AQSh-Markaziy Osiyo: "Hammaning e'tibori Mirziyoyevda... potensial reallikka aylanishi kerak"

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Markaziy Osiyoda. Oxirgi marta Amerika bosh diplomati, o'sha paytda Jon Kerri, mintaqaga 2015-yilda safar qilgan. Pompeo Nursulton va Toshkentda Qozog'iston va O'zbekiston rahbarlari bilan uchrashib, keyin mintaqaning besh tashqi ishlar vaziri bilan muloqot qiladi. AQSh va regionni bir davraga to'plovchi C5+1 formatidagi dialog davom etmoqda. Siyosiy hamkorlik, shuningdek, iqtisodiy sheriklik hamda inson huquqlari va demokratiya bilan bog'liq masalalar muhokamada. Ayniqsa O'zbekistonda asosiy urg'u Prezident Shavkat Mirziyoyev uch yil oldin boshlagan islohotlar dasturi qanday amalga oshirilayotganida. Vashington siyosiy doiralarida bu mavzular qanchalik muhokamada? Aql markazlarida qanday qarashlar hukmron? Tramp ma'muriyatining bugungi siyosatiga munosabat qanday? Xalqaro tinchlik bo'yicha Karnegi jamg'armasi (Carnegie Endowment for International Peace) vitse-prezidenti, bir paytlar Davlat departamentida Markaziy Osiyo bilan aloqalarni tebratgan Evan Feygenbaum bilan suhbatlashdik.


Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Janob Feygenbaum, siz Bush ma'muriyatida ishlagansiz. Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatda nima o'zgardi? Qanday katta farqlar bor, sizning vaqtingiz bilan qiyoslaydigan bo'lsak, masalan, oxirgi o'n yillikda?

Evan Feygenbaum: Eng katta farq, o'zgarish mintaqaning o'zida. U bugun boshqacha. AQSh Markaziy Osiyoda boshidan, 1990-yillardan beri mustaqillik va suverenitetga urg'u berib, yangi respublikalarni quvvatlab kelmoqda. Klinton, Bush, Obama va Tramp - prezidentlar yangilanganida ham bu yondashuv o'zidek qoldi.

Eng katta farq, o'zgarish mintaqaning o'zida. U bugun boshqacha... Mintaqa o'zgarib bormoqda. Bu tashqi dunyoni ham shunga yarasha harakat qilishga undaydi.

Bugun bu davlatlar ancha oyoqqa turib oldi va shu bois ham endi ularga sobiq sovet mamlakati sifatida qarash to'g'ri emas deb o'ylayman. Chunki ular ancha yo'lni bosib o'tdi, o'zgardi. Ular mustaqil va o'z tizimlariga ega. Bir-biridan ko'p jihatdan farq qiladi.

Mintaqada talab ham o'zgardi. Aholi oldingidan ko'ra ko'proq narsa xohlaydi. Rahbarlar va hukumatlardan ko'proq harakat kutadi. Shu bilan birga xorijdan, jumladan AQSh va Xitoydan. Ular bilan nega hamkormiz, ulardan bizga nima foyda, deb so'rashadi.

O'zbekiston va Qozog'istonni olsak, ular bugun ancha boshqacha. Odamlar yaxshiroq yashashni, erkinroq harakat qilishni xohlaydi. O'zbekistonda mana islohotlar jarayoni ketmoqda. Odamlar aniq natija qani deb so'ramoqda.

AQSh albatta mana shunday muhit va vaziyat bilan hisoblashishi kerak.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Siyosatni shunga moslashi kerak, ya'ni?

Evan Feygenbaum: Siyosat o'sha-o'sha. Lekin mintaqa o'zgarib bormoqda. Bu tashqi dunyoni ham shunga yarasha harakat qilishga undaydi. Taraqqiyot, inson kapitali xususida, masalan. Mustaqilligingizni quvvatlaymiz, deyish bilan ish bitmaydi. Davlatlarga real iqtisodiy va siyosiy yordam kerak. Rahbarlar ham shuni so'ramoqda.

