193-kunga kirgan Ukraina urushida tashabbus sekinlik bilan Ukraina armiyasi tomoniga o’tayotgani ta’kidlanmoqda. Xalqaro tadqiqotchilar janubiy frontda uch yo’nalish bo’ylab qarshi hujum amaliyotini qayd etishadi.
Bu hujumlar muvaffaqiyati haqida gapirish qiyin. Ukraina Mudofaa vazirligi hujum va uning tafsilotlari yuzasidan sukutda. Ukraina armiyasining hujumga o’tayotganini tasdiqlovchi manba Rossiya tomoni bo’lib turibdi.
Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoyguga tayanilsa, ukrain armiyasining qarshi hujumi katta talafotlar bilan yakunlangan. Yuzlab harbiylar o’lgan, o’nlab zirhli texnika yo’q qilingan.
AQShda joylashgan Urushni o’rganish instituti Ukrainaning qarshi hujumlaridan jiddiy natija kutmaslik kerakligini, hamladan maqsad Rossiya armiyasini janubdan siqib chiqarish emas, balki ta’minot yo’llarini butunlay qirqishga qaratilganini ta’kidlayapti.
Rossiya bosqinidagi janubiy hududlarni ozod qilish uchun amaliyot boshlanishi bir oylar avval Prezident Volodimir Zelenskiy tomonidan e’lon qilingan edi.
Uzoq kutilgan bu hujum boshlangan, ammo bu haqda rasmiy ma’lumot kam. Ukraina hukumati jamoatchilikdan qurolli kuchlar hujumiga doir tafsilotlarni ochiqlamaslik, maxfiylikni saqlashni so’ramoqda.
Ukraina qurolli kuchlari shtabining kundalik brifinglarida ham armiya hujumga o’tgani haqida hech narsa deyilmaydi.
Donbass
Xersondagi to’qnashuvlar boshqa yo’nalishlarda janglar to’xtaganini anglatmaydi. Donbass tomonlarning asosiy kuchi to’plangan urush maydoni sifatida qolyapti.
Otishmalar o’ta qalinligi, yirik qo’shinlar to’plangani uchun qurbonlar, talafotlarning katta qismi shu frontga to’g’ri keladi.
Donetsk viloyatidagi yirik shaharlar - Seversk, Soledar, Baxmut, Slavyansk, Kramatorsk uchun janglar ikki oydan beri davom etmoqda, biror tomonning muvaffaqiyati haqida gapirish qiyin.
Donbassdagi janglarda Checheniston harbiylari, “Ahmad” batalyoni faol. Bu batalyonga shaxsan homiylik qilayotgan Checheniston rahbari Ramzan Qodirov urushdagi vaziyatdan favqulodda xabarlar tarqatuvchi asosiy manbalardan biriga aylangan.
Yaqinda u Rossiya armiyasining taktik tanaffusi tugagani, “Ahmad” batalyoni tan olinmagan Donetsk va Lugansk respublikalari qo’shinlari bilan hamkorlikda keng ko’lamli hujumga o’tayotgani haqida xabar tarqatdi.
Qodirovga ko’ra, ittifoqchi kuchlar bu hujum ortidan Donbassda 60 kilometr atrofidagi hududni egallaydi. Bu bayonot, ayniqsa Rossiya armiyasi Donbassdagi janglarda ikki oydirki jiddiy siljish qila olmayotgani nazarda tutilsa, ancha ishonchsiz ko’rinadi.
Harbiy ekspertlar so’nggi oylarda Rossiya armiyasining frontdagi siljishi kuniga 2-3 kilometrga to’g’ri kelgani, oxirgi paytda esa bu siljish mutlaqo to’xtab qolganini ta’kidlashadi.
Donbassdagi ayrim aholi punktlari ozod qilingani yoki egallanganiga doir ma’lumotlar esa har doim ham o’z tasdig’ini topayotgani yo’q.
Kimda qanday talafot?
Har ikki davlat qurolli kuchlari shtabining talafotlar haqida taqdim etayotgan ma’lumotlari bir tomonligicha qolyapti. Ularni tekshirish, tasdiqlash imkonsiz.
Ukraina qurolli kuchlariga tayanilsa, hozirgacha Rossiya armiyasi bergan qurbonlar 50 ming kishiga yetgan. Ikki mingdan oshiq tank, to’rt mingdan oshiq jangovar mashinalar, uch mingdan oshiq harbiy ixtisoslashgan avtomobillar, mingdan oshiq to’p, 200 dan oshiq qiruvchi samolyotlar, shuncha vertolyot, yuzdan oshiq havo mudofaa tizimlari va shu kabi boshqa texnikalar yo’q qilingan.
