Markaziy Osiyo iqtisodiy kelajagi nimaga bog'liq?

Markaziy Osiyo iqtisodiy kelajagi nimaga bog'liq?

Avstraliyaning Adelaida Universitetida (The University of Adelaide) iqtisodiyotdan dars beruvchi professor Richard Pomfret Markaziy Osiyoda bu sohani Sovet davridan beri o’rganib keladi. Kelajak haqida gapirganda o’tmishni, ayniqsa yaqin tarixni tahlil qilish kerak, deydi u.

Mintaqada izlanishlar olib boradigan professor kuni kecha Vashingtondagi Jons Xopkins Universitetida (Johns Hopkins University) bu borada ma'ruza qildi.

Uning fikricha, Markaziy Osiyo iqtisodiy istiqboli ikki omilga bog’liq. Birinchisi, tabiiy zaxiralar, xususan neft, gaz va oltin bahosi va ikkinchisi, Qozog’iston va O’zbekistonda boshqaruvga Nursulton Nazarboyev va Islom Karimovdan keyin kimlar kelishi.

Richard Pomfret, avstraliyalik professor, Markaziy Osiyo siyosati va iqtisodiyotini uzoq yillardan beri kuzatib, tahlil qilib keladi. Kuni kecha Vashingtonda Jons Xopkins Universitetida (Johns Hopkins University) bu borada ma'ruza o'qidi.

Iqtisod shunday narsaki, bashorat qilish juda qiyin, deydi professor Pomfret, lekin bir narsa aniq: Markaziy Osiyoni asosan tabiiy boyliklar va paxta boqmoqda, masalan O’zbekistonni. Daromadning aksar qismi aynan shu mahsulotlar eksportidan keladi.

1990-yillarda O’zbekiston mintaqaviy lider edi. Boshqaruv jihatidan eng mustahkam tizim sanalar edi.

"Avtoritar, ammo effektiv. 2000-yillarga kelib, O’zbekiston bu o’rinni Qozog’istonga boy berdi. Qozog’istonga sarmoya oqimi oshdi, yangi neft inshootlari va quvurlar ishga tushdi. Bu respublika o’z iqtisodini G’arbga ochdi. Bu bilan katta yutuqqa erishdi”, - deya tahlil qiladi professor.

Turkmaniston boshidan yopiq, har jihatdan. Tojikistonda iqtisodiy siyosat zaif va deyarli shakllanmadi. Buning oqibatida bugunga kelib u eng qashshoq jamiyat sifatida qolmoqda. Paxta va boshqa mahsulotlarini sotadi, lekin bu davlat tashqi yordam va Rossiyada ishlab topilayotgan pulga qaram. Qirg’iziston mustaqillikning ilk yillaridanoq islohotlar boshladi, lekin ular iqtisodiy ahvolning yaxshilanishi uchun xizmat qilmadi. Tilla narxi oshgani sal dalda bo’ldi, lekin bu respublikada suv inshootlari qarovsiz qoldi, ular ishdan chiqdi, vaholanki, gidro sanoatning o’zi bu xalqni boqishi mumkin edi. Qirg’iziston liberal iqtisodiyot yo’lidan borishga qaror qilgan, lekin chuqur korrupsiya va siyosiy beqarorlik sabab xorijiy sarmoya oshmadi.

O’zbekiston har tomonlama katta potensialga ega mamlakat. Chet el investorlari u yerga qanchalik oshiqmasin, moliyaviy tizim erkin va oshkora emasligi, siyosiy nazorat kuchli ekani va korrupsiya sabab ko’plab imkoniyatlarni boy berdi, deydi Richard Pomfret.

Markaziy Osiyo iqtisodiy kelajagi nimaga bog'liq?

Bu muammolarga Qozog’istonda ham duch kelasiz, lekin Nursulton Nazarboyev iqtisodiy taraqqiyotni birinchi o’ringa qo’ydi va sarmoyachilar uchun imkoniyatlar yaratdi. Neftdan tushayotgan daromadni ayab, o’ylab ishlatdi. O’rta sinf undan bahramand bo’la oldi. Lekin global iqtisodiy inqiroz davrida aynan bu davlat katta zarar ko’rdi, chunki xalqaro moliyaviy tizimga ko’proq bog’langan edi.

Turkmanistonda buning aksi – tabiiy gaz daromadi aholi hayotiga bevosita ta’sir qilmaydigan loyihalar uchun sarflandi. Ashgabat va uning atrofida qasrlar, maqbaralar, yodgorliklar barpo etildi. Shaxsga sig’inish madaniyati targ’ib qilindi.

Markaziy Osiyo, umuman olganda, tabiiy jihatdan boy boshqa mintaqalar singari katta bir xatoga yo’l qo’ydi – iqtisodini aynan shu zaxiralarga bog’ladi. Qadamma-qadam rivojlanishning ustuvor jihatlari ko’p, deydi professor, lekin yopiq iqtisod – jonli iqtisod emas.

Markaziy Osiyo iqtisodiy kelajagi nimaga bog'liq?

Zaxiradan tushayotgan daromad qanday va qay sur’atda sarflanishi kerak? Uni qanday taqsimlaysiz? “Super prezidentlik boshqaruvidagi davlatlarda bu mavhum”, - deydi Pomfret.

Natijada xalq daromad qayoqqa ketayotganini bilmaydi. O’zbekistonda, masalan, qurilishlar avjida. Hukumat yangi inshootlar, yangi ish o’rinlari, yengil va og’ir sanoat rivoji, ta’lim va sog’liqni saqlash sohalaridagi siljishlar haqida gapiradi. Bular uzoq muddatda taraqqiyot uchun xizmat qiladimi yoki loyihalar huzurini kichik bir doira, “biznes elita” ko’rayaptimi?

Jahon Banki va Xalqaro Valyuta Jamg’armasi nazarida O’zbekiston iqtisodiyoti jadal tarzda o’sib bormoqda. Ammo millionlab fuqarolar ish izlab Rossiyaga ketgan. Ular yuborayotgan pul iqtisodni tebratayotgan katta kuch ekanini bu tashkilotlar ochiq tan oladi.

O'zbekiston daromadi asosan paxta va tabiiy zaxiralardan

Rossiya va Yevropa Ittifoqi hamon muhim hamkorlar, lekin Xitoy bugun regionning har bir mamlakatida eng yirik sarmoyachi.

Pekin maqsadlariga shubha-gumon bilan qaraydiganlar ko’p, lekin investitsiyani rad etish qiyin. Tirikchilik osonlashsa bas, deydi odamlar.

Mintaqaviy birdamlik zamon talabi, ammo buning uchun siyosiy iroda yetishmaydi. Har bir respublika o’z iqtisodiyotini erkin va ochiq deb ta’riflaydi, ammo chegara osha savdo ko’lami juda past. Qo’shnilar bir-biriga ishonmaydi.

Markaziy Osiyo iqtisodiy kelajagi nimaga bog'liq?

Rossiya boj ittifoqi tuzishga chaqirayotgan ekan, Qirg’iziston va Qozog’iston unga katta umidlar bog’lagan.

G’arbning taraqqiy etgan davlatlari hamon inqiroz botqog’ida ekan, sarmoya asosan sharqdan, xususan Xitoydan oqishi turgan gap. Pekin islohot, oshkoralik va demokratiya talabini olg’a surmaydi. Bu degani yaqin kelajakda katta o’zgarishlar kutmang.