Evan Feygenbaum Bush ma'muriyatida yuqori lavozimlarda ishlagan

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Amerika rasmiylari bilan gaplashganimizda aytishadiki, Vashingtonning yondashuvi zamon bilan hamohang. Hozirgi talablarga javob beradi va siyosatni muntazam ravishda mintaqadagi dinamikaga qarab, yangilab borayapmiz, deyishadi. Tramp ma'muriyati yaqinda strategiyani qayta ko'rib chiqdi, lekin asosiy maqsadlar o'sha-o'sha: xavfsizlik, iqtisodiy taraqqiyot, demokratiya targ'iboti, Markaziy Osiyo xalqlari bilan yaqindan bog'lanish.

Evan Feygenbaum: Global, mintaqaviy va mamlakatdagi vaziyatga qarab harakat qilishadi, bu aniq. AQSh nazarida o'zgarish nima? Mana shu muhim omil. Masalan, 1990-yillarda bu respublikalar yangi mustaqil, zaif tizimlar deb qaralgan edi. Yangi tizimlar yaratishga e'tibor berilgan edi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Lekin bu haqida hamon eshitamiz.

Evan Feygenbaum: Albatta, chunki jarayon sekin. Lekin bugun oldingiga qaraganda davlatlarning o'z ovozi, talabi va pozitsiyalari bor. U paytda Moskva hamon ko'p narsani hal qilayotgan edi. Hozirga kelib, har bir respublika o'z tajribasiga ega.

Mustaqil ekaniga aminmiz. O'z yo'li, o'z mafkuralari borligi haqida eslatib turishadi. Sizga yoqadimi-yo'qmi, ular bilan hisoblashasiz. Ular o'zini suveren deb hisoblaydi.

Bugun oldingiga qaraganda davlatlarning o'z ovozi, talabi va pozitsiyalari bor. U paytda Moskva hamon ko'p narsani hal qilayotgan edi. Hozirga kelib, har bir respublika o'z tajribasiga ega. Mustaqil ekaniga aminmiz. O'z yo'li, o'z mafkuralari borligi haqida eslatib turishadi. Sizga yoqadimi-yo'qmi, ular bilan hisoblashasiz. Ular o'zini suveren deb hisoblaydi.

2000-yillarda Afg'onistondagi vaziyat asosiy omilga aylandi. Amerika uchun u yerdagi ishlar prioritet ekan, mintaqa bilan hamkorlikda ham muhim rol o'ynadi. 2002-yilda O'zbekiston bilan erishilgan kelishuvni yaxshi bilasiz.

Hozirda mana Prezident Tramp Afg'onistondan chiqamiz, deb turibdi. Urush endi bizniki emas, degan gaplarni aytmoqda. Bu degani Markaziy Osiyo bilan aloqalarda ham afg'on omili ahamiyati pasayadi.

Demak, Vashington ham yangicha taktika asosida harakat qila boshlaydi. Manfaatlar o'sha-o'sha. Lekin o'z rolini qay tarzda namoyon etadi, mana shu katta savol. Hozir mana Xitoyning tijoriy-iqtisodiy loyihalari va bugungi faolligidan ko'z uzmayapmiz. AQSh kuzatib turibdi.

Xitoy ayniqsa Qirg'iziston va Tojikistonga ulkan moliya olib kirmoqda. Biroq, mening maslahatim, AQSh Xitoyga qarab siyosat yuritmasin.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Nima uchun?

Evan Feygenbaum: Amerika Pekin yoki boshqa tarafning ishlariga javoban ish yuritmasligi kerak. Bizning o'z maqsadlarimiz bor. O'zimizga xos tarzda qadam tashlaganimiz ma'qul. Ya'ni, reaktiv emas, proaktiv bo'laylik. Davlatlarga boshqalar bera olmaydigan yordamni ko'rsataylik, masalan. Amerikani Amerika qilgan jihatlarimizdan foydalanaylik. Masalan, Xitoyda bizneslar davlat iznida. Markaziy Osiyodagi ishlari ham davlatga bog'liq. Amerikada unday emas.

Evan Feygenbaum Xalqaro tinchlik uchun Karnegi jamg'armasi vitse-prezidenti

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Amerika hukumati Xitoy bilan tenglashishga harakat qilmaymiz ham, deb keladi. Lekin AQSh taklif qilayotgan narsalar qanchalik unikal? Nimasi bilan ajralib turadi?

Amerika Pekin yoki boshqa tarafning ishlariga javoban ish yuritmasligi kerak. Bizning o'z maqsadlarimiz bor.

