Bayden-Tramp: Ilk debat qanday kechdi?

  • Amerika Ovozi

Oldin bunaqasi bo'lmagan: Amaldagi prezident va sobiq prezident yuzma-yuz debatda, 27-iyun, 2024

AQShda 5-noyabrda kutilayotgan prezidentlik saylovi oldidan nomzodlar orasidagi ilk debat - Jorjiya shtatining Atlanta shahrida "CNN" telekanalida kechgan bahsda demokrat Jo Bayden va respublikachi Donald Tramp bir-biri bilan qo'l berib ko'rishmadi.

Oldin bunaqasi bo'lmagan: amaldagi prezident va sobiq prezident yuzma-yuz. Trampga ko'ra, undan Baydenga kuchli iqtisod va xavfsiz Amerika qolgan, o'tgan to'rt yil ichida esa demokrat prezident mamlakatni har tomonlama parokanda qildi, deydi respublikachi.

Bayden esa buning aksini aytadi. Unga ko'ra, 2021-yilning yanvarida Oq uyda ish boshlaganidan beri Amerika iqtisodiy, siyosiy va boshqa jabhalarda yanada mustahkamlanib, fuqaroning tizimga ishonchi oshdi.

Prezidentlik uchun debat, "CNN" telekanali, Atlanta, 27-iyun, 2024

Iqtisodiy chigalliklar

Qarzni kamaytirish uchun nima qilasiz degan savolga har ikkisi o'z iqtisodiy yondashuvini himoya qilish bilan javob berdi.

Tramp fikricha, xususiy sektor va tadbirkorlar kamroq soliq to'lashi kerak. Bayden fikricha esa respublikachining siyosati ish bermagan, Amerikada biznes va aholi hayotini yaxshilamagan.

Bayden uning prezidentligida AQSh daromadi oshgani, zarur sohalar uchun sarmoya qilishga imkon yaratilganini da'vo qiladi.

Tramp deydiki, Amerikaga kirib kelayotgan xorijliklar ulkan xarajatlarga sabab bo'lmoqda, xalqni mablag'dan ayirmoqda, hukumat misli ko'rilmagan darajada ko'p moliya sarflamoqda. Uning so'zlariga ko'ra, demokrat prezident Amerika xalqiga o'ta qimmatga tushmoqda.

Prezidentlik uchun debat, "CNN" telekanali, Atlanta, 27-iyun, 2024

Abort masalasi

Homilani oldirib tashlash - Amerikada ayolning konstitutsion huquqi emas, deb qaror qilgan Oliy sud haq, deydi Tramp. Abortga mas'uliyatsizlik bilan qarashga o'rgangan odamlar, deydi u, endi ogohroq.

Bayden fikricha esa Oliy sudning ikki yil oldingi bu xulosasi Amerika xalqi manfaatlariga ziddir. Ayollarning hayoti qiyinlashgan, deydi u, odamlar xohlagani uchun emas, majbur bo'lganidan homilani oldirishga qaror qiladi.

Tramp deydiki, bu masalada har bir shtat o'zi bilib ish ko'rayotgani ma'qul. Federal hukumat bosh suqmasligi lozim, deydi u.

Bayden oldingi tizimga qaytish tarafdori: ayol salomatligi yuzasidan shifokor va bemorning o'zi qaror qilishi shart. Homila taqdiri vaziyatga qarab belgilanadi, degan pozitsiyada u qat'iy. Hech kim abortni quvvatlamaydi, deya tushuntiradi u, salomatlik qil ustida bo'lgan hollardagina homilani oldirib tashlash mumkin.

Prezidentlik uchun debat, "CNN" telekanali, Atlanta, 27-iyun, 2024

Immigratsiya

Noqonuniy migrantlar katta sonlarda kirib kelishda davom etarkan, saylovchi nega Baydenga ovoz berishi kerak?

Baydenning javobi shuki, uning prezidenligida oqim pasaydi, chegarada gumanitar vaziyat yaxshilandi, immigratsion chigalliklarni hal etish uchun aniq choralar ko'rila boshladi.

Tramp deydiki, uning davrida chegara xavfsiz holatga keltirilgan, AQSh darvozalari mahkamlangan. Bayden uning bu da'volarini asossiz deb hisoblaydi, Trampning prezidentligida chegarada odamlar katta sonlarda o'lganini, oilalar ajratilganini aytadi.

Respublikachi fikricha, Bayden ataylab uning paytida boshlangan ishlarni to'xtatgan va xalqqa ziyon yetkazgan. Demokrat nomzod deydiki, Tramp yolg'onchi va reallikdan yiroq. Raqibining so'zlari va "safsata"larini u lan'atlaydi.

