"Adashgan yoshlar" qissasi
O’zbekistonda yoshlarning ijtimoiy-siyosiy qarashlariga e`tibor kuchayib, din va jamiyat, qolaversa tuzum haqida o’z fikrini yashirmayotgan yoshlar ta’qib va nazorat ostida.
Hukumat xorijda bilim olgan, yangicha qarashlar bilan qaytgan yoshlardan xavotirlanmoqda.
Yaqinda “Nurchilar” diniy oqimiga a’zolikda ayblanib, bir necha kishi, jumladan Amerikada bilim olib, nohukumat tashkilotlar faoliyatini o’rgangan yoshlardan biri Abdulaziz Dadaxonov uzoq yilga qamalgan edi. U singari yoshlar tashabbusida ochilgan bir necha tashkilotlar yopilgan.
2008 yil O’zbekistonda Yoshlar yili deb e’lon qilingan edi. Yil yakunlandi, yoshlarni qiynayotgan muammolar yechimini topmadi. Ishsizlik bilan bog’liq vaziyat yanada og’irlashgan.
O’zbekiston aholisini 60 foizdan oshig’ini yoshlar tashkil etadi. Ular jamiyatning muhim qatlami.
Mamlakat axborot vositalarida yoshlarni qo’llab-quvvatlash, ularga yaratilgan sharoitlar haqida ko’p va muntazam gapirib kelinadi.
Rasmiy axborot vositalari ayrim hollarda “adashgan yoshlar” qismatiga ham to’xtab o’tadi.
Bu guruh sirasiga mamlakat taraqqiyotiga munosabati o’zgacha, mustaqil fikrlovchi, muxolifat, noan’anaviy diniy guruhlarga qo’shilgan yoshlar kiritilmoqda.
Sharhlovchilar fikricha, ta’qib ostidagilar aqidaparastlar emas, ko'p hollarda zamonaviy va ilg'or yoshlar.
Mamlakatda shunday yoshlar ta’sis etgan til o’qitish markazlari yopilgan.
“Bu markazlar Turkiya ta`lim tizimi tomonidan 1994-1999 yillarda tashkil etilgan edi. Asosiy maqsadi dunyoviy tillar – ingliz, turk tillarini o’qitish. Avval Turkiya tomonidan moliyalashtirildi, keyinchalik bu markazdan chiqayotgan mutaxassislar kuchli ekani bois, xusisiylashtirib olindi. Asosan, Turkiyaga aloqador bo`lgani uchun yopilmoqda”, - deydi “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati faoli Abdurahmon Tashanov.
Hukumat nega erkin fikrli yoshlardan qo'rqadi?
“Intellekt kuchayishi O’zbekiston hukumati uchun tahdid, chunki hukumat siyosati savodsizlikka asoslangan. Masalan, hozirgi kunda mafkuraga e’tibor berilayotgani, bunda o’sha sovet davridagi targ’ibotga qaytilayotgani dunyoviy intellektual rivojlanish oldida juda g’arib ko’rinadi. Shuning uchun yoshlar o`z saviyasini ko`tarishga harakat qilayotgani, ular himoya qilgan progressiv g’oyalar O`zbekiston hukumati uchun tahdid bo`lishi mumkin”, - deydi Tashanov.
So’nggi paytda “Nurchilar” diniy oqimiga aloqadorlikda ayblanib, bir guruh fuqaro ustidan sud jarayoni o`tdi.
Aybdor topilib, uzoq muddatga qamalgan bu fuqarolar, asosan, yoshlar. Orasida jurnalistlar ham bor.
Bu ish bilan bog`liq ko`rilgan bir nechta gazeta va jurnallar faoliyati to`xtatildi.
“"Irmoq" jurnaliga kelsak, u yerda radikalizm, ekstremizm bilan bog’liq birorta maqola yo`q. Aksincha, islomda aqidaparastlikdan qochish, buning sabablarini ilmiy tahlil etish haqida maqolalar bor edi. Bu qarashlar jazolash uchun asos bo'lolmaydi”, - deydi sharhlovchilardan biri.
O`zbekiston televideniyesida “Nurchilar” ekstremist, islomiy xalifat tarafdorlari sifatida tasvirlanadi.
Abdurahmon Tashanov fikricha, O`zbekistonda mustaqil qarashga ega har qanday harakat xavf ostida.
“Buning xavfli yeri yo’q. Lekin avtoritar davlatlar bunday odamlardan qo’rqadi. Shu ma’noda O`zbekiston hukumati ham yoshlarni namoz o’qiyotganidan xavotirga tushgan bo`lishi mumkin. Aslida muammo O`zbekistondagi og’ir turmush sharoitida. Avtoritar boshqaruvdan voz kechilmayotganida”, - deydi Tashanov.
Muammo sababi...
O'zbekiston hukumati yoshlar faoliyatini qo`llab-quvvatlashga qaratilgan turli dasturlar boshlagan.
“Kamolot” Yoshlar-ijtimoiy harakati hukumat puli yordamida faoliyat yuritadi.
Respublika miqyosida “Umid nihollari” yoshlar spartakiadasi muntazam o`tkaziladi. Yoshlar faoliyatini qo`llab-quvvatlashga qaratilgan turli tanlovlar, tadbirlar mavjud.
Bundan tashqari, O`zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova rahbar jamg’arma va tashkilotlar ham yoshlar faoliyati bilan shug’ullanadi.
Sharhlovchilarning aytishicha, hukumat ma’naviy ozuqa o’rniga soxta g’oyalar, turli ko’ngilochar tadbirlarni taklif etayotgani bois ham yoshlarni jalb eta olmayapti.
“Odamlarda ma’naviy qashshoqlik yuzaga kelgan bir paytda xohlaysizmi, yo’qmi yuksak ma’naviyat-dinga murojaat qiladi. “Kamolot” yoki boshqa harakatlar haqida gapirayapsiz, ularning nizomini qarasangiz, faqat ko’ngilochar dasturlar, o`yinlar taklif etiladi. Ularda yoshlarga yuksak ma`naviy ozuqa beradigan, ijtimoiy muammolarga jalb etadigan hech narsa yo’q. “Kamolot”, “Yoshlar ovozi” va “Kelajak ovozi” kabi tashkilotlarsiz ham ko’ngilochar joylar yetarli. Buning uchun hukumat tomonidan qo’shimcha tashkilot tuzilishi shart emas. Yoshlarga o’zlaridagi bo’shliqni to’ldirish uchun mukammal bir ozuqa kerak. Hukumat bera olmayaptimi shu narsani, ular buni boshqa joydan qidiradi”, - deydi sharhlovchilardan biri.
Viloyat televideniyesida ishlayotgan yoshlardan biri deydiki, imkoniyatlarni amalga oshirish uchun sharoit bor, muammo yoshlarning o`zida.
“Yoshlar uchun qonunda ham, amalda ham ancha imkoniyatlar yaratilayapti. Masalan, viloyat televideniyelarida yoshlarga yaxshi sharoit yaratilgan. Faqat meni qiynaydigan narsa, ularda shaharga intilish kuchayib ketdi, o`zlari tug`ilgan tumanda qolib ishlashni istashmaydi”, - deydi u.
Yoshlarni masjidga yubormaslik yechim emas
"Amerika Ovozi" bilan gaplashgan mahalliy jurnalist yoshlarning dinga munosabati haqida mulohaza bildirar ekan, g`oyaviy bo`shliq borligini e`tirof etadi.
“Yoshlarning oqimlarga o’tib ketishi ularning g’oya bilan to’yinmaganidan. Aytmoqchimanki, islomdan qochish kerak emas, islomning ichiga kirish kerak. O’shanda g’oyaga qarshi g’oya bilan kurashish mumkin bo’ladi. Hozirgi kunda maktablarda islomni ham diniy, ham dunyoviy tomondan tushuntirib berish kerak”, - deydi u.
O'zbekiston hukumati jamiyat islomiy tus olishidan, aqidaparastlik kuchayishidan xavotir bildirib keladi.
Yaqindan yosh bolalar, o’smirlarni masjidlarga qatnashini taqiqlash harakati kuchaygan.
Sharhlovchilar nazarida hukumatning o’zi dinga bo’lgan ehtiyojni cheklash bilan boshqa noan’anaviy oqimlarga yo’l ochmoqda.
“Yoshlarning masjidga borishini cheklamaslik kerak, u yerda aynan shu aqidparastlikka qarshi turish o`rgatiladi. Yoshlar buni ham eshitmasa, din haqidagi bilimni qayerdan oladi - nima to’g`ri, nima noto’g’ri. O`zbekistonni tinch qo'yib qo'shni davlatlarga nazar tashlaylik. Rossiya, u yerda biror diniy tadbir bo`ladigan bo`lsa, mamlakat prezidenti, bosh vaziri, hukumat a`zolari o`sha yerda bo`ladi. Din peshvolarining qo'lini o'pib, maslahat so'raydi. Bu to'g'ri namoyish etiladi, ularda mamlakat diniylashib ketadi degan xavotir yo'q-ku”, - deydi jurnalist.
O'zbekistonda diniy muxolifat bilan bir qatorda dunyoviy muxolifat ham quvg'inda.
“Dunyoviy muxolifat yoshlarga yetib boradigan darajada o`zini namoyon etolmaydi. Yoshlar ularni qayerdan biladi? Internet sahifalari orqali desangiz, hukumat sahifalarni ham to`sib tashlagan. Yoshlar uchun muxolifatni tanish yo`llari berk. Bundan tashqari avlodlar o`rtasidagi uzulish ham bor. Hozir muxolifatdagi eng yosh odamlar 40 dan o`tib bo`ldi. Yoshlar bilan ishlash bo`yicha esa biror harakat olib borilmayapti” , - deydi Abdurahmon Tashanov.
Muxolifatdagi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripovning aytishicha, hukumat diniy tahdidni azaldan bo'rttirib ko'rsatadi va shu bahona bilan tazyiqlarni oshiradi.
“Yasama terrorchilar, ekstremistlar.. Bundan faqat hukumat foyda ko`rmoqda”, – deydi Oripov.
Sharhlovchilar nazarida yoshlarning dinga va davlatga nisbatan qarashi uyg'un bo'lsin desa, hukumat avvalo erkin fikrga yo'l berishi va ta'lim sifatini oshirishi kerak.