Qarz muammosiga yechim topish uchun AQSh Kongressida tuzilgan super-qo’mita ishi samarasiz ekanini bugun rasman elon qilishi kutilmoqda. Qo’mitaga berilgan so’nggi muhlat shu chorshanba tugaydi.
Olti demokrat va olti respublikachidan iborat guruh 15 trillion dollarlik kamomadni qisqartirish uchun javobgar. Ular ishni uddalay olmasa, oqibati nima bo’ladi?
Jahon yalpi mahsulotining chorak qismi AQSh iqtisodiyoti hissasiga to’g’ri keladi. Bu mamlakatda ishlar pachava bo’lsa, hamkor davlatlar ham jabrini tortadi.
Yangi Amerika jamg’armasida muxatassis Jeyson Pukey buning ajablanarli joyi yo’q, deydi. Zamon shunaqa, hamma narsa chambarchas bog’liq.
“Yevropa Ittifoqining mitti bir davlati – Gretsiyadagi qarz muammosini oling. Butun ittifoqni tiz cho’ktirdi. Endi dunyodagi eng qudratli davlat - Qo’shma Shtatlar shunday ahvolga tushib qolishini bir tasavvur qiling”.
AQShning hozirgi qarzi 15 trillion dollarga yetdi va tezlikda oshib bormoqda. Shuning uchun, deydi iqtisodchilar, Kongress qoshida tuzilgan super-qo’mita dadil harakat qilishi kerak.
Siyosatchilar byudjet borasida anchadan beri tortishib keladi. Iqtisodchi Diana Lim Rojersning aytishicha, xorijiy investorlar AQSh qarzini to’lay olarmikan, deya butun jarayonni kuzatib turibdi.
“Iqtisod nuqtai nazaridan qo’rqinchli joyi shundaki, Amerika bo’ynigacha qarzga botgan va uni qanday qaytarishni bilmaydi. Sarmoyachilarga kafolat kerak, krizisdan pana joy kerak. Qo’shma Shtatlar shunday davlat edi. Lekin kelajakda kapital jalb qilish oson bo’lmaydi”, - deydi iqtisodchi.
AQSh Gretsiya va Italiya singari moliyaviy jar yoqasiga kelib qolgudek bo’lsa, foiz stavkalari keskin ko’tariladi. Qarz olish ham, qaytarish ham qiyinlashadi. O’sib kelayotgan avlod bo’yniga majburiyat bu.
Shuning uchun Kongressga katta umidlar bog’langan. Siyosiy o’yinlarga vaqt yo’q.
“Nari borsa, muhlatni uzaytirish mumkin”, - deydi Jeyson Pukey. “Lekin mag’lubiyat haqida gap bo’lishi mumkin emas. Butun dunyo, sarmoya bozorlari, bizneslar, kreditorlar, amerikaliklar diqqati shu masalada. Super-qo’mita ishini bajarishi kerak”.
Mag’lubiyat bahosi shuki, bir trillion dollarga teng qisqartirishlar avtomatik tarzda kuchga kiradi. Murosaga kelinsin deb boshidan shunday qilingan. Mudofaa va ijtimoiy himoya dasturlari kesiladi, minglab odam ishidan ayriladi.
“Qonunchilarning yarmi kamomadni xarajat hisobiga kamaytirish tarafdori, soliqlarni ko’tarishga qarshilik kuchli. Lekin bu xom strategiya”, - deydi iqtisodchi Lim Rojers.
Ijtimoiy dasturlar yopilsa, ishsiz yurgan 14 million amerikalik ortiq kompensatsiya ololmaydi. Pentagon ham keskin o’zgarishlarga hozirlik ko’rmoqda.
Siyosiy kelishmovchiliklar AQSh kredit reytingi yana bir pog’ona pasayishiga olib kelsa ham ajabmas. Bu nafaqat AQShga, balki global iqtisodiyotga yana bir zarba bo’ladi.