Bahsda ayniqsa urush faxriylariga nisbatan munosabat yuzasidan achchiq so'zlar almashildi, tomonlar bir-birini vijdonsizlikda aybladi.

Prezidentlik uchun debat, "CNN" telekanali, Atlanta, 27-iyun, 2024

Rossiya, Ukrainadagi urush

Ukrainada oxiri ko'rinmayotgan mojaroga nisbatan takliflari so'ralganida Tramp deydiki, Baydenni urushayotgan tomonlar "bir tiyinga olmaydi" Rossiya rahbari Vladimir Putin nazarida Bayden noshud prezident va Kremlning yondashuvi shunga yarasha".

"Putin Ukrainani hech qachon bosib olmagan bo'lar edi, agar Amerikadan qo'rqqanida!" - deydi Tramp.

U Baydenni bu urushdagi barcha xatolar va talafotlarda ayblar ekan, Bayden o'z siyosatini oqlashga urinib, Afg'onistondan chiqish Tramp iddao qilayotganidek Rossiyani Ukrainaga agressiya qilishga yetaklamaganini aytadi.

Putin aslida Ukrainaga Tramp prezidentligi davrida ko'z olaytira boshlagan, deydi Bayden.

"Bu urush aslo boshlanmasligi kerak edi", - deydi Tramp. Uning fikricha, AQSh milliardlab dollarni bu urush uchun bekorga sarflamoqda, begunoh odamlarning qoni to'kilmoqda. Prezidentlikka saylansa, Tramp birinchi kunlardayoq bu mojaroga nuqta qo'yishni va'da qilmoqda.

"Putin bu urush bilan to'xtamaydi. Biz naqd pul berayotganimiz yo'q, qurol va harbiy yordam uzatayapmiz va bu xarajat bizning tinchligimiz va manfaatlarimiz uchun xizmat qiladi", - deydi Bayden.

Demokrat nomzod deydiki, AQSh yetakchilgida dunyo Rossiyaga qarshi yakdil va Kremlni kuchli bosim ostida ushlab turibdi.

Mayami, Florida shtati, 27-iyun, 2024

Yaqin Sharqdagi qonli urush

Bayden fikricha, G'azodagi urush ortida XAMAS turibdi va hozirgi urush uning aybi bilan boshlangan. AQSh Isroilni quvvatlashda davom etishi kerak, XAMAS yo'q qilinishi lozim, deydi prezident.

Lekin Bayden G'azo aholisini ayashga ham undaydi. Isroil qurol ishlatishda ehtiyot bo'lishi kerak, deydi u.

Tramp ham Isroilni himoya qiladi, ammo Baydenni bu borada ham zaif deb biladi. Respublikachi fikricha, Isroil Amerikaning hozirgi rahbarini hurmat qilmaydi.

O'tgan yilning 7-oktabrida boshlangan qonli urushni qanday tugatish mumkinligi haqida nomzodlar debatda biror taklifni o'rtaga tashlamadi.

Prezidentlik uchun debat, "CNN" telekanali, Atlanta, 27-iyun, 2024

Demokratiya

Tramp uning prezidentligi tugayotgan kunlarda Kongressga qilingan hujumda aybi yo'qligini aytadi. Amerikada vaziyat joyida edi, dunyo ham unga jiddiy qarar edi, deydi respublikachi. Unga ko'ra, Kongressdagi g'alayonda uning roli yo'q va prezident sifatida u biror qonunni buzmagan.

Bayden deydiki, qonunchilarning idorasiga bostirib kirib, Kongressga hujum qilganlar Trampning undovi bilan shunday qilgan. Prezident fikricha, 2021-yilning 6-yanvarida bir necha inson nobud bo'lgan voqealarda Tramp boshdan oyoq aybdor.

Tramp esa Bayden Amerikani beqarorlashtirdi, deydi.

Bayden raqibini "jinoyatchi" deb atadi. Prezident so'zlariga ko'ra, Tramp Amerika xavfsizligiga tahdid solganini aslo tan olmaydigan darajada irodasiz.

Tramp bunga javoban Baydenning o'g'li Xanter Baydenni "jinoyatchi" deb atadi. U prezident farzandining sudga tortilganini, aybdor deb topilganini tilga olib, bunda prezidentni ham qoraladi.

Uilmington, Shimoliy Karolina, 27-iyun, 2024

Raqiblardan qasos?

Bayden fikricha, Tramp raqiblaridan qasos olmoqchi ekanini faxr bilan aytishi toqat qilib bo'lmaydigan holat. Prezident respublikachi raqibini qator nomussizliklarda tanqid qiladi.

