AQSh Xitoy bilan raqobatda ittfoqchilarga, savdo va sarmoyaga tayanadi

  • Amerika Ovozi

AQSh Xitoyni global iqtisodiyotdan siqib chiqarishga intilmaydi, ammo Pekinning xalqaro qoidalarga amal qilishini istaydi, deydi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken, o’z mamlakatining Xitoyga nisbatan siyosatini tushuntirar ekan.

Vashington Xitoyning o’z iqtisodiyotini rivojlantirishiga to’sqinlik qilmaydi, siyosiy tizimini o’zgartirishga ham urinmaydi, deydi bosh diplomat. Biroq davlatlar, jumladan, AQSh va Xitoy yonma-yosh yashashi uchun tinchlik va xavfsizlikni ta’minlovchi xalqaro huquq va tuzilmalarni himoya qilmoq zarur.

“Biror mojaro yoki yangi sovuq urush istamaymiz. Aksincha, har ikkisini bartaraf etishga bel bog’laganmiz”, - dedi Blinken Jorj Vashington universitetida qilgan nutqida.

Blinkenning nutqi, ingliz tilida:


Tramp ma’muriyati davrida o’ta sovuqlashgan AQSh-Xitoy munosabatlari Jo Bayden saylanganidan keyin ham iliqlashgani yo’q. Prezident Bayden Trampning Xitoy mahsulotlariga qo’ygan keng qamrovli tariflarini bekor qilmadi, shuningdek, Xitoyning o’sib borayotgan ta’sirini kamaytirish maqsadida Hind-Tinch okeani mintaqasidagi ittifoqchilar bilan yaqinroq aloqa o’rnatishga intilmoqda.

2021-yilning yanvarida prezidentlikka kirishgan Baydenni respublikachilar va ayrim kuzatuvchilar Xitoy bo’yicha siyosat haligacha e’lon qilinmagani yuzasidan tanqid qilib kelayotgan edi. Dunyoda ikkinchi eng yirik iqtisodiyotga ega Xitoy - AQShning asosiy strategik raqibi.

O’tgan bir yilda tashqi siyosiy inqirozlar, jumladan, Afg’onistondagi harbiy missiya va Ukrainadagi urush bilan band bo’lgan Bayden Xitoyning AQShdan o’zib ketishiga yo’l qo’ymaslikka va’da bergan. Ukraina inqirozi natijasida yuzaga kelgan ittifoqchilar orasidagi yangicha birdamlik bu yo’lda qo’l kelmoqda.

Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I bugun Tinch okeanidagi orol davlatlar bo’ylab sakkiz kunlik safarga otlandi. Solomon orollari o’tgan oy Xitoy bilan xavfsizlik shartnomasi imzolagan, Xitoy bu yerda baza ochishi mumkin degan xavotirlar bor.

“Prezident Putinning urushi davom etayotgan bo’lsa-da, uzoq muddatda xalqaro tartib uchun eng jiddiy tahdid bu Xitoy va u e’tiborimizda qoladi, – deydi Blinken. – Chunki Xitoy bu tartibni o’zgartirish niyatida bo’lgan hamda buning uchun iqtisodiy, diplomatik, harbiy va texnologik salohiyatga ega yagona davlatdir”.

Buni ham ko'ring AQSh-Xitoy yetakchilarining virtual sammitida nimalar muhokama qilindi?

Repressiv va agressiv

Vashington anchadan buyon Xitoyni adolatsiz savdo amaliyotlarida, xususan, davlat subsidiyalari va bozorga kirish uchun to’siqlar barpo etganlikda tanqid qilib keladi. Blinken nutqida Prezident shaxsan Si Zinpinni nishonga oldi.

“Prezident Zinpin davrida hukmron Kommunistik partiya mamlakatning o’zida yanada repressiv, xorijda esa yanada agressiv yo’ldan bordi”, - deydi Blinken.

Amaldagi xalqaro tartib-qoidalar sharofati bilan muvaffaqiyat qozongan Xitoy endi bu tizimni barbod qilishga harakat qilmoqda, deydi u.

Xitoy, Blinkenga ko’ra, “kelajak sanoatlari” ustidan hukmronlik qilish ilinjida. AQSh bunga javoban o’z raqobatbardoshligini oshiradi, ittifoqchilari va sheriklari bilan aloqani mustahkamlaydi.

Bayden ma’muriyati Pekin bilan ko’plab masalalar bo’yicha to’g’ridan-to’g’ri gaplashishga tayyor, deydi diplomat, ammo Xitoy e’tirozlar va xavotirlarni barataf etishga qaratilgan qadamlar tashlashi kerak. Blinken AQShning Xitoyga ta’sir o’tkazish imkoniyatlari cheklanganini ham tan oladi.

“Pekin o’z trayektoriyasini o’zgartirishiga ishonch past. Shuning uchun biz ochiq va inklyuziv xalqaro sistema yaratish uchun Pekin atrofidagi stragetik muhitni shakllantiramiz”, - deydi u.

Buni ham ko'ring Sarhisob: 2021-yilda Xitoy qanday tashqi siyosat olib bordi?

Tayvan

Tayvan masalasida, Blinkenga ko’ra, AQSh pozitsiyasi o’zgargani yo’q. Tayvan mustaqilligini qo’llamaymiz, lekin u bilan “kuchli norasmiy munosabatlarga egamiz”, dedi Blinken nuqtida. Tayvan Tashqi ishlar vazirligi AQSh orol xavfsizligiga sodiqligini yana bir bor ta’kidlagani uchun Blinkenga minnatdorchilik bildirdi.

Avvalroq Baydenning Xitoy bosqinidan o’zini himoya qilish uchun Tayvanga harbiy yordam beramiz degan bayonoti shov-shuvga sabab bo’lgan edi. Blinkenning tasdiqlashicha, AQSh hanuz “Yagona Xitoy” siyosatini qo’llab-quvvatlaydi.

Ushbu siyosat doirasida Vashington diplomatik jihatdan Taybeyni emas, Pekinni tan oladi, biroq shu bilan birga Tayvanga o’zini himoya qilish uchun harbiy yordam ham uzatadi.

Blinkenning ta’kidlashicha, AQShning Tayvan bo’yicha siyosati o’zgarmas bo’lib qolmoqda, ammo Pekin “Tayvanning boshqa davlatlar bilan aloqalarini uzishga, xalqaro tashkilotlarda ishtirokini to’sishga” urinmoqda.

Buni ham ko'ring BMT oliy komissari Xitoyga tashrifini boshladi

Inson huquqlari

AQSh va ittifoqchilari, deydi Entoni Blinken, Shinjonda sodir etilayotgan genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlarni qoralaydi.

“Pekin nazdida bular ichki masalalar va boshqalar bu haqda gapirishga haqli emas. Bu noto’g’ri. Uning Shinjon va Tibetdagi etnik va diniy ozchiliklarga nisbatan munosabati BMT nizomiga va Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga zid”, - deydi u.

Shu hafta “Shinjon politsiya fayllari” degan hujjatlar, uyg’urlar nishonda ekanini ko’rsatuvchi minglab fotosuratlar fosh bo’ldi. Ular mintaqadagi politsiya idoralari kompyuterlaridan xakerlik yo’li bilan o’g’irlangani aytilmoqda.

2021-yilning yanvarida AQSh Xitoyning uyg’ur xalqiga nisbatan siyosatini rasman genotsid va insoniyatga qarshi jinoyat deb belgilagan edi.

"Reyter" va "AP" ma'lumotlaridan foydalanildi