq muddatli proyektlar boshlangan, deydi bankning mintaqaviy rahbari Xuan Miranda (Juan Miranda). Masalan, CAREC (Central Asia Regional Economic Cooperation – Markaziy Osiyo Mintaqaviy Iqtisodiy Hamkorligi) nomli loyiha asosida 10 davlat birga ish olib bormoqda. Afg’oniston, Ozarbayjon, Xitoy, Qozog’iston, Qirg’iziston, Mongoliya, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va O’zbekiston. G’arbu-sharq orasida yangi savdo yo’llari vujudga kelmoqda, deydi Xuan Miranda.

Yangi Ipak Yo'li ustida muzokaralar

“Mintaqaviy hamkorlik, qo’shnilar orasidagi rishtalar qanchalik muhim ekanini unutmang. Markaziy Osiyo respublikalari dengizga chiqmoqchimi, Afg’oniston orqali Pokiston portlariga chiqish mumkin. O’z mahsulot va tabiiy boyliklaringizni jahon bozoriga osonroq olib kirasiz”,- deydi Miranda.

Yangi Ipak Yo’li, deydi u, bozor iqtisodiyotini rivojlantirishda yordam beradi. Chegara va boj tizimlarini effektiv va osonroq ishlashga majbur qiladi. Bu bilan esa yuk tashish, turizm va qatnov ham yengillashadi, deydi Osiyo Taraqqiyot Banki vakili.

AQShning iqtisod, energetika va qishloq xo’jaligi bo’yicha bosh diplomati Robert Xormats ushbu loyiha ortida turgan rasmiylardan biri.

Afg’oniston oldin butunlay tinchisin, keyin bir gap bo’ladi deyayotgan bo’lsangiz, sizni tushunamiz, deydi u.

Biroq, deydi diplomat, bu o’lka uzoq muddatda barqaror bo’lishi uchun uning atrofidagi davlatlar ham say-harakat qilishi lozim.

Iqtisod rivojlansa, xalq oldida yangi imkoniyatlar paydo bo’ladi, odamlarning kelajakka umidi oshadi.

Yangi Ipak Yo'li ustida muzokaralar

O’zbekiston hozir bu mamlakatning katta qismini elektr quvvati bilan ta’minlamoqda, infratuzilma barpo etishda yordamlashmoqda. Xitoy katta sohalarga sarmoya olib kirmoqda. Mana shunday ishlarni davom ettirish va bu mamlakat orqali o’zaro aloqalarni yaxshilash mumkin.

To’g’ri, deydi Robert Xormats (Hormats), Afg’oniston oldida murakkab vazifalar turibdi: korrupsiyaga qarshi kurash, ichki tizimlarni oyoqqa turg’azish, ta’lim va maorifni rivojlantirish, xalqni boqayotgan asosiy soha- qishloq xo’jaligini taraqqiy ettirish.

”Biz qo’shinlarni olib chiqamiz, lekin Afg’onistonni o’ziga tashlab qo’ymaymiz. Sarmoya to’xtamaydi, yordam davom etadi. Biz Yangi Ipak Yo’lida xotin-qizlar muhim rol o’ynasin deymiz. Xitoylarda bir hikmatli so’z bor: “Kurrai zaminning yarmini ayollar ushlab turadi”. Ayol tijoratchilar, tadbirkor va ishbilarmonlar uchun alohida imkoniyatlar yaratish kerak”,- deydi Amerika diplomati.

Loyiha uchun donorlar g’arbu-sharqdan birdek izlanmoqda. Yil oxiriga borib Germaniyaning Bonn shahrida katta anjuman bo’ladi. O’sha yerda Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari rahbarlari bu borada bir kelishuvga keladi degan umid bor. Donorlar ana undan keyin yig’iladi, deydi Robert Xormats.

Afg'onistondagi bugungi hayotni aks ettirgan suratlar bilan tanishing