263-kunga kirgan Ukraina urushida navbatdagi jiddiy burilish: Rossiya armiyasi Xersonni tashlab chiqdi, shahar Ukraina nazoratiga qaytdi.
Xerson - Dnepr daryosining ikki sohilida joylashgan viloyatning ma’muriy markazi. Bu shahardan 30 ming atrofida qo’shin, besh mingdan oshiq harbiy texnikani olib chiqqan Rossiya armiyasi shu bilan Dnepr daryosining o’ng sohilini butunlay tark etdi.
Rossiya qo’shinlari chekinayotib, Ukraina armiyasi hujumini kesish uchun Dneprning ikki sohilini bog’lab turgan ko’priklarni portlatib yuborgan.
Xerson Ukrainada 9 oydan beri urush olib borayotgan Rossiya armiyasi tomonidan egallangan yagona viloyat markazi edi. Bu shaharning boy berilishi Rossiya jamoatchiligi, ekspertlari doirasida jiddiy muhokamalar qo’zg’adi.
Buni ham ko'ring Ukrainadan g’alla eksportini ta’minlovchi kelishuv nega muhim?Bu munozaralar Rossiya jamoatchiligi orasida g’alabaga nisbatan shubha kuchayganidan ham darak beradi. Rossiya armiyasining Xersondan chekinishi ortidan yangrayotgan tanqidlar nafaqat armiya, balki mamlakat siyosiy rahbariyatini ham chetlab o’tmayotgani kuzatiladi.
Prezident Vladimir Putin hozircha chekinish yuzasidan biror munosabat bildirmagan, ammo Xerson boy berilishi Rossiyaning urushdagi eng yirik talafoti sifatida baholanyapti.
Avvalroq Xersonda Rossiya tarkibiga kirish bo’yicha referendum o’tkazilgani, Putin Xersonni Rossiya tarkibiga qo’shish to’grisidagi farmonini imzolagani inobatga olinsa, bu shubhasiz yirik siyosiy mag’lubiyat sifatida ham ko’rinadi.
Ukrainada ko’ngillilardan tarkib topgan “Qrim” batalyonini shakllantirayotgan qrim-tatar faollaridan biri Isa Akayevning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Xerson ozod qilinishi Ukrainadagi urush taqdiri uchun ulkan ahamiyat kasb etadi.
“Bu bir tomondan ukrainlarga ham, rossiyaliklarga ham Ukraina o’z hududlarini ozod qilishi muqarrar ekanligini ko’rsatayotgan bo’lsa, boshqa tomondan Ukrainani qo’llab turgan ittifoqchilarga harbiy-texnik yordam ahamiyati qanchalik muhim ekanligiga ishora bermoqda. Chunki Ukraina armiyasi harbiy yordamga muhtoj, shu ittifoqchilar ko’magiga suyanadi. Agar ukrain armiyasining ehtiyojini qoplash darajasida ko’mak tashkil qilinsa, urush taqdiri tezda hal bo’lardi”, - deya ishonch bildiradi Isa Akayev.
Favqulodda muhim g’alaba
Xerson ozod qilinishi Ukrainaning ittifoqchilari diqqatidan chetda qolmadi. Ko’plab liderlar ukrainaliklarni Xerson ozodligi bilan qutlashdi, Ukraina qurolli kuchlarini olqishlashdi.
AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan Xersonning ozod etilishini “favqulodda muhim” g’alaba sifatida baholadi. Ukraina armiyasi mahorati, AQSh va boshqa ittifoqchilar yordami evaziga amalga oshgan bu strategik muvaffaqiyat Ukraina janubini tahdiddan xoli qilishini ta’kidladi.
Yevropaning bir qator yetakchilari Xerson ozod qilinishi munosabati bilan Ukraina xalqi, hukumatini tabriklashda davom etishmoqda.
Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uollas ijtimoiy tarmoqdagi chiqishida ta’kidlashicha, Rossiya navbatdagi strategik mag’lubiyatni qabul qilib olmoqda, ammo bu Rossiya tomonidan kelayotgan xavf miqyosini zaiflashtirmaydi.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Xerson ozoq qilinishini Ukrainaning hududiy yaxlitligini tiklash tomon navbatdagi qadam sifatida baholadi, Fransiya Ukrainani qo’llab-quvvatlashda davom etishini eslatdi.