Tramp esa "aybsizman" deydi va o'zini oqlash uchun sudlashishda davom etishga bel bog'laganini aytadi.

Bayden deydiki, Amerikada biror sobiq rahbar yoki prezidentlikka nomzod shu kungacha qasos degan so'zni tilga olmagan. Trampchalik hech kim yolg'on gapirmagam, noinsoniy yondashuvlarni targ'ib qilmagan va bu qadar yolg'onchi va safsataboz bo'lmagan, deydi prezident.

Tramp fikricha esa AQSh shu kungacha Bayden singari nimjon va noqobil prezident ko'rmagan. U prezidentni bugungi barcha muammolarda aybdor deb bilishini aytadi.

Bayden Trampni uning qo'lida yuqori lavozimlarda ishlagan biror arbob quvvatlamayotganini qayd etdi.

Prezidentlik uchun debat, "CNN" telekanali, Atlanta, 27-iyun, 2024

Qora tanli saylovchilar yuzlashadigan muammolar

Bayden prezidentligi davrida qora tanli amerikaliklar orasida ishsizlik ozaygan, ammo ular hamon oqlarga qaraganda besh katta ko'proq qamaladi, oilalarning salomatligi muammo, imkoniyatlar cheklangan.

Prezident deydiki, uning rahbarligida afro-amerikaliklarning hayoti, xususan tirikchiligi, bilim olishi, ijtimoiy himoya yengilashdi. Muammolar hamon talay, deya tan oladi u, ammo hukumat ularga har doimgidan ham yaxshiroq qaramoqda.

Tramp Baydenni iqtisodni yakson qilganlikda ayblasa, Bayden aslida uning paytida vaziyat og'irlashganini aytadi. Ikkisi bir-birini qora tanli saylovchini e'zozlmaganlikda, irqiy tenglikka intilmaganlikda aybladi.

San Diyego, Kaliforniya, 27-iyun, 2024

Iqlimdagi salbiy o'zgarishlar

Iqlimdagi salbiy o'zgarishlar Amerika hayotida kun sayin ko'proq sezilmoqda, qanday choralar ko'rasiz?

Tramp toza suv va havo xohlashishi aytdi va bunga intilishga va'da berdi.

Bayden esa uning prezidentligi davrida Amerika iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga nisbatan konkret qadamlar tashlay boshlaganini, Kongress bu borada "eng keng ko'lamli qonun" qabul qilganini aytadi.

Prezident fikricha, Tramp iqlimni va atmosferani umuman tushunmaydi.

Tramp desa demokratlarni, xususan Baydenni ekologiya himoyasi deya milliardlab dollarni isrof qilganlikda ayblaydi. AQShni u turli "keraksiz kelishuvlar"dan chiqargani va chiqarishga uringanini respublikachi mamnuniyat ila tilga oldi.

Bayden esa buni "aqlsizlik" isboti deya izohladi.

Prezidentlik uchun debat, "CNN" telekanali, Atlanta, 27-iyun, 2024

Ijtimoiy himoya

Bayden nazarida boylar ko'proq soliq to'lasa, Amerikada ijtimoiy himoya joyida bo'ladi.

Oq uyga qayta saylansa, Bayden nafaqaxo'rlar va yordamga muhtoj odamlarga g'amxo'rlik qilish uchun dasturlarni kengaytirishga so'z berdi.

Tramp ijtimoiy himoyaga qarshi va bu masalani ham tushunmaydi, qadrlamaydi, dedi Bayden.

Respublikachi nomzod esa prezidentni yolg'onda ayblaydi. Ijtimoiy himoyani aslida u vayron qilmoqda, deydi Tramp, xususan "noqonuniy immigrantlarga quchoq ochib".

Tramp demokrat raqibini keldindilar boshini silab, amerikaliklarning nonini ular bilan bo'lishayotganlikda tanqid qiladi.

Bayden esa Amerika immigrantlarni jalb qilayotganining sababi davlatning nufuzi baland ekani, u hamon orzular diyori ekanini aytadi. AQSh qudratining bir qismi muhojirlarni qabul qilishida va ular keltiradigan foydada, deydi Bayden.

Tramp esa Baydenni immigrantlarni xushlab, Amerikani davlat sifatida yo'q qilayotganlikda ayblaydi. Bayden esa u boshqarayotgan davlat dunyodagi eng kuchli tizim ekanini, Tramp prezidentligi mamlakat tarixidagi eng sharmandali yillar bo'lgan, deya ta'kidladi.

Vashington, 27-iyun, 2024

Oilalar ulardan qanday naf ko'radi?

