AQShdagi markaziy osiyoliklar bugungi siyosiy muhit haqida nima deydi?

Nyu-York

Markaziy Osiyo mamlakatlaridan AQShga kelib yashayotgan minglab muhojirlar bu mamlakatdagi siyosiy jarayonlarga befarq emas, xususan bu yilgi saylovlar va ulardan keyingi jarayonlarga. “Amerika Ovozi” Nyu-York va Filadelfiyadagi O’zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg’iziston va Qozog’istondan chiqqan faollar bilan gaplashdi.

Bahodir Qudratov, Filadelfiyadagi o'zbekistonliklar jamiyati rahbari:

“Tushunishimcha [3-noyabr kuni bo’lib o’tgan saylovda] kutilgan tanlov bo’ldi. Chunki o’tgan to’rt yil davomida prezident [Donald] Trampga bo’lgan munosabat, siyosiy munosabat deylik, xalqning munosabati emas, uning raqiblarining, o’zga partiyadan bo’lgan raqiblarining qilgan harakatlari o’zining mevasini, natijasini berdi desak bo’ladi”.

Umed Ahmadzoda, Nyu-Yorkdagi tojikistonlik mustaqil jurnalist:

“Saylovoldi kampaniyasi qaynoq, keskin raqobat va intrigalarga boy kechganiga qaramasdan Qo’shma Shtatlarda o’tgan saylov shaffof va demokratik o’tdi. Va unda AQSh fuqarolari kelasi to’rt yil davomida Oq uy egasi kim bo’lishini hamda bu muddatda qaysi siyosatchi mazkur davlarni, xalqni boshqarishini aniqladilar, ma’lum qildilar. Xalq demokratlardan bo’lgan nomzod [Jo] Baydenni tanladi. Dastlabki natijalar uning g’alabasini aytib turibti. Hozir barchamiz yakuniy natijalarni kutyapmiz. Ammo hozirdan shu narsa ayonki xalq Jo Baydenni saylagan. Shuning uchun Amerikada Baydenning g’alabasini keng doirada nishonlashyapti”.

Your browser doesn’t support HTML5

Bugungi AQSh Markaziy Osiyodan chiqqan faollar nigohida

Bekjan Idrisov, Nyu-Yorkdagi qozog’istonlik mustaqil jurnalist:

“Hali oldinda sudlashuvlar bor, Oliy sudga murojaatlar bo’ladi. Bu yerda so’nggi nuqtani Saylov kollegiyasi qo’yadi. Albatta, AQSh tarixida Saylov kollegiyasi partiya intizomiga qarshi ish ko’rgani hali kuzatilmagan. Shunga qaramasdan bu saylovlar noodatiy. Ular juda muhim. Ular nostandart. Shuning uchun uning natijasidan har narsani kutish mumkin. Oliy sud ham misli ko’rilmagan qarorlarni qabul qilsa, ajabmas. Hozirda Baydenni g’olib deb e’lon qilishgani kelsak - buni media qildi. Ammo rasmiy ishlar hali yakun topmagan. Aynan shunga men e’tibor qaratyapman. Shuning uchun kelinglar, sabr qilamizda, jarayon intihosiga qaraymiz. Aytadiganim shu”.

Azamat Siddiqov, Nyu-Yorkdagi Qirg’iz-Amerika jamg’armasi nodavlat tashkiloti prezidenti:

“3-noyabr kuni bo’lib o’tgan AQSh prezidenti saylovi - bu mamlakatda o’tadigan standart amaliyot. Har to’rt yilda bir marta yangi prezident saylanadi. Demokratiya. Odamlar ovoz beradilar. G’olib tanlanadi. Bu yil ushbu saylovlar noodatiy tabiatini namoyon qildi. Bu narsa so’nggi 4-5 yil davomida kuzatganimiz qarama-qarshiliklar bilan bog’liq edi. U amaldagi prezident ma’muriyati va o’tgan saylovlarda yutqazganlar orasida kechgandi. Barchamiz ana shu qaramaqarshilikni ko’rdik va afsuski, joriy saylovlar ortidan uning davomining guvohi bo’lyapmiz. Qarama-qarshilik, kelishmovchilik davom etyapti… Biz hozir prezident va uning ma’muriyati, shuningdek, respublikachilar partiyasi a’zolari o’zaro kelishib saylovlarni tan olmaslikka urinayotganliklarini ko’ryapmiz. Mening nazarimda, bu hol AQSh uchun xarakterli bo’lmagan ish. Vujudga kelgan holat ko’proq Qirg’izistodagi saylovlarga va sobiq sovet respublikalaridagi, xususan Ukraina va Gruziyadagi saylovlarga o’xshab ketmoqda. Saylovlar tan olinmayotgani bois hozir biz jarayonning biroz xatarli fazasiga kiryapmiz”.

