O'zbekistonda korrupsiyani yengib bo'ladimi?

O'zbekistonda hukumat korrupsiyaga qarshi kurash boshlamoqchi. Ayni paytda bu borada milliy dastur loyihasi ishlab chiqilmoqda. Uning boshida esa korrupsiyaga daxldor davlat idoralari turganligi chuqur e'tirozga sabab bo'lmoqda.

O'zbekistonda korrupsiya aralashmagan sohani yoki unga qo'l urmagan amaldorni topish qiyin.

Korrupsiyaning asosiy ko'rinishi amaldorlarning o'z mansabini suiste'mol qilishidir. Ularga belgilangan maosh bilan tirikchilik qilib bo'lmas ekan, deydi ayrim o'zbekistonliklar, poraxo'rlikka qarshi chora haqida gapirib bo'lmaydi.

Respublika korrupsiyaga qarshi kurash bo'yicha BMT Konvensiyasini imzolagan.

O'zbekiston Bosh prokuraturasi qoshidagi maxsus ishchi guruh hozir yulg'ichlikka qarshi milliy dastur tuzish bilan band.

"Hozir korrupsiyaga qarshi kurash dasturi bo'yicha asosiy mas'ul idoralar sifatida prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Milliy Xavfsizlik Xizmati ekanligi aytilayapti. Bu juda kulgili holat, chunki bu idoralarning o'zi korrupsiya botqog'iga botgan. Ularning o'zi korrupsiyadan himoyaga muhtoj", - deydi "Tezkor guruh " analitik markazi xodimi Suhrob Ismoilov.

"Tezkor guruh" masala yuzasidan o'z tavsiyalari bilan chiqqan.

Birinchi navbatda hukumat rahbari korrupsiyaga qarshi kurash boshlanganini rasman, ochiq e'tirof etishi kerak.

Ikkinchidan, deydi tahlilchilar, milliy dastur bir necha davrga bo'linishi va har bir bosqich nihoyasida oshkora hisobot berilishi shart.

Korrupsiya ortidagi omillar orasida davlat idorasi xizmatchilarining maoshi kamligi tez tez tilga olinadi. Demak, deydi mutaxassislar, oylikni oshirish kerak.

Bu degani avvalo mamlakatda iste'mol savatining miqdori aniqlanishi va e'lon qilinishi zarur.

"Agar davlat hozirgi loyihadan samara bo'lishini istasa, davlat xizmatchisini ijtimoiy himoya qiluvchi yangi qonun qabul qilishi kerak. Unda davlat xizmatchisining maoshi bozor sharoitlaridan kelib chiqqan holda belgilanishi kerak. Bizning ma'lumotlarga ko'ra o'rta tabaqadagi sudya 100 dollar atrofida oylik oladi. Qanday qilib u korrupsiyaga qarshi kurashadi?", - deydi Suhrob Ismoilov.

"Tezkor guruh" milliy dasturni tayyorlayotgan ishchi guruh tarkibiga nodavlat tashkilot vakillari kiritilishini, keyinchalik maxsus tashkilot tuzilib, uni aksilkorrupsiya idorasiga aylantirishni taklif qilmoqda.

"Bu guruhda faqatgina davlat idoralari bo'lishidan samara kutish qiyin. Ular ishlagan dastur to'liq bo`lmasligi mumkin. Keyinchlik ishchi guruh ijroiya va adliyadan mustaqil ravishda korrupsiyaga qarshi kurashni nazorat qiluvchi alohida idora sifatida shakllanishi kerak", - deydi Suhrob Ismoilov.

"Korrupsiya taraqqiyot yo'lidagi g'ov" degan sarlavha ostidagi bu mustaqil loyiha ustida ishlagan faollardan biri Abdirahmon Tashanov fikricha korrupsiya ortida amaldorlarning o'zi turgan ekan, rasmiy harakatlar samara bermaydi.

"Hukumatdan korrupsiyani tan olishni kutish qiyin. Shunday ekan yaxshi takliflar inobatsiz qolishi mumkin. Bizda axir korrupsiyaning barcha ko`rinishlarini uchratish mumkin. Korrupsiyadan avvalo hukumatning o'zi manfaatdor", - deydi Tashanov.