AQSh Davlat departamenti va Mudofaa vazirligi rasmiylaridan iborat delegatsiya ayni damda Toshkentda bo’lib, O’zbekiston rasmiylari bilan muloqot qilmoqda.
Bu Obama ma’muriyati Markaziy Osiyoning har bir davlati bilan yo’lga qo’ygan yillik maslahatlashuvning ikkinchisi.
Bu yig'in oldidan Pentagon vakillari Toshkentda alohida muzokaralar olib borgan. Ularda asosan Afg’oniston bo’yicha hamkorlik haqida gap ketgan. Xalqaro koalitsiyaga noharbiy vositalar tashiladigan Shimoliy Ta’minot Tizimi O’zbekistonni ham o’z ichiga oladi.
AQSh rasmiylarining qayd etishicha, respublika unda markaziy rol o’ynaydi. Karimov rahbariyati bu borada hamkorlikni yanada kengaytirish ishtiyoqida. Vashington bundan mamnun.
Lekin, deydi ismi-sharifi bildirilmasligini so’ragan rasmiylar, O’zbekistonda tizim oshkora ishlamasligi ko’p jihatdan pand beradi.
Har safar bunday uchrashuvlar oldidan tomonlar umidga to’ladek. O’zbekistonda AQSh bilan aloqalar kun sayin yaxshilanib borayotgani da’vo qilinsa, Vashingtonda “muammolar bor, lekin hozirgi muloqot ularga yechim topadi” deya ishonch bildiriladi.
17-18 fevral muzokaralarida strategik hamkorlikdan tashqari inson huquqlari, iqtisodiy aloqalar va mintaqaviy masalalar muhokamada. Xavfsizlik va Afg’oniston eng ko’p tilga olinayotgan mavzular.
Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha muovini Robert Bleyk (Robert Blake) boshchiligidagi delegatsiyada amerikalik tadbirkor va ishbilarmonlar ham bor.
O’zbekiston AQSh bizneslarini sarmoya olib kirishga undab, buning uchun sharoit yaratilgan deya ishontirishga urinmoqda.
“General Motors” avtokompaniyasi O’zbekiston bilan hamkorlikdan daromad olayotgani bunga yaqqol misol deya keltiriladi.
Amerika rasmiylari deydiki, qarorni investorlarning o’zi qiladi. Hukumat orada ko’prik vazifasini o’taydi xolos.
Bleyk va boshqa yetakchi diplomatlar huquq va erkinlik masalalari hech qachon chetda qolmayotganini ta’kidlab keladi.
16 fevralda Ashgabatda, undan keyin mana Toshkentda o’tayotgan muzokaralar global maydonda tarixiy burilishlar bo’layotgan bir davrga to’g’ri kelmoqda.
AQSh bilan uzoq yillik mustahkam aloqalarga ega avtoritar hukumatlarga qarshi xalq bosh ko’tarib, o’z haqqini talab qilar ekan, prezident Barak Obama Oq Uydan turib, “o’zgarishlar davri keldi, xalq talabiga javob bering” deya bong urmoqda.
Bu gap O’zbekiston va qo’shni davlatlarda ham egasini topgan bo’lsa ajabmas. Amerika rasmiylari davlatlarni qiyoslashni ma’qul topmaydi. Ammo Misrdagi kabi voqealardan to’g’ri saboq olish kerak, xalqning orzu-havasiga qarshi ish tutish yaxshilikka yetaklamaydi. Robert Bleyk Ashgabat va Toshkentdagi uchrashuvlar oldidan bergan intervyusida shunday fikrlar bildirdi.
O’zbekistonda o’z vakolatxonasini ochib, vaziyatni yaqindan kuzatib borishni maqsad qilgan Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti vakili Stiv Sverdlov (Steve Swerdlow) fikricha muzokaralar bo’lgani yaxshi.
Aloqa yo’li ochiq turishi kerak, deydi u, ammo huquqqa e’tibor past ekani tan olinib, konkret o’zgarish bo’lmayotgani qayd etilishi kerak.
Respublika hukumati Davlat departamenti va Pentagon qistovi bilan ham Human Rights Watchga mamlakatda ishlashga ruxsat bermayapti.
2010 yil oxirida Sverdlovga tutqazilgan xatda uning tajribasi yetishmasligi, tashkilot va uning xodimlari o’zbek madaniyati-mentalitetini tushunmasligi va O’zbekiston hukumati bilan hamkorlik qilishga moyil emasligi da’vo qilinadi.
