Obama, Medvedev atom qurollarini kamaytiruvchi bitimga imzo chekdi

AQSh va Rossiya rahbarlari bugun Chexiya poytaxti Pragada uchrashib, har ikki davlat atom qurollarini qariyb 30 foizga kamaytirishni ko’zda tutgan strategik hujjatga imzo chekdi.

Muddao shuki Amerika va Rossiya bu bitimga asosan o’z yadroviy qurollari sonini 1500 donaga tushiradi.

“Qo’shma Shtatlar atom bombalari xavfidan xoli dunyoda yashashni istaydi”,- deydi Barak Obama.

“Bundan bir yil oldin shu shahardan turib butun dunyoni yadroviy qurol va materiallar tarqalmasligi uchun harakat qilishga undagan edim. Ulardan voz kechmasak, tinchligimiz hamisha raxna ostida”,- deydi Obama.

Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev fikricha esa tomonlarning bunday yirik kelishuvga erishgani bu ikki davlat til topisha olishini, global tinchlikni ta’minlay olishini isbotlaydi. Bu shartnoma 10 yil amalda bo’ladi.

Bugun qo’l qo’yilgan bitim endi Rossiya Dumasi va AQSh Senati tomonidan tasdiqlanishi kerak.

Shunga o’xshash kelishuv, START deb nomlangan shartnoma, 1991 yilda AQShning o’sha davrdagi prezidenti Jorj Bush va sobiq SSSR rahbari Mixail Gorbachev orasida imzolangan edi.

Yangi kelishuv - bir yillik tinimsiz, qizg’in munozaralar mahsuli. Diplomatlarning aytishicha, Obama va Medvedev yuzma-yuz, qolaversa, telefon orqali ancha tortishgan, bahslashgan.



Bu hujjat bilan atom qurollari yo’q bo’lib qolmaydi, deydi Kingston Rif, Arsenal nazorati bo’yicha Vashintondagi ilmiy markaz rahbari o’rinbosari.

“Bu kelishuv Rossiya va AQSh yadroviy zaxirasini kamaytiradi. Unga asosan, har ikki davlat qo’lida nima borligini oshkor qilishi, hisobot berib turishi, nazoratni kuchaytirishi shart”.

Ronald Reygen davrida AQSh atom siyosati ortida turgan Frank Gaffni nazarida Obama yadroviy arsenalni kamaytirib, tuzatib bo’lmas xato qilmoqda.

“Shimoliy Koreya yoki Eron AQShning bu harakatidan quvonsa quvonadiki, o’z atom maqsadlaridan qaytmaydi”,- deydi keksa arbob. “Ular bizning bu qadamimizni zaiflik deb baholaydi”,- deydi Frank Gaffni.

Britaniya sobiq mudofaa vaziri Des Braun esa dunyoni atom qurollaridan tozalash Amerika va Rossiya bo’ynida deydi.

“Yer yuzidagi yadroviy qurollarning 95 foizi shu ikki davlat qo’lida. Har safar ulardan qutulish haqida gap ketganda, aslida bu Amerika va Rossiya irodasiga bog’liq ekanini unutmaslik kerak”, - deydi ingliz arbobi.

Bugun Pragada Obama va Medvedev Kreml va Oq Uy muntazam muloqotda ekanini aytib o’tdi. Ikki mamlakat hamkorlikda raketa hujumlariga qarshi mudofaa dasturi ishlab chiqishi mumkin.

“Prezidentlikka kelganimda asosiy maqsadlarimdan biri Rossiya bilan aloqalarni mustahkamlash edi. Prezident Medvedev ham shuni maqsad qilganini bilaman. Buni u bilan ilk bor Londonda uchrashganimdayoq sezganman. Unga ishonaman. Ikkimiz birga ishlay olsak, bu nafaqat o’z davlatlarimiz balki butun jahon ahli manfaatlari uchun xizmat qiladi”,- deydi Obama.