Evan Feygenbaum: Mana shu yondashuv to'g'ri, ya'ni AQSh Xitoy bilan bellashmaydi. Rossiya bilan ham bellashmaydi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Lekin ularga ko'z yuma olasizmi?

Evan Feygenbaum: Ko'z yummaysiz, albatta. Xitoy davlat banklari qarz bersa, Amerika hukumati hech qachon o'z banklariga Markaziy Osiyo yoki boshqaga kredit ber, demaydi. Bizning tizim boshqacha.

Lekin Amerika bilan hamkorlik O'zbekiston va qo'shnilarini global moliya bozoriga olib chiqadi. Innovatsion firmalar, ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika bobida gigant ishlar ketayotgan maydonga. Kim bilan ishlashni xususiy sektor hal qiladi. Osiyo Taraqqiyot bankimi yoki Jahon banki, AQSh va uning Yaponiya singari sheriklari yetakchilik qiladigan tizimlardir.

Amerikaning NASDAQ va "Goldman Sachs" kabi moliyaviy o'choqlari Qozog'iston bilan ancha yaqin va o'zim ham Ostonadagi tadbirlarida qatnashdim. Qozog'iston ular bilan yaqinlikdan foyda ko'rib keladi. Xitoy bilan ham ishlashadi. Lekin eng zo'r moliyaviy xizmatlar Xitoyniki emas, ular Amerikaniki. Vashington shu asosda harakat qilmog'i lozim.

Toshkent, noyabr, 2019

... eng zo'r moliyaviy xizmatlar Xitoyniki emas, ular Amerikaniki. Vashington shu asosda harakat qilmog'i lozim.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Qozog'iston va O'zbekiston hukumatlari ham Amerika bilan shu jihatlari uchun ham yaqindan ishlashni xohlashini aytadi. AQSh bizneslariga har doimgidan ham ochiqmiz, deyishadi. Lekin ularning kirishi qiyin, bilasiz. Vashington kompaniyalarga O'zbekiston yoki Qozog'istonga borib ishla, deya buyura olmaydi. Oshkoralik yetishmasligi, korrupsiya chuqurligi katta muammolar tug'diradi. Lekin bu ikki respublika rahbarlari talablarni qondirish uchun qo'ldan kelgancha chora ko'ramiz, deb ham kelmoqda. Bu Amerika uchun imkoniyatmi? Ya'ni mavjud muammolarni yengishga iroda bor, degan pozitsiya Amerikaning qo'lini uzaytiradimi? Vashingtonning hozirgi sa'y-harakatlari mintaqada sust deb baholanadi.

Evan Feygenbaum: Tushunarli, lekin ko'lam va tezlik mintaqaning o'ziga, hukumatlarga bog'liq. Sizga nima kerak? Manfaatingiz uchun qattiqroq harakat qiling. Birinchidan, Markaziy Osiyoda iqtisodiy erkinlik qay ahvolda? Hozir biz regionga tranzit yo'li sifatida qaraymiz. Hukumatlar bilan kelishasiz va yukingiz o'tadi. Lekin u yerda mahsulot ishlab chiqarish yoki xizmat ko'rsatish qanchalik oson? Bu borada progress bo'lsa, regionga foyda emasmi? Hozir poyezdlar o'tgani uchun haq olayapsiz xolos. Sheriklar bilan yangicha hamkorlik qilish haqida o'ylang. Yangi bizneslar, yangi xizmat turlari, yangi ishlab chiqarish tizimlari. Osonmas, lekin qilsa bo'ladi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Faqat yo'l bo'lib qolmang, bizneslar sizning hududingizda ishlasin, demoqchisiz?

Evan Feygenbaum: Xuddi shunday. Tranzit ham muhim. U ham daromad manbai, lekin boshqa imkoniyatlarni ham ochish mumkin. Ikkinchidan, xorijiy sheriklar taraqqiyotga qanchalik hissa qo'shmoqda? Tizimni mustahkamlash, iqtisodiy bazani kuchaytirish bobida qanday nafi tegmoqda? Konchilik, neft va gazga tayanib yashash bilan iqtisodni rivojlantirish qiyin. Hamma ham bu borada muvaffaqiyatli emas. Tabiiy boyligiga tayangan ayrimlar davlatlar boy, ayrimlari esa qashshoq. Nega? Chunki biri sarmoyani sovurgan, boshqasi esa taraqqiyot uchun sarflagan. Investitsiya sizni rivojlantirishi kerak.

