Breaking News

Impichmentni boshdan kechirgan Tramp ikkinchi muddatga saylanmoqchi


Donald Tramp, AQShning 45-prezidenti va mamlakat tarixida impichmentga uchragan uchinchi rahbar, 3-noyabr kuni o’tadigan saylovda ikkinchi muddatga saylanmoqchi.

Qayta saylanish istagini u 2019-yilning yozida Florida shtatida, “Amerikaning buyukligini saqlab qolamiz” shiori ostida rasman e’lon qilgan edi.

“G’alabaga erishdik va bunga yana erishamiz. Bu gal ishni yakunlaymiz”, - degan u tarafdorlariga qarata.

O’tmishdagi yutuqlar

Prezident bo’lgunga qadar Tramp Nyu-Yorkda ko’chmas mulk sohasida, shuningdek, realiti-shou orqali nom qozondi. Pensilvaniya universitetining Vorton maktabini moliya yo’nalishida tamomlab, oilasining ko’chmas mulk biznesini qo’lga oldi. Dunyo bo’ylab mehmonxonalar, kazinolar va golf maydonlarini qurib, biznesni kengaytirdi. 1990-yillarda bir necha bor bankrot bo’ldi.

Tramp keyinchalik imperiyasini qayta qurdi. 2016-yilda “Forbs” biznes jurnali uning boyligini 3,7 milliard dollar deb baholagan.

2004-yilda Tramp “NBC” telekanalida xitga aylangan “Shogird” televizion shousi orqali yulduzga aylandi. Prezidentlik poygasida qatnashish uchun 2015-yilda shouni tark etdi.

Donald Tramp hayotiga nazar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:05 0:00

Prezidentlik davri

O’tgan 3,5 yil davomida Prezident Tramp mamlakat soliq tizimini isloh qilish, Suriyada qo’shin sonini kamaytirish, Oliy sudga ikki yangi konservativ a’zo tayinlashga erishdi. Quyi federal sudlarga nomzodi ko’rsatilgan qariyb 200 sudya ham ovozdan o’tdi.

Prezident boshidan asosiy e’tiborini noqonuniy immigratsiyani kamaytirishga qaratdi. Meksika bilan chegarada devor qurish uchun Kongressdan (garchi u so’ragan miqdordan ancha oz bo’lsa ham) qariyb 1,4 milliard dollar, keyinchalik favqulodda holat e’lon qilib yana 3,6 milliard dollar olishga muvaffaq bo’ldi.

Shuningdek, turli soha va sanoatlarda joriy etilgan qonun-qoidalarni, Barak Obama davrida ishga tushgan sog’liqni saqlash to’g’risidagi qonunning katta qismini bekor qildi.

Pandemiya davrida millionlab amerikaliklar ishidan va tibbiy sug’urtasidan ayrilgan bir paytda, Tramp Oliy suddan yuqoridagi qonunni butunligicha bekor qilishni so’radi. Prezident o’zidan oldingi rahbarning qarorlaridan norozi ekanini tez-tez bildirib turadi.

Tramp boshqaruvining dastlabki uch yilida iqtisodiyot yuksalib, ishsizlik darajasi 3,5 foizga, ya’ni so’nggi yarim asrdagi eng past nuqtaga tushdi. Ammo 2020-yil boshida Xitoydan butun dunyoga, jumladan AQShga tarqalgan koronavirus o’sishning beliga tepdi. Tramp virus xavfli ekaniga hanuz shubha bilan qaraydi.

Joriy yilning fevralida u “virus yo’q bo’lib ketadi, mo’jiza kabi bir kun yo’qoladi”, deb bashorat qilgan edi.

Buning o’rniga kasallik 50 shtatning barchasiga tarqalib, odamlar hayotini ostin-ustun qildi, mamlakat iqtisodiy tanazzulga yuz tutdi. Karantin hamda bizneslar yopilishi natijasiga 48 million odam ishidan ayrildi. Maktab va universitetlar yopilib, onlayn darslarga o’tildi. Sport tadbirlari bekor qilindi. Kasalxonalar muhim bo’lmagan jarrohlik operatsiyalarini orqaga surib, asosan koronavirusni yuqtirgan bemorlarni davolashga o’tdi.

Pandemiyaning ilk davrida Tramp kundalik brifinglarda koronavirus xavfini kamaytirib ko’rsatishga urindi. Real vaziyatni tan olish uning ikkinchi muhlatga saylanish imkoniyatiga ziyon yetkazadi, degan xavotir bunga sabab bo’lishi mumkin. Ekspertlar vaksina 2021-yilgacha tayyor bo’lmasligini aytsa-da, Tramp Oq uy minbaridan vaksina keyingi oylarda topilishini qayta-qayta ta’kidladi.