Olga Chariyeva, Nyu-Yorkdagi turkmanistonliklar jamiyati faoli:

“Men Baydenni tinglar ekanman, u o’rta va yuqori sinf amerikaliklar uchun soliqlarni oshirishni gapirdi. Buning ortidan men kabi fuqarolarning topgan pullarini yo’qotishi mumkinligi menga albatta yoqmadi. Shu bois men Trampni saylashga qaror qilgandim. Bundan tashqari yana bir holat mening e’tiborimda bo’ldi. Tramp immigrantlarga qarshi bo’lsada Obama rahbarligi davrida Tramp davlatni boshqargan davrga nisbatan nolegal immigrantlar ko’proq AQShdan deportatsiya qilingan. Ana shularni deb men Trampni saylashga qaror qilgandim”.

Bahodir Qudratov, Filadelfiyadagi o'zbekistonliklar jamiyati rahbari:

“Saylov yakunlari Amerika xalqining tanlovini aniq ko’rsatib berdi deb o’ylayman.

O’zbekistondan kelib, yangi vatanda, Amerikada o’zini hayotini, farzandlarining kelajagini shu diyor bilan, shu mamlakat bilan, shu yer bilan bog’lagan, kelajagini shu joyda ko’rgan insonlarning aksariyati rostini aytish kerak, Donald Tramp tarafdori edi. Kelib ma’lum ishlarini qilib, ba’zibir hayotiy rejalarini amalga oshirib yana qaytib O’zbekistonga ketmoqchi bo’lgan yoki kelajagini bu davlat bilan bog’lamoqchi bo’lmagan, befarqroq bo’lgan insonlarga deymizmi, balki bu noto’g’ri iboradir, ular Jo Bayden tarafdorlari bo’ldi. Men saylov jarayonida qariyb bir yil davomida har ikki tomon nomzodlarning tarafdorlari bilan ko’p muloqotda bo’ldim. Bilasiz Telegramda kanalim bor. “Facebook”da faolman. Ko’p odamlar bilan uchrashaman, ko’pgina tadbirlar bo’lib o’tadi… Agar biz tadbirkorlik bilan shug’ullanadigan, bu yerda bir ish bilan mashg’ul bo’lib, aytganimdek o’zining va farzandlarining kelajagini Amerika bilan bog’layotgan, umidvor bo’lgan insonlarga Donald Tramp yaxshiroq. U noan’anaviy siyosatchi sifatida ham taniqli va muvaffaqiyatli tadbirkor sifatida bizning insonlarda unga moyillik ko’proq edi deb o’ylayman. Albatta, demokratik tamoyillar, demokratik davlat qonunlari tamoyillari nuqtai nazaridan juda yaxshi saylov bo’ldi. Xalq o’z vakilini sayladi, o’zining prezidentini sayladi. Lekin agarda iqtisodiy, ijtimoiy nuqtai nazardan qarasak, bu mening shaxsiy fikrim, Amerika uchun, Amerika jamiyati uchun orqaga qaytish, orqaga qadam bo’ldi deb o’ylayman”.

Umed Ahmadzoda, Nyu-Yorkdagi tojikistonlik mustaqil jurnalist:

“Kuzatishlar shuni ko’rsatmoqdaki, saylovga xalq juda faol ishtirok etdi. Hatto rekord o’rnatildi deyishdi. Joriy yildagi saylovni xalq jiddiy qabul qildi va unda ishtirok etdi. Xalq toza nafasni istagandi. To’rt yillik faoliyati davomida Donald Tramp xalqni biroz charchatgandi. Amerikani immigrantlar mamlakati ham deyishadi. Biroq qudratga kelganining ilk kunidan boshlab Donald Tramp immigrantlarning imkoniyatlarini cheklash uchun ko’p intildi. AQSh va Meksika o’rtasida devor rostladi. Bir qator mamlakatlar fuqarolarining mamlakatga kirishini ta’qiqladi. Hatto grin karta o’yinini ham bekor qilishni istadi. Bularning barchasi Amerikaning keng qatlamdagi aholisi kayfiyatiga jiddiy ta’sir qildi. Buning ortidan xalq toza nafas kirib kelishiga umidvor edi. Baydenning Oq uyga kelishidan ular mazkur qiyinchiliklar o’rtadan ko’tariladi degan umidda. Baydenning o’zi ham saylovoldi kampaniyasida muhojirot siyosati yuzasidan ko’p va’dalar berdi. AQSh uchun dog’ga aylangan va Jorj Floyd o’limidan so’ng keskinlashgan irqchilikka barham berishga qaratilgan va’dalari bor. Baydenning bu masalalar yuzasidan saylovoldi dasturlari odam ko’nglini ko’taruvchi. Menimcha, 3-noyabr kuni Amerika xalqi mamlakatning bugungi siyosatidagi ana shu toza nafas uchun ovoz berishdi. Xudo xohlasa ana shu maqsadlariga erishishadi ham. Chunki Bayden katta tajribaga ega, u 50 yildirki Amerikaning siyosat qozonida qaynab keladi. Sakkiz yil vitse-prezident bo’lgan. Bayden Amerikaning ichki va tashqi siyosatining murakkab tomonlarini juda ham yaxshi biladi. Umid qilamizki bu masalalrni amerikaliklar manfaati yo’lida hal etishi uchun uning vaqti yetadi.

Amerikada muqim yashaydigan tojiklar boshqa muhojirlar qatori saylov natijasini yaxshi qabul qildilar. Chunki, yana bir bor takrorlayman, saylov shaffof o’tdi. Quvonarli tomoni esa shundaki Amerika demokratik davlat va bu yerda yashaydigan tojikistonliklar uning saylovi natijasini qabul qildilar. Zero, yana bir bor takrorlayman, Bayden immigratsiya siyosatiga ezgu qarash bilan yondashishni va bu yo’lda yangiliklar kiritishni va’da bermoqda. Shuning uchun ham biz xursandmiz. Bayden g’alabasini quvonch bilan qarshilarkanmiz, ushbu voqea Amerikadagi demokratiyaning tantanasi degan fikrdamiz”.

Azamat Siddiqov, Nyu-Yorkdagi Qirg’iz-Amerika jamg’armasi nodavlat tashkiloti prezidenti:

“Xolis, betaraf va mustaqil kuzatuvchi, qolaversa oddiy fuqaro sifatida shuni ayta olamanki, mazkur saylov ushbu davlat ikkiga bo’linganini namoyon qildi. Saylovni aytish mumkinki, mini referendum desa ham bo’ladi. Kim qaysi tomondaligini aniqlab bergan bir referendum. Hozir biz har ikki tomonda ham deyarli o’xshash raqamlarni ko’ryapmiz. Ikkita Amerika mavjudligini ko’ryapmiz. Biz bir mamlakat ichidagi ikkita mamlakatni ko’ryapmiz. Ushbu saylovlar chindan noodatiy va xatarli. Vaziyat tezroq oydinlashini istardim.

Umuman olganda Amerikaning mo’jizasi nimada yashirin? Amerika buyuk mamlakat. Bu hokimiyat xalqqa tegishli mamlakat. Bu Kongress, Senat va boshqa institutlar orqali hokimiyat xalq vakillari qo’lida bo’lgan bir mamlakat. Ya’ni Amerika bizning tasavvurimizdagi an’anaviy, bizdagidek va ko’plab boshqa malakatlaridagidek hokimiyat absolyut ravishda prezident qo’lida bo’lgan mamlakat emas.

Xullas, Bayden g’alabasi u psixoligik g’alaba. Uni odamlar ko’chalarga chiqib tantana qilishdi, nishonlashdi. Lekin shu qatorda hozir biz murakkab haqiqatning guvohimiz. Ikkinchi tomon saylovni tan olmayapti va oyoq tirab turibdi. Bu hol qachongacha davom etishini ham, hokimiyatni topshirish tinch o’tishi qaysi shartlar asosida amalga oshishini-yu Bayden o’z raqiblari bilan kelisha oladimi, u sobiq ma’muriyatning ayrim qarorlarini bekor qilaoladimi buni ham bilmaymiz. Bayden shu yo’lda ishlaydi. Chunki AQShda prezidentlik instituti bu to’laqonli, keng ko’lamdagi hokimiyat emas. Prezidentlik instituti bu keng ko’lamdagi ish. Sen prezident etib saylandingmi, ishlashingga to’g’ri keladi. Shuning uchun umidim shuki Bayden yaxshi va betinim ishlasin. Va u ana shu buyuk xalqni birlashtirsin. Eng muhimi, bu mamlakatda provokatsiyaga yo’l bermasin”.