Tabiiy boyligiga tayangan ayrimlar davlatlar boy, ayrimlari esa qashshoq. Nega? Chunki biri sarmoyani sovurgan, boshqasi esa taraqqiyot uchun sarflagan. Investitsiya sizni rivojlantirishi kerak.

Inson kapitaliga sarmoya qilish haqida ko'proq o'ylang. To'g'ri, Amerika hukumati bizneslarga buyruq bera olmaydi, lekin ilm-fan, texnologiya, ta'lim bobida ulkan yordam ko'rsata oladi. Men hozir hukumatda bo'lganimda aynan shular bilan bog'liq loyihalarni quvvatlash haqida o'ylagan bo'lar edim.

Lekin inson kapitali faqat ta'limga sarmoya qilishda emas. Sanoatlar bilan ishlash, ularni tushunish, o'z xususiy sektoringizni kengaytirish uchun nima ishlar qilish lozimligini tushunish va shunga qarab keyin Vashingtondan muayyan yordam so'rash yoki hamkorlik taklif qilish.

Vashingtonda mintaqa bilan rishtalarga mas'ul odam bo'lsangiz, unda siz ham uzoq muddatda nimaga erishmoqchimiz deya chuqurroq o'ylashingiz kerak. Qisqa muddatli ishlarning ta'siri ham shunga yarasha bo'ladi. Bir sohada berilgan yordam boshqalariga ham ta'sir qiladimi? Serqirra ko'mak loyihalarini qanday shakllantiramiz?

Xitoy yangi yo'l quribdi, ko'prik quribdi, nega biz qurmayapmiz, deya bosh qotirmang.

Toshkent, noyabr, 2019

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Raqamlar ham muhim, to'g'rimi? Masalan, AQSh 2017-yilda O'zbekistonga 11 million dollar atrofida yordam ko'rsatgan. 2019-yilda 100 million dollardan oshibdi. Amerika rasmiylari buni faxr bilan qayd etmoqda. Yordam ko'lami kengaygan, miqdori oshgan.

Yana bir dolzarb mavzu hozir Toshkentda Davlat kotibi Pompeo va Prezident Mirziyoyev va umuman ikki davlat orasidagi masala - AQShda asoslangan nohukumat tashkilotlarning O'zbekistonda ro'yxatdan o'ta olmayotgani. Ular aynan taraqqiyot loyihalari, ko'mak dasturlarini amalga oshiradigan tashkilotlar. Ayrimlari siz mintaqa bilan ishlayotgan davringizda O'zbekistondan haydalgan. Ular qaytmoqchi. Lekin to'siqlar ko'p. Ular qaytib ishga tushmoqchi, islohotlarga hissa qo'shmoqchi, Mirziyoyev rahbariyati bilan ishlamoqchi.

Bu Vashington uchun imkoniyat, shu bilan birga sinov. Islohotlar olib borayapmiz desa-da, asosan oldingi tuzumda pishgan odamlar tebratayotgan hukumatni bu tashkilotlarni qayta qabul qilishga qanday ko'ndirasiz? Tomonlar bir-birining ishonchini qozonishi kerak? Hozirgi jarayonlarga ta'sir qila olishingiz kerak. O'zgarmoqchimiz deb turgan tomonni real tarzda oldinga yetaklash so'zdagina oson. Nima qilgan bo'lardingiz?

Evan Feygenbaum: Qiyin, har jihatdan. Undayverasiz, muntazam ravishda va eng muhimi, oldinga siljishdan hukumatlar va xalq manfaatdor ekaniga ularni ishontirishingiz zarur. Men ishlab yurgan paytimda ko'p qiziq gaplar eshitganmiz...

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Vaqt tez o'tadi...