AQSh rahbari bir muddat bezgakka qarshi ishlatiladigan gidroksixloroxin dorisini koronavirusga qarshi davo sifatida targ’ib qilib, o’zi ham ichayotganini da’vo qildi. Bir necha mamlakatda o’tkazilgan tadqiqotlar virusni davolash foydasiz ekanini ko’rsatgan. Hozirda prezident gidroksixloroxinni ko’p tilga olmaydi. Brifinglardan birida u oqartirgich sinfari zaharli moddalarni ichish orqali virusni o’ldirish mumkinligiga ishora qildi. Sog’liqni saqlash mutasaddilari virus tarqalishini to’xtatish uchun aholini niqob taqishga undab kelmoqda, lekin Tramp tavsiyani rad etdi, taqib yurganlarni kamsitgan hollar bo’ldi.

Yilning yarmiga kelib AQShda koronavirusdan o’lganlar 140 000 dan, uni yuqtirganlar 3,7 milliondan oshdi. Amerika har ikki kategoriyada birinchi o’rinda. Sog’liqni saqlash mutasaddilari kelgusi oylarda yana minglab amerikaliklar virus qurboniga aylanishini bashorat qilmoqda. AQShning shimoliy shtatlarida kasallik holatlari kamaygan bo’lsa, birinchilardan bo’lib qayta ochilgan janubda infeksiya keng tarqaldi. Gubernatorlar barlar va ayrim bizneslarni qayta yopishni buyurdi.

Ishsizlik sur’ati AQShda aprel oyida 14,7 foizga yetib, iyunda 11,1 foizga tushdi, qariyb 5 million ish o’rni ochildi. Tramp ko’tarinkilik ruhida iqtisodiyot yilning ikkinchi yarmi va 2021-yilda jonlanishini aytmoqda.

Koronavirus mamlakat bo’ylab quloch yozayotgan bir paytda, Tramp qora tanli fuqaroning politsiya qo’lida o’limi ketidan namoyishlar bilan ham yuzlashdi. Oq tanli politsiyachi Jorj Floydning bo’yniga qariyb 9 daqiqa tizzasi bilan bosib turgan, “nafas yetishmayapti” degan gaplariga e’tibor bermagan.

Prezident tinch namoyishlarni yoqlashini aytish bilan birga, “Qora tanlilarning hayoti ham muhim” degan hayqiriqlarni “nafrat timsoli” deya qoraladi. Tanqidlar ketidan o’z “Twitter” sahifasidan oq tanlilarni ulug’lovchi videoni o’chirdi. 4-iyul Mustaqillik bayram oldidan qilgan nutqida irqiy adolat talab qilganlarni “so’lchi fashizm” namoyandalari deb atadi.

2020-yilning birinchi yarmida ro’y bergan voqealar hisobga olinsa, Trampning siyosiy taqdiri mavhum. Ommaviy so’rovlarda u prezidentlikka demokrat nomzod Jo Baydendan 15 foiz orqada. Ammo aytish joiz, so’nggi 40 yilda faqat ikki AQSh prezidenti qayta saylana olmagan. Tramp tarafdorlarining qayd etishicha, 2016-yilda ham hozirgi prezident reytinglarda orqada edi, ammo Hillari Klinton ustidan g’alaba qozondi.

Tashqi siyosat

Donald Tramp tashqi siyosatni “Amerika birinchi” degan shior ostida olib bormoqda, ya’ni AQSh manfaatlari hamma narsadan ustun. U savdo, iqlim va yadro qurollariga aloqador bir necha xalqaro kelishuvlarni tark etdi. Kanada va Meksika bilan erkin savdo bitimi yangilandi. Xitoy bilan savdo urushi davom etmoqda.

Prezident AQSh boshqa davlatlar himoyasi uchun pul sarflashini, xususan, Ikkinchi jahon urushidan keyin tuzilgan G’arb harbiy alyansi NATOni tanqid qilib keladi.

Trampning xorijiy rahbarlar, jumladan, Germaniya kansleri Angela Merkel va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron kabi azaliy ittifoqchilar bilan munosabatlari beqaror, ammo Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan do’stona aloqada.

Impichment

Koronavirus va iqtisodiy inqirozdan tashqari Tramp 2020-yilda boshqa qiyinchiliklarga ham duch keldi. Kongressdagi demokratlar uni raqibi Jo Baydendan kir qidirish uchun Ukrainadan foydalanmoqchi bo’lganlikda ayblab, katta tekshiruv o’tkazdi.

2019-yil yakunida Vakillar palatasi Trampni impichment qildi, ammo respublikachilar nazoratidagi Senat prezidentni oqlash uchun ovoz berdi. Faqatgina bir respublikachi Trampni ishdan olish taklifini yoqlagan. Bundan tashqari, maxsus prokuror Robert Myuller Rossiyaning AQShdagi 2016-yilgi saylovga aralashuvini qariyb ikki yil davomida tekshirdi.

Myuller xulosasiga ko’ra, Tramp kampaniyasi saylov natijasiga ta’sir qilish maqsadida Rossiya bilan til biriktirmagan. Biroq Tramp tergovni izdan chiqarish va shu tariqa adolat yo’lini to’sishga harakat qilganmi, yo’qmi, degan savol ochiq qoldi.

AQShdagi uzoq yillik siyosiy an’anaga ko’ra, amaldagi prezident jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG