18 yil avval va'da qilingan buyuk kelajakdan hozircha darak yo'q

O'zbekistonda mustaqillikning 18 yilligi nishonlanmoqda. Tantanalar har doimgidek poytaxt markazida kuchli xavfsizlik choralari ostida o`tdi.

Bir kun avval poytaxtda yuz bergan otishmalar yuzasidan esa biror rasmiy izoh berilmagan.

Sharhlovchilar nazarida respublikaning mustaqillikdan kutgan umidlari oqlanmagan. Iqtisodiy qiyinchiliklar va avtoritar siyosiy boshqaruv sabab milliy ozodlikka erishilgan kun qadri bir qadar pasaygan.

Prezident Islom Karimov poytaxtda qurilgan yangi inshootlarni borib ko`rgan. 31 avgust O`zbekistonda qatag`on qurbonlarini xotirlash kuni sifatida ham nishonlanadi.

Tantanalar davom etmoqda, ammo aholining aksariyat qismi iqtisodiy nochorlikda yashar ekan, shodiyonalar ularga ta’timaydi.

“Naqd pul taqchil, odamlar maoshlarini vaqtida ololmaydi. Sal ko`ngilni ko`taradigan narsa - Olloh ne`mati - yil yaxshi kelib, bug`doy biroz arzonlashdi, chunki xalqimiz non bilan tirik. Shunday ekan mustaqillik xalq uchun katta tantana emas, faqatgina hukumat doiralari uchun o’yin-kulgi”, - deydi sharhlovchi Asror Shodiyev.

Davlat mustaqillik bayramini nishonlashga muhim ahamyat qaratadi. Tantanalar uchun mablag` ajratiladi, tayyorgarlik ishlari ikki-uch oy oldin boshlanadi. Mustaqillik yutuqlari, O`zbekiston dunyoning to`laqonli davlatiga aylangani, milliy qadriyatlar, e`tiqod va o`zlikni tiklash imkoniyati qaytgani - bayram kampaniyasining doimiy shiorlaridan.

Odamlar orasida esa mustaqillik bois paydo bo’lgan imkoniyatlar haqida gap ketganda, ko`proq o`zbek jamiyati to`qnash kelayotgan muammolar tilga olinadi.

“Demokratiya masalasida orqaga ketdik. Agar qandaydir yaxshi ishlar qilingan bo`lsa ham, mavjud vaziyat bir necha barobar og`ir. 5-6 million odam tashqarida qiynalib yuribdi. Ularni yarmi yosh yigitlar. Uylanib, farzandli bo`ladigan yoshda. Ularni hukumat o`ylayotgani yo`q. Poraxo`rlik, korrupsiya ko`paygan avjida. Odamlar qiynalib ketgan. Xalq g`azabda, yildan- yilga chidab kelayapti, lekin bir kun yoriladi”, - deydi huquq himoyachisi Surat Ikromov.

18 yil ichida O’zbekiston muqim bir tashqi siyosiy yo`nalish bilan ham chiqqani yo’q. Bu davrda keskin burilishlarga guvoh bo’ldik. G’arb bilan aloqalar bir sovub, bir ilidi. Ayniqsa 2005 yilda Andijondagi qozg’olon qonli bostirilgach, O’zbekistonga nisbatan ishonch pasaydi. Uning xalqaro maydondagi nufuziga katta putur yetdi.

Mustaqillik arafasida O`zbekiston prezidenti Oqsaroyda AQSh elchisini qabul qildi. Keyingi paytlarda AQSh bilan muloqot kuchaygan, ammo hamkorlik qay darajada bo’lishi mavhum.

“O'zbekiston AQSh bilan ittifoqchi bo’ladi deb hech kim ayta olmasa kerak. Mustaqillik davrida shakllangan tashqi siyosatga qarab shunday deyish mumkin”, - deydi sharhlovchi Baxtiyor Isabek.

G’arblik tahlilchilar ham shunday fikrda. Ularning aytishicha Islom Karimov Vashington siyosiy doiralarida ishonchli hamkor sifatida qaralmaydi. Amerika O’zbekiston bilan til topishishni xohlaydi, deydi ular, ammo hamjihatlikka erishish yo’lida turgan to’siqlar bir dunyo, xususan inson huquqlari va islohotlar haqida pozitsiyalar turlicha.

AQSh elchisi Richard Norland mustaqillik bayrami va Toshkentning 2200 yilligi munosabati bilan O`zbekiston xalqiga yo`llagan tabrigida aloqalar rivojlanishiga umid bildirgan.