Evan Feygenbaum: Mana 13 yil o'tibdi. Tojikistonda edim, 2006-yil... Biz qonun ustuvorligi haqida gapirayotgan edik. Tojikistonning bir vaziri menga qarab, "Yana demokratiya haqida boshladingizmi? Qonun ustuvorligi emish. Biz siz bilan demokratiya emas, savdo va sarmoya haqida gaplashmoqchimiz", - dedi. Men unga qarab aytdimki, "Men aynan savdo va sarmoya haqida so'zlayapman... chunki ular uchun qonuniy, yuridik kafolat kerak. Ishonch kerak. Tayanch kerak. Qonun ustuvor bo'lmasa, bizning bizneslar siz bilan ishlamaydi, tizimlaringizga ishonmaydi", - dedim. "Demokratiya bu faqat bizning maqsad emas, sizning ham maqsadingiz bo'lishi kerak, agar taraqqiy etishni xohlasangiz," dedim. O'sha gap haliyam har joyda muhim.

Ishonch kerak. Tayanch kerak. Qonun ustuvor bo'lmasa, bizning bizneslar siz bilan ishlamaydi, tizimlaringizga ishonmaydi.

Shunday ekan, Amerika o'zining nohukumat tashkilotlari qabul qilinishini so'rayveradi. Bu ishlar hech qachon oson emas. Muhimi bu borada muloqotni to'xtatmaslik. Turkmanistonda mana qanchalik qiyin bo'lmasin, hozirgacha bu borada gapirib kelamiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Muloqotni kuchaytiraverish kerak, demoqchimisiz?

Evan Feygenbaum: Hukumatlar hech qachon o'z manfaatiga to'g'ri kelmaydigan ishlarga xo'p demaydi. Bu degani sizning taklifingiz va undovingiz ularning manfaatida ekaniga ishontirishgiz kerak. Siz undayotgan narsa bu davlatlarga nega kerak? Muzokara qilasiz. Sizdan u, mendan bu, degan talabni qo'yasiz, kerak bo'lsa. Lekin ishontira olishingiz kerak. Manfaatlar deganda milliy manfaatlar va elita manfaatlari afsuski, ayri. Shu vaziyatni va muloqotni yanada qiyinlashtiradi. Xitoy, masalan, bu masala bilan yuzlashmaydi. Ularga buning farqi yo'q. Lekin biz uchun muhim va dolzarb.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'zbekistonda ayniqsa qiziq, chunki Prezident Mirziyoyev Vashington nazarida islohotchi, modernizator. AQShning taraqqiyot masalalari bilan shug'ullanadigan tashkilotlariga eshikni oching, deb ko'ndirish qiyin bo'lmasa kerak deb o'ylash mumkin. Lekin hozircha bu jarayon juda sekin. Bu tashkilotlar sizning islohotlaringizni tezlashtiradi, deb ishontirish uchun nima qilgan bo'lardingiz?

O'z davrimda, ayniqsa Andijon voqealaridan keyin O'zbekiston bilan ishlashga juda qiynalganmiz. O'shanda hozirgi kabi imkoniyatlar paydo bo'ladi deb ochig'i hech tasavvur qilmaganman.

Evan Feygenbaum: O'z davrimda, ayniqsa Andijon voqealaridan keyin O'zbekiston bilan ishlashga juda qiynalganmiz. O'shanda hozirgi kabi imkoniyatlar paydo bo'ladi deb ochig'i hech tasavvur qilmaganman. Hozir mana O'zbekistonda rahbariyat demokratiya haqida gapirmoqda. Amerika rasmiysi O'zbekiston rasmiysidan "yo'q, bizga sog'liqni saqlash qiziq, ta'lim emas" degan gapni eshitishni xohlamaydi. Yoki "bizga iqtisodiy hamkorlik kerak, demokratiya loyihalari kerakmas", deyishini. Vashington bir narsani yaxshilab uqtirishi kerak: AQSh serqirra hamkorlik qiladi, bir yoki ikki qirrali emas. Hamma soha bir maromda oldinga siljimaydi, buni bilamiz, lekin bunisi kerak, bunisi kerakmas, deyishga yo'l qo'ymaslik kerak. AQSh o'z manfaatlari va maqsadlariga qarab ish tutadi. O'zaro manfaatlar nimada? Manfaatlar qay nuqtada uchrashadi? Har ikki tomon bir masalani birdek ko'rishi va baholay olishi juda qiyin. Shunday ekan, har bir muzokaraga puxta tayyorlanasiz, shart va takliflarni aniq tushuntirasiz va ularni qunt bilan tinglaysiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Doimiy sinov bu.