Tramp deydiki, amerikaliklar soliqlardan to'ygan bo'lsa, Baydenga ovoz bermasligi kerak. Demokrat prezident ostida oilalarning hayoti aslo osonlashmaydi, deydi u.

Bayden esa buning aksini aytadi. O'rta sinf Tramp davrida kichraygani, imtiyozlardan ayrilganini qayd etadi.

Raqiblar bir-birini "eng yomon prezident" deb biladi.

Opioidlarga qarshi kurash

Og'riqqa qarshi dorilarga mukkasiga ketgan amerikaliklar orasida aynan shu sabab jon berayotganlar ko'p.

Tramp deydiki, pandemiyagacha Amerika uning boshqaruvida tibbiy jihatdan tetiklasha boshlagan edi.

Qoradorining chetdan kirib kelishini to'xtatish uchun choralar hozirda mustahkam, deydi Bayden, ammo bu sa'y-harakatlarning o'zi yetmaydi, ilg'or texnologiya zarur.

Tramp bu muammoni ham chegaraga bog'laydi. Qoradori asosan Meksikadan kirib kelmoqda, chunki chegaralar ochiq, himoyalanmagan, dedi Tramp.

Oq uy - AQSh prezidentining idorasi va rezidensiyasi

Prezidentlik uchun judayam qari emasmisiz?

Bayden o'z davrida Senatga saylangan eng yosh amerikaliklardan biri bo'lganini eslatdi. Endi qarigani uchun unga zaif deb qarashlariga u qarshi. Tramp undan uncha yosh emasligini ham qayd etar ekan, Bayden o'zini salohiyatli va qobil inson deb ta'riflaydi.

Prezident fikricha, Tramp Amerikaga ishonmaydi. Shuning uchun ham davlatni qulayotgan tizim deb tasvirlaydi, deydi u, vaholanki, AQSh barcha jabhalarda hamon tetik va kuchayib bormoqda.

Tramp aqlan va jismonan sog'lom ekanini aytadi, ruhiy ko'riklardan muvaffaqiyatli o'tganini da'vo qiladi.

Bayden deydiki, kim sog'lomroq ekanini odamning ko'rinishidan bilish mumkin. Tramp bilan jismoniy va aqliy bellashuvga tayyor ekanini aytadi.

Yutqazsangiz nima bo'ladi?

Tramp bu haqda gapirgisi kelmasligini ta'kidlar ekan, beqarorlik yuzaga kelishini istamasligini aytadi.

"Bayden yaxshi prezident bo'lganida men Oq uy uchun kurashmagan bo'lar edim, ko'plab hovlilarimdan birida dam olayotgan bo'lar edim", - deydi respublikachi.

"Uchinchi jahon urushi xohlasangiz, unga ovoz berasiz", - deydi Bayden.

Amerikaga dunyo havas qilishini aytar ekan, demokrat rahbar deydiki, uni Trampdek odamga hech qachon topshirmaslik kerak.

Tramp esa Rossiya-Ukraina mojarosi misolida Baydenni zaif prezident deya qoraladi.

Saylov adolatli o'tib, natija ishonchli bo'lsa, deydi Tramp, xalq irodasiga bosh egish kerak.

Bayden esa Trampni o'tgan safargi saylov natijasiga chiday olmay, sistemani izdan chiqarishga uringanlikda aybladi.

AQShda prezidentlik saylovi shu yilning 5-noyabrida

Yakuniy so'z

Bayden AQSh soliq tizimi adolatli bo'lishini istashini aytadi. Boylar kam to'lashi to'g'ri emas, deydi u. Debat yakunida u urg'uni amerikalik saylovchi uchun eng muhim bo'lgan omilga - iqtisodga berib, vaziyatni yaxshilashni va'da qildi.

O'ziga to'qlar ko'proq soliq to'lasa, byudjetdagi kamomad ham ozayadi, deydi Bayden.

Tramp esa diqqatni chegaraga qaratib, noqonuniy immigratsiyani darhol to'xtatish kerakligi, hozirgi urushlarga hojat yo'qligi va ular Baydenning aybi bilan boshlagani, harbiylar prezidentga ishonmasligini, dunyo uni mensimasligin da'vo qildi. Bayden bularni safsata deb atadi.

Tramp esa prezidentlikka saylansa, Amerika "qayta oyoqqa turishini" va'da qildi.

Debat tugaganidan keyin ham nomzodlar bir-biriga qo'l bermadi. Baydenning oldiga uning rafiqasi Jill Bayden chiqdi. Tramp esa sahnadan yolg'iz o'zi chiqib ketdi.