Jorj Vashington universitetining Markaziy Osiyo bo'limi o'tkazgan virtual anjumanda Pittsburg universiteti professori Jennifer Murtazashvili deydiki, O'zbekiston hukumati koronavirus pandemiyasi davrida misli ko'rilmagan darajada sinovdan o'tmoqda. Iqtisodiy-ijtimoiy muammolar, qashshoqlik va moliyaviy yetishmovchiliklar mamlakatda bunchalik e'tiborda bo'lmagan, deydi ekspert.
Pandemiya oldidan qashshoqlikka qarshi kurash, taraqqiyot borasida ishlash uchun alohida vazirlik tuzilgan edi. O'tgan uch oy nafaqat bu organ, balki butun tizim va xalq uchun real imtihon bo'ldi, deya kuzatadi Murtazashvili. Olima baho berishga shoshmaydi, lekin qator ijobiy va salbiy qadamlarni sanab o'tadi.
Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida to'g'on o'pirilishi fojia ekan, deydi professor, boshida omma hukumatga ijobiy ko'z bilan qarab, unga tayandi.
Lekin masala oydinlashib, gap korrupsiyaga taqalgach, odamlar orasida hukumatga nisbatan ishonch qanchalik past ekani ham sezildi. Ya'ni, infrastruktura zaifligi yulg'ichlik, mas'uliyatsizlik hamda tizimdagi javobgarsizlikka bog'liq va javobgarlarning qutulib ketishi ehtimoli baland. Jamoatchilik fikrini o'rgansak, xulosa shunday, deydi olima.
So'x anklavidagi etnik ziddiyatlar - hukumat uchun yana bir sinov. Asosiy hududidan olisdagi bu tuman ravnaqi va tinchligi uchun Toshkentdagi markaziy boshqaruv nima qila oladi? Farg'ona viloyati rahbariyatining faoliyati bu qadar kuzatuvda bo'lmagan, deydi Murtazashvili, mavzu yuzasidan qizg'in muhokamalarga ishora qilib.
Hokim Shuhrat G'aniyevdan norozilar ko'p ekani, ular global tarmoqda bu norozilikni yashirmayotgani, O'zbekiston ahli bugun hokimlarga boshqacha ko'z bilan qarab, ulardan ko'proq hisobot va samara talab qila boshlagani - mamlakatdagi siyosiy-ijtimoiy o'zgarishlardan darak, deydi professor, lekin bu bilan muammolar hal bo'lib qolayaptimi?
Jurnalist Nikita Makarenko nazarida pandemiya boshlanayotgan paytda O'zbekiston bu qiyinchilikka qanchalik bardosh bera oladi, vaziyatni nazorat ostida ushlay oladimi degan xavotir kuchli edi.
"Mamlakat bu sinovdan o'ta oldi", - deydi Makarenko, Jorj Vashington universiteti anjumanida gapirar ekan.
"Fuqaro jamiyati, ommaviy axborot vositalari, hukumatning tegishli organlari - hamma o'z ishini qilishga harakat qildi va aholiga zarur axborotni berish biz kutgandan ham tekisroq o'tdi", - deydi jurnalist.
Sardobadagi fojiani yoritishga borgan mutaxassis biror to'siqqa uchramagan, bemalol axborot yig'a olgan. Matbuot xodimlari uchun sharoit talabga javob berdi, deya tasvirlaydi Makarenko.
"Jamoatchilik kayfiyati qanday deb so'rasangiz, ancha yuqori", - deya baholaydi u.
"Qiyinchiliklar ko'p albatta. Hech kimga hozir oson emas... Pandemiya muammolarni ko'paytirdi, chuqurlashtirdi. Ularning yechimini topish hozir ayniqsa murakkab, biroq ko'plar bu sinovlarga chidab berayotganiga guvohmiz".
"Hukumat siyosiy yechimlarni targ'ib qilishga ularni amalga oshirishdan ustaroq. Ya'ni, tiizim muammoni tan olib, qanday natijaga erishmoqchi ekanini qanchalik tushuntirmasin, uddasidan chiqa olmayapti, chunki yechim jarayoni hali ham eski va qoloq... Shu bois qarorlar e'lon qilinib, va'dalar berilgach, samaradan darak yo'q".
Makarenko Sardobada nima bo'lgani yuzasidan tekshiruv natijalarini kutmoqda.
Korrupsiya asosiy omil ekani aniq, deydi u. Lekin aynan kim aybdor, nima uchun to'g'on yorildi va aholi hayoti nega bu qadar xavf ostida qoldi? Konkret javoblar zarur.
Jurnalist tahlilicha, O'zbekistonda fuqaro jamiyati rivojlanmoqda. Ko'ngilli xizmat madaniyati, yoshlar faolligi, odamlar hamma ishni hukumatdan kutib o'tirmay, o'zlari dadil harakat qilayotgani, masalalarga nisbatan o'z yechim va tashabbuslari bilan chiqayotgani, mahalliy hokimliklar va markaziy hukumat ularni ko'p hollarda quvvatlab, birga ishlayotgani - bular hammasi ijobiy o'zgarishlar, deya sharhlaydi Makarenko.
Pandemiya davrida qiynalgan oilalar va Sardoba jabrdiydalariga O'zbekistonda odamlar yoppasiga yordam berib, xayriya va insonparvarlik ko'magi yig'ishga bel bog'lagani buning yaqqol misoli, deydi jurnalist. Bu tashabbuslar hamon davom etmoqda, deydi u.
Makarenko o'zbek tili maqomi bo'yicha bahs-munozaralarga ham diqqat qaratib, ularni muhim jarayonlar deb ataydi. O'zbekistonda o'zlik, milliylik, qadriyatlar va til xususidagi debatlar odamlarni kelajak haqida jiddiy o'ylantirib, birdamlik va hamjihatlikka yetaklashi lozim, deydi u.
