BMT, AQSh: Falastin va Isroil til topishishga majbur

Shu hafta Liviyada Arab Ligasi yig’ilishi bo’lib o’tadi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun unda ishtirokchi davlatlardan Isroil-Falastin tinchlik muzokaralarini qayta boshlash tashabbusini qo’llab-quvvatlashni so’raydi.

“Mintaqa rahbarlari bu tashabbuslarga xayrixohligini bildirishi zarur”, - deydi Pan Gi Mun.

Yaqin Sharq tinchligi bo’yicha vositachilar - AQSh, Rossiya, Yevropa Ittifoqi hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakillari o’tgan hafta Moskvada uchrashgan edi.

Kecha BMT Xavfsizlik Kengashi yakunida muxbirlar bilan uchrashgan bosh kotib, Isroil-Falastin bevosita muzokaralari oldinga siljishi uchun arab davlatlarining yordami kerak degan.

“Anjuman ishtirokchilaridan tinchlik tashabbuslarini qo’llashni so’rayman”, - deydi Pan Gi Mun.

“Arab mamlakatlari muzokaralar samara berishi uchun munosib muhit yaratib berishlari zarur”,- deydi u.

Pan Gi Mun ayni damda Isroil bosib olgan Sharqiy Quddus - Falastin o’ziga poytaxt deb ko’zlagan hududda yahudiylar uchun yana o’nlab yangi imorat qurish rejasini Yaqin Sharq to’rtligi qabul qilgan rezolutsiyalarga mutlaqo zid deb biladi.

Yaqin Sharq to’rtligining maxsus vakili, Britanya sobiq bosh vaziri Toni Bleyer “Amerika Ovozi” bilan muloqotda, Isroil hukumati va Falastin ma’muriyatini tinchlikka to’g’anoq bo’layotganlikda aybladi.

“Tomonlar muzokara qilishi va kelishuvga erishishi kerak. Bunga halal beruvchi har qanday harakatdan tiyilish kerak", - deydi Toni Bleyer.

AQSh hukumati ham tomonlarni murosaga undab kelmoqda.

Shu hafta prezident Barak Obama Oq Uyda Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan ikki bor uchrashib, oxirgi paytda taranglashgan aloqalar borasida gaplashgan.

Biroq tomonlar til topisha olmagan. Isroil o'z pozitsiyada qat'iy turib olgani Oq Uy tomonidan keskin tanqid ostida.

Isroil bosh vaziri AQShning Yaqin Sharq masalalari bo’yicha maxsus vakili Jorj Mitchell bilan ham alohida muloqot qilgan.