Prezident Barak Obama musulmon olamini muborak Ramazon oyi bilan qutladi.
"Bu - ro'za tutib, oila va do'stlar davrasida iftorlik o'tkazadigan, bu damlar yaqinlar bilan baham ko'riladigan, muhtojlar, beva-bechoraga ayniqsa mehrli bo'ladigan bir palla", - dedi Obama.
Prezident bu 30 kun omonlik bilan o'tishini tilab, Oq Uyda iftorlikka chorladi.
Obamaning aytishicha, Ramazon oyi nochor insonlar, Somali va umuman, Afrika mintaqasida qahatchilikdan azob tortayotgan oilalarni eslab, ularga madad berish uchun bir imkoniyat.
"Bundandan dahshatli halokatning oldini olib qolaylik", - deya da'vat etdi u.
Amerika, musulmonlar, islom
Amerika musulmonlari ham ro'za tutishga kirishgan. Lekin bu davlatda islom haqida hamon yanglish tasavvur hukmron, deydi ayrim qonunchilar.
AQSh Kongressi Vakillar Palatasining ilk musulmon a’zosi, Minnesota shtatidan saylangan qonunchi Kit Ellison Ramazon oyi munosabati bilan xalqqa tabrik yo’lladi.
Musulmonlar 2007-yilda ish boshlagan Ellisondan Kongressda unga bo’lgan munosabat haqida qiziqadi.
“Qonunchi va senatorlarning menga bo’lgan hurmati baland”, - deya javob qiladi u.
Lekin Kit Ellison nazarida islom dini haqida noto’g’ri tushuncha hanuz keng tarqalgan. Bu din Amerikaga kecha yoki bugun kelgan emas, deya eslatadi qonunchi.
“Mana shu yurtda yashab o’tgan 14 avloddan meros qolgan. Qator davlatlarda din qurolga aylangani, e’tiqod bois qotilliklar ro’y berayotganidan afsusdaman”, - deydi u.
Ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, AQShda aholisining 60 foizi islom nima ekanini bilmaydi. Xulosa shuki, deydi Kit Ellison, Amerika musulmon jamoasi o’z e’tiqodi haqida ko’proq gapirishi kerak.
“Islom haqida film yarating, qo’shiq kuylang, asar yozing, siyosatchi bo’ling”, - deya undaydi kongressmen. “Toki farzandlarga bizdan osuda va farovon dunyo meros qolsin”.
Ota-bobosi pokistonlik rejissyor va dramaturg Vajohat Ali Kaliforniya shtatining San-Fransisko shahrida tug’ilib o’sgan.
AQShda bugun musulmon jamoasi boshidan kechayotgan voqealar yangilik emas, deb hisoblaydi u.
“Ancha oldin Amerikaga endi kelgan yahudiy, afro-amerikalik, yapon va italyanlar huddi shu chig’iriqdan o’tgan emasmi?” - deya eslatadi rejissyor.
Nyu-Yorklik faol, ma’ruzachi Husayn Rashid musulmon siyosatchilarning kamligidan o’kinadi.
Uningcha, Amerikada islom ahli dinidan, madaniyatidan uyaladi, boshqalardan farq qilishga qo’rqadi.
Gollivudda nomi chiqqan mustaqil kinorejissyor Lena Xon musulmonlar ham odam, ular ham sevadi, bozor qilib, kino tomosha qilishni yoqtiradi, deydi.
Lekin har yarim soatda bir kishining hayotiga zomin bo’ladigan alkogoldan tiyilish, hijob o’rash, xiyonat qilmaslik – biz tanlagan yo’l shu, deydi ayol.