Muzokaralar da’vosi
Xerson ozod qilinishi arafasida, bu g’alaba manzarasida Ukraina va Rossiya o’rtasidagi muzokaralar yana kun tartibiga qaytayotgani ham kuzatiladi.
AQSh matbuotiga tayanilsa, Ukrainani real imkoniyatlardan kelib chiqqan holda Rossiya bilan muzokaralarga undayotgan tomon Vashingtondir.
Bu masala AQSh prezidenti maslahatchisi Jeyk Sallivanning noyabr boshida Ukrainaga qilgan safari davomida muhokama qilingani, Prezident Volodimir Zelenskiyga muzokaralarga ochiq bo’lish, jumladan, Qrimni qaytarish bo’yicha talablarda ham real vaziyatdan kelib chiqish maslahat berilgani ta’kidlanadi.
Buni ham ko'ring Kongressda kim hukmronlik qilishidan qat'i nazar, Ukraina quvvatlanadiPrezident Bayden avvalroq muzokaralar masalasida AQSh Ukrainaga hech qachon, hech qanday bosim o’tkazmasligini aytgan edi.
Zelenskiyning so’nggi chiqishlarida bir qadar o’zgarishlar seziladi, jumladan, uning bayonotlaridan Putin bilan muzokara stoliga o’tirmaslikka doir keskinlik yo’qoldi.
Ukrainadagi aksariyat jamoatchilik, harbiy ekspertlar ham Rossiya bilan muzokaralarga, bundan samara bo’lishiga jiddiy shubha bilan qarashadi.
“Qrim” batalyoni rahbari Isa Akayevga ko’ra, buning sababi muzokaralar hozirgacha Rossiya tomonidan suiiste’mol qilib kelingani bilan bog’liq.
“Muzokaradan, ma’lum bir muddat tanaffus olishdan ayni paytda Rossiya manfaatdor. Ular muzokaralardan foydalanib tin olishmoqchi, qayta kuch to’plashmoqchi. Buni ko’pchilik, ayniqsa, harbiy doiradagilar ko’rib turishibdi. Shunday ekan, hozir Rossiya bilan muzokaralar vaqti emas, bu faqat vaqtning boy berilishini anglatadi. Hozirgi vaziyatda ittifoqchilar Ukrainaga harbiy ko’makni oshirishlari eng to’g’ri qaror bo’ladi. Bosqin ostidagi huquqlar, Qrim ozod qilinishi kerak”, - deydi Akayev.
Jahannamga qiyoslanayotgan janglar
Ayrim ekspertlarga ko’ra, Rossiyaning Xersondan chiqishi Donetskdagi janglar shiddatiga ta’sir qilishi mumkin. Rossiya Mudofaa vazirligi Xersondan 30 ming qo’shin, besh ming atrofida harbiy texnika chiqarilgani haqida axborot berdi.
Bu Rossiya armiyasini, xususan, qo’shinlar ta’minoti, taqsimoti masalasini daryo va ko’priklar kabi to’siqlardan xoli qilishi mumkin. Xerson ozod qilinishi ortidan Rossiya armiyasi butunlay Dneprning chap sohiliga siqib chiqarildi.
Qaqshatqich janglar asosan sharqiy frontda, Donbassda kechmoqda. Zelenskiy Donbassda, xususan, Baxmut shahri atrofidagi janglarni jahannamga qiyosladi.
Sharqiy frontdagi vaziyatda bir necha oydirki keskin burilishlar yo’q. Ukraina armiyasining hujumlari shiddati pasaygan. Donetsk va Luganskni mudofaa qilayotgan Rossiya armiyasi jiddiy qarshilik ko’rsatayotgani, ayrim hududlarda hujumga o’tayotgani ham ta’kidlanadi.
Bu janglar barobarida Rossiya armiyasi Ukraina shaharlari, infratuzilma, energetik obyektlar bo’ylab raketa, dronlar vositasida zarbalar berishda davom etyapti. Mamlakat bir oydan beri energetik taqachilik sharoitida yashayapti. Qish mavsumining yaqinlashishi bu boradagi xavotirlarni yanada oshirgan.