Amerikalik tahlilchi Noa Taker karatin tufayli ikki oy O'zbekistonda qolib ketdi. Davlat rahbari o'zgarganidan beri mamlakatga besh marta safar qilgan ekspert deydiki, koronavirusga jiddiy qaraldi, chora-tadbirlar sistematik tatbiq etildi.
Ko'chalarda militsiya va harbiylar soni oshib, nazorat kuchaygani boshida salbiy hol sifatida ko'rindi. Biroq ular bilan gaplashib, tekshiruvlarni kuzatib, Takerning hozirgi xulosasi shuki, ular bugun ancha professionallashgan. Odamlar bilan muomalasi, tekshiruv jarayoni va umumiy yondashuv oldingida qaraganda ancha ijobiy, deydi u.
Uningcha, karantin paytida mlitsiya va xavfsizlik kuchlari poraxo'rlikka berildi deyish uchun asos yo'q, lekin tizimda islohotlar davom etishi va tub muammolarga qarshi choralar ko'rilaverishi kerak.
Bu mutaxassis fikricha, hukumat oshkoralik tomon qadam tashlab, ma'lumot va hisobotlar berib borayotgani albatta omma e'tiborida va olqishga sazovor. Ammo Taker informatsiya sifatini savol ostiga qo'yadi va tekshiruv-tahlilga ko'proq diqqat qaratish lozim, deya tavsiya qiladi.
O'zbekiston ko'p jihatdan to'g'ri yo'lda, deydi Taker, lekin informatsion nazorat, korrupsiya yuqori ekani; huquq-tartibot, adliya va umuman hukumatga ishonch hamon past ekani - jiddiy e'tiborga molik omillar.
Ishsizlik - O'zbekiston uchun eng dolzarb muammolardan biri. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga ko'ra, ishsizlar soni hozirda 2 million atrofida. Rossiyadan qaytib kelganlar hisobiga ular qairyb yarim millionga ortgan. Hukumat yangi dasturlar ustida ishlab, imkoniyatlar yaratishga bel bog'laganini eslatmoqda.
Iqtisodchi Behzod Hoshimov taxminicha, joriy yilda O'zbekistonda iqtisodiy o'sish 1 foizda bo'ladi.
Pandemiyadan oldin hukumat va xalqaro moliyaviy institutlar 2020-yilda mamlakatda 5-6 foiz o'sishni kutayotgan edi.
Yaqin kelajakda ishsizlik ko'lami yanada kengayadi va ish o'rinlari talabga javob beradigan darajada yaratilishi amri mahol.
Jahon banki va Xalqaro Valyuta fondi taxminicha ham respublika iqtisodiyoti, boshqalar davlatlarniki singari kichrayishda davom etadi.
Davlat qarz olishga majbur, lekin olingan qarz asosan sog'liqni saqlash va davlat kompaniyalari uchun sarflanmoqda. Aynan qashshoqlikka qarshi, aholi iqtisodiy talabini qondirish uchun ko'p moliya ajratilmayapti, deya kuzatadi Hoshimov.
Koronavirusga qarshi chora ko'rish uchun tuzilgan fond chetdan olingan qarz evaziga ish boshladi, lekin bu mablag' boshqa maqsadlar uchun yo'naltirilgani, Hoshimov tahlilicha, afsuslanarli hol.
"Hukumat bugun ancha oshkora ishlayotgani uchun ham bu borada bilamiz", - deydi ekspert.
Pandemiyaning keyingi to'lqinlarining oldini olish, qanchalik harakat qilinmasin, oson emas. Mamlakat ochila boshlagan, yangi infeksiya hollari ko'p, aholi yangicha shart-sharoitga moslashishga majbur.
Chunki tirikchilik talabi hammasidan yuqori, deydi Makarenko.
Professor Murtazashvili bugungi O'zbekistondagi siyosatni shunday ta'riflaydi:
"Hukumat siyosiy yechimlarni targ'ib qilishga ularni amalga oshirishdan ustaroq. Ya'ni, tizim muammoni tan olib, qanday natijaga erishmoqchi ekanini qanchalik tushuntirmasin, amalga oshirishning uddasidan chiqa olmayapti, chunki yechim jarayoni hali ham eski va qoloq... Shu bois qarorlar e'lon qilinib, va'dalar berilgach, samaradan darak yo'q".
Olima muammolarni hal qilish jarayoni, sistematik qadamlar ustida ko'proq ishlash kerakligini uqtiradi. Islohotlar samarasini belgilovchi asosiy omil shu, deydi Murtazashvili.
Jorj Vashington universiteti davra suhbatida so'zlaganlar O'zbekistonda islohotlar davom etayotganiga ishonadi. Lekin iqtisodiyotdan tortib ta'lim va matbuotgacha, jarayonlarni boshqarish, islohot dasturlarni amalga oshirish uchun zarur texnik va siyosiy iqtidor, uslub va usullar zaif va past.
Shu borada progress bo'lmaguncha ulkan o'zgarishlar kutish qiyin, deya ta'kidlaydi Murtazashvili.
Rasmiylar, xususan yuqori lavozimlardagi va viloyatlardagi mansabdorlar, bu xulosaga qo'shiladi. Tub muammo amaliyot bilan bog'liq, malaka va tajriba yetishmaydi, deydiganlar ko'p.
Murtazashvili singari ekspertlar O'zbekistonga davlat boshqaruvi va siyosiy amaliyot bo'yicha yangicha maktablar zarur deb hisoblaydi.