Urushning ikkinchi kunida Ukraina va Rossiya kuchlari Kiyev atrofida to'qnashib, qon to'kilgan. Davlatlar orasida diplomatik aloqa butkul uzilgan. G'arb Ukrainaga favqulodda yordamni muhokama qilmoqda. Amerika NATO safidagi askarlariga yana 7000 qo'shadi.
25-fevral kuni davomida Kiyevda portlash ovozlari tinmagan. Poytaxtga kamida ikkita raketa tushgan. Ukraina Mudofaa vazirligi aholidan tashqariga chiqmaslikni va o'zini himoya qilishga tayyor turishni so'ramoqda.
"Urush ovozi va dahshati ichidamiz", - deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan kiyevliklar.
Polsha chegarasiga yaqin Lvovda ham favqulodda holat hukmron. Qator diplomatik vakolatxonalar Kiyevdan u yerga ko'chgan.
Ukraina rahbariyati Kreml bilan muzokaraga tayyor ekanini bildirmoqda, maqsad - neytrallikni ta'minlash, biroq u xavfsizlik kafolati talab qilmoqda.
"Urush to'xtashi shart", - deya bayon qildi prezident idorasi.
Rossiya esa Ukraina tomondan qurolni tashlab, taslim bo'lishni talab qilmoqda.
Bugun NATO a'zolari yangi choralar yuzasidan maslahatlashmoqda. Alyans Sharqiy Yevropadagi mudofaa tizimlarini shay holatga keltirgan.
AQSh Ukrainaga qo'shin yubormoqchi emas, ammo NATO doirasidagi kuchlari sonini oshirgan.
Ukraina NATO a'zosi bo'lganida bu urush bo'lmagan bo'lar edi, deydi tahlilchilar, chunki hozir alyans harbiy chora ko'rayotgan bo'lar edi. Ukraina NATOga kirishga intilayotgani uchun ham Rossiya uni jazolamoqda.
25-fevral kuni Nyu-Yorkda BMT Xavfsizlik Kengashida Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo'llab-quvvatlavchi, Rossiyani bosqinchilikda ayblovchi rezolyutsiya ovozga qo'yildi, biroq kengashning doimiy a'zo Rossiya unga veto qo'ydi, Xitoy esa hujjat yuzasidan ovoz bermaslikka qaror qildi.
Rossiya biror bir shartsiz mustaqil davlat sarhadini tark etishi lozim, deydi G'arb diplomatlari.
BMT Bosh Assambleyasida ham shunday chaqiriqlar, lekin uning rezolyutsiyasi huquqiy kuchga ega emas.
Ukraina shimolida Rossiya kuchlari Chernobil atom elektrostansiyasini qo'lga olgan. Ukraina hukumati buni butun Yevropaga qarshi urush e'loni deya baholagan.
1986-yilda Chernobilda yuz bergan portlash oqibatlari haligacha seziladi. Bu halokat dunyo atom inshootlarida yuz bergan eng dahshatli voqea sifatida tarixga kirgan.
Jahon bo'ylab Rossiya va Prezident Vladimir Putinga qarshi namoyishlar o'tmoqda, xususan Moskva va Sankt-Peterburgda ham. Kamida 1700 kishi hibsga olingan.
Oq uy sanksiyalarni kuchaytirmoqda. AQSh nazarida Putin yolg'onchi va qonxo'r diktator.
"Putin - aggressor, - deydi Prezident Jo Bayden. - U urush xohladi. Endi u va mamlakati buning badalini to'laydi".
AQShning yangi sanksiyalari Rossiya banklari, oligarxlari va texnologiya sektorini nishonga olib, eksport va importni cheklaydi.
Bu choralar, deydi Bayden, Rossiya strategik sektorlariga moliyasini kesadi, ularni texnologiyadan ayiradi, iqtisod va sanoatini ishdan chiqaradi.
NATOdagi ittifoqchi davlatlar, shuningdek, Yevropa Ittifoqi ham shunday sanksiyalar qo'ymoqda. Bu cheklovlar ta'siri jahon bozorida darhol sezila boshlagan. Oq uy Amerika xalqini yonilg'i narxi oshadi, deya ogohlantirmoqda.
"Biroq biz bu agressiyaga munosib javob berishimiz zarur. Amerika erkinlik tarafida. Bu - biz", - deydi Bayden.
Putin yaqingacha NATO va umuman G'arb bilan muzokaradan qochmasligini aytib keldi. Kreml nazarida Shimoliy Atlantika harbiy bloki unga xavf soladi va aslo kengaymasligi shart. Biroq AQSh nazarida Putinning dardi bu emas.
"Putin uchun gap hech qachon xavfsizlik haqida bo'lmagan, - deydi Bayden. - Turgan bitgani agressiya, chunki Putin o'z imperiyasini yaratmoqchi, atrfodagilarni bo'ysundirmoqchi".
Bayden deydiki, Putin endi izolyatsiyada qoladi. Amerika yetakchiligida xalqaro hamjamiyat Rossiyani chetga suradi, deydi prezident.
AQSh ta'biricha, bu - Rossiya hujumlarining ilk bosqichi, Ukrainada 160 dan oshiq qisqa va o'rta masofadagi ballistik va qanotli raketalar ishlatilgan va havodan qaqshatqich zarbalar berilgan.
Amerika siyosatdonlari tahlilicha, Putinning niyati Kiyevda o'ziga ma'qul rahbarni o'tqazish.
"Ukraina harbiy qudrati Rossiyani bu yo'ldan qaytarishga yetadimi? Moskva vaqtni boy bermoqchi emas", - deydi Simon Mayls, Dyuk universiteti professori.
Sanksiyalarning keyingisi shaxsan Putinga va unga eng yaqin doiraga qaratilgan bo'ladi, deya ogohlantirmoqda Oq uy.