Sverlov deydiki, bu asossiz bahona. O’zbekistondagi vaziyatni yashirish uchun qilinayotgan ish. “Mamlakatda ijobiy o’zgarishlar bo’lsa, ko’raylik, ular bilan tanishish uchun imkoniyat berishsin”, - deydi Stiv Sverdlov, region va sobiq Sovet o’lkalarida anchadan beri ishlab kelayotgan mutaxassis.
Uning aytishicha, Human Rights Watch hukumat da’vo qilayotganidek, O’zbekistonga qarshi yoki dushman muassasa emas.
“Faoliyatimiz uchun mablag’ xususiy donorlardan keladi, hech bir davlatdan moliyaviy yordam olmaymiz”, - deydi u.
“Biz mustaqil tashkilotmiz, huquq himoyachisimiz, kuzatuvchimiz. Hamma davlatlarni kuzatamiz, xususan Amerikani ham. Eng ko’p tanqid qiladigan davlatlardan biri desak xato bo’lmaydi”, - deydi u.
“Qo’shma Shtatlar bizni va boshqa xalqaro tashkilotlarni, O’zbekistonda qolgan fuqaro jamiyati vakillarini quvvatlab kelayotgani rost. Muzokaralarda erkinlik haqida ko’p gapirilayotgani ham haqiqat, ammo bu masala aloqalarda markaziy o’rinda emas”, - deydi Stiv Sverdlov.
“Aloqalar faqatgina huquq bilan cheklanib qolmasligi ham tabiiy. Xavfsizlik, energetika, iqtisod va savdo muhim sohalar ekanini tushunamiz”.
“Lekin shuni unutmaslik kerakki, xavfsizlik, aholi ravnaqi va jamiyat taraqqiyotini ta’minlash uchun avvalo insonni qadrlash kerak, uning uzviy huquqlarini hurmat qilish kerak. Mana shu haqiqat ham so’zda, ham amalda o’z aksini topishi kerak”.
Stiv Sverdlov Davlat kotibasi Xillari Klintonning Toshkentga 2010 yilning dekabr oyida qilgan safarini eslaydi. Klinton kelishi arafasida alohida bayonot chiqarib, e’tiborni O’zbekistondagi siyosiy mahbuslar taqdiriga qaratdi. Prezident Islom Karimov bilan bu borada gaplashmoqchi ekanini ayon qildi. Farhod Muxtorov, huquq faoli, qamoqdan chiqarildi. Masala yuqori darajada ko’tarilgani foyda berdi.
“Bu shundan dalolatki, Amerika har sohada hamkorlikni yo’lga qo’yishi va shu bilan birga huquq yuzasidan pozitsiyasi va tanqidini ham yashirmasligi mumkin. Ochiqchasiga ish tutilsa, samara berishiga ishonamiz”.
“Aloqalar rivojlansin deymiz, lekin buni huquq bilan bog’liq vaziyat qanchalik yaxshilanganiga qarab o’lchash kerak. Buning uchun esa AQSh aniq bir dastur ishlab chiqib, unga asosan ish yuritishi lozim. Bo’lmasa, progress haqida gapirish qiyin”.
http://www.youtube.com/embed/KtFTiknigBQ
Stiv Sverdlov nazarida Misr va Tunisdagi inqiloblar O’zbekiston hukumatining ko’zini ochishi kerak.
“Fuqaro huquqlari cheklangan, ular hurmat qilinmagan joyda hukumat zaif va doimo xavf ostida bo’ladi. Gap bu yerda mamlakat tinchligi va tuzum ildizi haqida ketmoqda.G’arb, xususan AQSh ham mana shuni yoddan chiqarmagan holda ish tutishi kerak. Jamiyat mustahkam bo’lsin desak, O’zbekistonda masalan butun diqqatni qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratish kerak. Qonun va huquq e’zozlansa, jamiyat ham oldinga siljiydi”.
Islom Karimov 2010 yilning 12 noyabrida Oliy Majlisda so’zlaganida siyosiy erkinliklar, islohotlar, so’z va matbuot erkinligi haqida gapirdi. Fuqaro jamiyatini barpo etish uchun jiddiy qadamlar tashlash kerak dedi.
Lekin bular quruq gaplar bo’lib qolmoqda. Amalda isbotini topmayapti, deydi Stiv Sverdlov. Amerika o’zini ko’rmaganlikka olmasligi, real vaziyatni to’g’ri baholab, O’zbekistonga bu boradagi fikrini ochiq aytishi kerak.
Mana bir necha yildirki, AQSh Kongressi inson huquqlari yomon ahvolda deya O'zbekistonga yordamni qirqib qo'ygan. Kelasi yil uchun Obama ma'muriyati qariyb 12 million dollarlik ko'mak ko'rsatishni rejalagan.