Azimjon Asqarovning O’zbekistonda dafn etilishiga doir vasiyati Toshkent va Bishkek murosasiga bog’liq qolmoqda. O’zbekistonning Qirg’izistondagi elchixonasiga ko’ra, Asqarovning respublikadagi qarindoshlari jasadni olib o’tishni iltimos qilayotgani ruxsat berish uchun asos emas.
Elchixonaning “Amerika Ovozi”ga bildirishicha, Asqarov Qirg’iziston fuqarosi, diplomatik vakolatxona uni O’zbekistonda dafn etishga doir murojaatni qanoatlantira olmaydi. Bu masala Qirg’iziston rasmiy idoralaridan murojaat tushgan taqdirdagina ko’rib chiqilishi mumkin, ammo bu ham ruxsat beriladi degani emas.
“Biz murojaat bo’ldi, Asqarovning qarindoshlaridan. Biz bu masalani Toshkent bilan ham maslahatlashdik. Bu yerda o’ziga yarasha xalqaro huquqiy me’yorlar, tartib bor. Bu masalada elchixona bir tomonlama qaror chiqara olmaydi. Ehtimol, davlatga qarashli biror rasmiy tashkilotdan murojaat bo’lganda boshqa edi. Azimjon Asqarov Qirg’iziston fuqarosi bo’lganligi uchun biz bu masalani bir tomonlama hal qilolmaymiz. Qolaversa, Azimjon Asqarovga doir sud ishlari ham Qirg’iziston idoralari vakolati doirasida”, - deydi O’zbekistonning Qirg’izistondagi elchixonasi vakili.
Buni ham ko'ring Qirg'iziston: O'zbek faoli Azimjon Asqarov qamoqda olamdan o'tdiTaniqli huquq himoyachisi, mustaqil jurnalist, O'sh va Jalol-Obodda 2010-yil yozida yuz bergan qonli voqealarda ayblanib, bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilingan Asqarov 25- iyul kuni Qirg’iziston qamoqxonasida vafot etdi.
BMT va boshqa xalqaro huquq tashkilotlar Asqarovni aybsiz deb hisoblab, Qirg’iziston hukumatini uni zudlik bilan ozod etishga chaqirib kelayotgan edi.
70 yoshga yaqinlashgan Asqarovning qamoqxonadagi o’limi xalqaro hamjamiyatni taassufda qoldirdi. Turli tashkilotlar bir necha kun oldin Bishkekka xat yozib, mahbusning sog'lig'i og'ir, unga shafqat ko'rsatib, erkinlik bering, deya so'ragan edi.
Ichki ishlar tizimidagi qiynoqlar va adolatsizliklar haqida ma'lumot to'plagan Asqarov militsiyaga qarshi jinoyat va etnik nafrat urug'ini sochganlikda ayblanib sudlangan. Lekin o'tgan 10 yil davomida bayon qilingan asosiy xulosa shuki, Asqarov aynan o'zbekligi uchun qamalgan va jazolangan. Buni Qirg'izistonga hamkor mamlakatlar, jumladan G'arb davlatlari va qo'shni O’zbekiston ham bilar edi.
Ammo Toshkent Qirg’izistonda o’zbeklarni etnik qirg’indan asrashga harakat qilgan Azimjon Asqarovning himoyasi uchun biror ochiq so’z aymagan.
Asqarovning so’ngi iltijosi uni O’zbekistonda dafn etish bo'lgan. Lekin hozircha O'zbekiston hukumati bu vasiyatga ham befarq ko‘rinadi.
Buni ham ko'ring YXHT Azimjon Asqarovning o’limidan taassufdaO’zbekistonlik jurnalist, huquq himoyachisi Nosir Zokirning aytishicha, Asqarov nafaqat Qirg’izistondagi o’zbeklarga, balki Andijon fojiasi paytida Qirg’izistonga qochib o’tgan o’zbekistonliklarga ham yordam ko’rsatgan.
“O’zbekiston tomoni Qirg’iziston bilan aloqalarni buzmaslik uchun Azimjon Asqarov masalasida o’ta ehtiyotkor. Ammo mendagi ma’lumotlarga ko’ra, bu masala Mirziyoyevning hokimiyatga kelishining dastlabki yilida Qirg’iziston sobiq prezidenti Almazbek Atambayev bilan o’tgan uchrashuvda gaplashilgan. Faqat qirg’iz tomonining, jumladan sobiq prezident Atambayevning javobi qanday bo’lgani ma’lum emas. Asqarovning taqdirida biror o’zgarish kuzatilmagani inobatga olinsa, javob ijobiy bo’lmagan. Azimjon akaning so’nggi vasiyatini ijobat bo'lishi, uning O’zbekistonda dafn etilishi juda muhim. Umid qilmanki, O’zbekiston hukumati bu borada ko’mak ko’rsatadi. Buni O’zbekiston jamoatchiligi, huquq himoyachilari ham qo’llab quvvatlashmoqda”, - deydi Nosir Zokir.
2010-yildagi xunrezliklar ketidan hibsga olinganlar va sudlanganning aksariyati o’zbeklar bo’lgan. Xalqaro tekshiruv etnik zo'ravonliklardan asosan o'zbeklar jabr ko'rgan, deya xulosa qilgan.
Bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilingan Azimjon Asqarovning ishi xalqaro tashkilotlar talabi bilan bir necha bor qayta ko’rildi, ammo har safar hukm o’zgarishsiz qoldirildi.
Asqarovning salomatligi yomonlashgani haqidagi xabarlarni qirg’iz rasmiylari inkor etib keldi.