Rossiya qurolli kuchlari shtabi ham urush maydonidagi kunlik holat haqida ma’lumotnoma berib boradi. Ularda ham har kuni yuzlab ukrain harbiylari o’ldirilayotgani, o’nlab harbiy texnikalar, istehkomlar, harbiy bazalar yo’q qilinayotgani haqida o’qish mumkin.
Har ikki tomonning talafotlarga doir ma’lumotlarini tekshirish imkonsiz, ammo ularni taqqoslash urushdagi umumiy qurbonlar haqida qiyosiy tasavvurlar beradi.
Bu qiyoslarga ko’ra, yarim yildan oshiq davom etayotgan urushdagi qurbonlar soni allaqachon 100 mingdan oshgan. Vayronagarchilik, ayovsizlik darajasiga ko’ra Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng qonli to’qnashuv sifatida qayd qilinmoqda.
Urush harbiylardan tashqari tinch aholini, jumladan bolalarni ham o’ldirayotgani, yuzlab tinch aholi ko’milgan ommaviy qabrlar topilgani nazarda tutilsa, shafqatsizliklar miqyosi yanada kengayadi.
Yadro tahdidi atrofidagi axborot urushi
Bir oydirki, Yevropadagi eng yirik sanalgan Zaporojyedagi atom stansiya bilan bog’liq vaziyat keskinligicha qolyapti.
Atom energiyasi bo’yicha xalqaro agentlik missiyasining stansiyaga safari ham vaziyatga ta’sir ko’rsatgani yo’q. Yirik quvvatga ega bir necha energobloklarga ega, yadro chiqindilari saqlanayotgan stansiyasining o’qqa tutilishi davom etyapti. Agentlik ekspertlari safari davomida ham stansiya raketalardan o’qqa tutilgani xabar qilindi, Ukraina va Rossiya bir-birini ayblab chiqdi.
Xalqaro agentlik missiyasining Rossiya nazoratidagi Zaporojyega yetib borishi atom stansiyasi atrofidagi axborot urushi avjga chiqishi bilan kuzatiladi.
Missiyani kuzatib borgan jurnalistlar “ayg’oqchilar” tamg’asi ostida hududga kiritilmadi. Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina qurolli kuchlari missiya yetib kelishi barobarida stansiyada maxsus amaliyot rejalagani, G’arb jurnalistlari esa stansiya Ukraina tomonidan egallangani haqida xabar tarqatish uchun chaqirilganini iddao qildi.
Atom energiyasi bo’yicha xalqaro agentlik rahbari Rafael Grossining atom stansiyasiga safar ortidan e’lon qilingan bayonotida stansiya kim tomonidan nishonga olinayotgani haqidagi asosiy savolga hozircha javob yo’q. Ammo missiya mutaxassislarining doimiy ravishda stansiyada faoliyat qilishi bo’yicha kelishuvga erishilgani ijobiy qadam sifatida baholandi.
Rossiya tomoni G’arb jurnalistlariga qo’yilgan taqiq ortidan stansiya ishini kuzatish uchun turli davlatlardan 60 ga yaqin jurnalistlar ro’yxatga olingani haqida xabar berdi. Bu Atom energiyasi bo’yicha xalqaro agentlik tavsiyasiga ko’ra amalga oshirilgani iddao qilinadi. Ammo bu jurnalistlar qaysi davlatlardan ekanligi aniqlashtirilmagan.
AQSh rossiyaliklarga ommaviy sanksiya qo’llanishiga qarshi
Ukraina tomoni, xususan Prezident Zelenskiy Yevropa Ittifoqi va AQShni Rossiya fuqarolariga viza berishni to’xtatishga chaqirib keladi. Bu tashabbus Yevropaning qator davlatlari tomonidan qo’llangan bo’lsa, ayrim hukumatlar qarshi chiqishdi. Bu masala yaqinda Yevropa Ittifoqi davlatlari tashqi ishlar vazirlari yig’ilishida muhokamaga chiqdi.
Rossiya bilan amalda bo’lgan soddalashtirilgan tartibdagi viza tizimini to’xtatib turishga kelishildi. Ittifoq tashqi ishlar idorasi rahbari Jozep Borrelga ko’ra, bunga soddalashtirilgan tartibning ittifoqning ayrim davlatlariga xavf sola boshlagani, Ukrainadagi urushni qo’llayotgan rossiyaliklarning Yevropaga bemalol kirib kelayotgani sababdir.
Rossiya fuqarolariga viza berishni to’xtatish tashabbusi Ukrainaning yaqin ittifoqchisi AQShga ham qaratilgan. Yevropa Ittifoqidagi muhokamalar ortidan AQSh hukumati vakili Jon Kirbi bu masalada munosabat bildirdi.
Uning aytishicha, AQSh bu kabi choralarni qo’llamaydi, Rossiya xalqi orasida urushni qo’llamayotgan aholi ham bor, ular rus hukumatining qilmishlari uchun jazolanmasligi kerak.