Inson huquqlari bo'yicha xalqaro "Human Rights Watch" (HRW) tashkiloti tahlilicha, O'zbekistonda hukumat diniy erkinlik bo'yicha majburiyatlarini ado etmayapti, berilgan va'dalarini bajarmayapti. HRWga ko'ra, Mirziyoyev ma'muriyati minimal o'zgarishlar bilan cheklanib, uzviy huquqlarni ta'minlash tomon mayda qadamlargina tashlab, buni ulkan progress deya ko'rsatishga urinmoqda. Aslida esa, deyiladi HRW tadqiqoti xulosalarida, respublikada e'tiqod erkinligi bilan bog'liq vaziyat hamon og'ir.
"O'zbekistonda hukumat diniy fikr va qarashlarni "ektremizm" deb talqin qilishga o'rgangan. Diniy guruhlar va dindorlar doimiy siquvda",- deya tasvirlanadi 23-may kuni chiqqan hisobotda.
HRW O'zbekistonni Jinoiy kodeks va boshqa qonunlarni qayta ko'rib chiqishga, tizimni xalqaro inson huquqlari qonunlarga moslashga undamoqda.
Xulosa shuki, O'zbekistonda diniy tashkilotlarni ro'yxatdan o'tkazish hali ham amri mahol. Dindorligi uchun qamalib chiqqanlar asossiz nazoratda. Mutaassiblik nima ekani aniq belgilanmagan va har qanday shaxs namozxonligi yoki erkin fikri uchun og'ir ayblovlar bilan yuzlashishi mumkin.
Buni ham ko'ring AQSh diniy erkinlik hisoboti: Markaziy Osiyo cheklovlar ostidaHRWning Markaziy Osiyo bo'yicha eksperti Mira Rittmen deydiki, “Prezident Shavkat Mirziyoyev O'zbekistonda diniy erkinlik kengayadi deb bong urishiga qaramasdan, real ahvol huquqbuzarlik bilan to'la. Huquqni buzganlar javobgarlikka tutilmaydi".
HRW tan oladiki, Mirziyoyev davrida Islom Karimov prezidentligi paytidagi kabi musulmonlarni yoppasiga qamoqqa olish hollari uchramaydi. Mirziyoyev pushaymonman degan minglab mahkumlarni avf etgan, minglab odamlar qora ro'yxatlardan chiqarilgan. Shuningdek, hozirda diniy liboslar va islomiy ko'rinishga sistematik qarshilik yumshagan. Lekin soqolni majburlab oldirish hollari uchrab turadi.
Biroq, deya qayd etadi Rittmen, dindorlik hukumat nazarida hamon tahdid, diniy guruhlar tazyiq ostida.
HRW olib borgan izlanishlarda o'zbekistonliklar, xususan musulmonlar va nasroniylar, bir narsani alohida ta'kidlagan: diniy erkinlikka tizim fuqaroning fundamental huquqi emas, hukumat bergan imkoniyat va ehsondek qaraydi.
Dunyoviy tuzum bo'lgani sabab O'zbekistonda din va boshqaruv bir-biridan alohida, ammo e'tiqod bilan bog'liq har qanday faoliyat elakdan o'tkaziladi.
HRW shu yilning mart oyida Toshkent va Farg'ona viloyatlarida 20 faol, bloger, yuristlar va huquqi buzilgan insonlar bilan gaplashgan. 10 ga yaqin tergov va sud ishlari tahlil qilingan. Qo'shimcha suhbatlar olib borilgan.
Aprel oyida HRW bu so'rovlar sarhisobi bo'yicha hukumatga murojaat qilgan. Yozma javobda cheklovlar tan olinmagan. Mutasaddilar tashkilotga bildirishicha, O'zbekistonda qonunchilik xalqaro standartlarga javob beradi va hammaning din va vijdon erkinligi kafolatlanadi.
HRW oxirgi uch yildagi yetti holatni o'rganib chiqqan. Ulardan birida Toshkentda 20 yoshli talaba islomiy qo'shiqni telefoniga yuklab eshitgani uchun uch yilga qamalgan, chunki hukumat "ekstremistik" deb hisoblagan bu nashidani u Telegramda kursdoshlari bilan baham ko'rgan.
Buni ham ko'ring Mafkuraviy ekstremizm yoki qonli ekstremizm? O'zbekistondagi e'tiqod erkinligi AQShda muhokamadaKarimov zulmidan chetga qochib, keyinchalik vatanga qaytganlar sudlangan hollar ko'p, aynan ekstremizmda ayblanib. Vaholanki, deydi ularning yaqinlari, tizim ularga tegmaslikka so'z bergan.
BMT ham O'zbekistonga diniy erkinlik bilan boq'liq qonunlarni yangilashni, liberallashtirishni tavsiya qilib keladi.
Respublika - BMT Inson huquqlari kengashi a'zosi, ammo mamlakatdagi tartib va vaziyat xalqaro me'yorlardan past, deya tanqid qiladi HRW.
AQSh Xalqaro diniy erkinlik komissiyasi ham o'xshash xulosa bilan chiqqan va 2023-yilgi hisobotida O'zbekistonga nisbatan muayyan choralar ko'rishga chaqirgan.
“Mamlakat rahbariyati e'tiqod erkinligi yo'lida hali juda ko'p ishlar qilishi kerakligi aniq. O'zbekistonning hamkorlari to'xtab qolgan islohotlar qayta boshlanishi, fuqarolarning huquqlari, jumladan diniy erkinliklari ta'minlanishi uchun turtki berishi, hissa qo'shishi lozim", - deydi HRW eksperti Rittmen.