Ochiqlik va erkinlikni ta'minlash uchun konkret qadamlar tashlash zarur.

Evan Feygenbaum: Xuddi shunday. Hozir O'zbekiston xalqaro miqyosda ochiq va erkin jamiyat sifatida ko'rinishni istamoqda. Bu juda yaxshi. O'zbekiston haqiqatan shunday jamiyatga aylanishi uchun Amerika qanday yordam bermoqchi? Shunday harakat qilish kerakki, ishonch sarmoya olib kelsin, bizneslar kengaysin, so'zlaringiz reallikka aylansin. Ochiqlik va erkinlikni ta'minlash uchun konkret qadamlar tashlash zarur. Mirziyoyev har safar so'zlaganda undan yanada ko'proq ishlar, kattaroq qadamlar kutilmoqda. Hammaning e'tibori Mirziyoyevda. O'zbekiston xalqi o'z rahbariga ishonmoqdami, demak, Amerika ham shunga qarab harakat qiladi. Gap har doimgidek amalda nima qilinishida.

Mirziyoyev har safar so'zlaganda undan yanada ko'proq ishlar, kattaroq qadamlar kutilmoqda. Hammaning e'tibori Mirziyoyevda. O'zbekiston xalqi o'z rahbariga ishonmoqdami, demak, Amerika ham shunga qarab harakat qiladi. Gap har doimgidek amalda nima qilinishida.


Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Vashingtonda O'zbekiston rahbariyati bilan yaqinlikni har kuni eshitamiz, masalan, mana biz qarab turgan Kongressda, va boshqa organlarda va idoralarda. Mirziyoyevni ijobiy tilga olishadi, uning qarorlariga qiziqish katta. Lekin bu aslida Toshkentga bosimni ham kuchaytiradi, chunki shakllanayotgan ishonchni oqlash kerak. Mirziyoyev faqat gapirmayapti, qilayapti ham, deya xulosa qilishlari kerak, to'g'rimi? O'zbekistonga optimistik ruhda yondashayotganlar respublika demokratik yo'ldan boradi, degan umidda. Masalan, Kongress a'zolari. Lekin ko'plar nazarida, hatto mana shu optimistlar fikricha, islohotlar sust va demokratiya tarafdorlari hali ancha kutishi kerak bo'ladi. Mirziyoyev ehtiyotkorona harakat qilmoqda, o'z hokimiyatini ham mustahkamlab olishi kerak, juda ko'p ishlarni bir paytda eplashi kerak, shu bois undan haddan tashqari ko'p progress kutib yubormang, deyishadi. Yaqinda Prezident Mirziyoyev demokratiya O'zbekiston uchun yagona yo'l, deya xitob qildi. Demokratik jarayonlarni tezlashtirish borasida qanday maslahat bergan bo'lardingiz?

Evan Feygenbaum: Amerika hukumatining hozirgi tutgan yo'li ma'qul, ya'ni, eshiting, gaplashing va ochiq ayting.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Shunday qilishyaptimi, nazaringizda?

Amerika hukumatining hozirgi tutgan yo'li ma'qul, ya'ni, eshiting, gaplashing va ochiq ayting.

Evan Feygenbaum: Menimcha, shunday va muntazam ravishda. Ularga Mirziyoyevdan eshitayotganlari yoqyapti, chunki biz o'tmishda O'zbekistonda ko'p narsa ko'rdik va eshitdik. Ikki davlat orasidagi hozirgi rishtalar haqida oldin hatto xayol ham qilmaganmiz. O'zbekiston o'zgarmaydi degan umidsizlikka o'rin yo'q. Har ikki tomon nimani qachon kutishni bilsa, demak, ishlar joyida. O'zgarish qilish hech qachon oson kechmagan. Real yondashish kerak. O'zgarish hech qachon biz xohlagancha, biz kutgancha, yetarlicha bo'lmaydi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Prezidentning o'zi ham o'zgarish oz, deyapti.

Evan Feygenbaum: Buni aytayotgani yaxshi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Eshitib turibmiz.

Evan Feygenbaum: Endi uch yil bo'ldi, vaqt kerak. Tizimni pastdan tepaga, tepadan pastga, har tomonlama yangilash kerak. Hatto bir partiya hukmron, siyosiy jihatdan plyuralistik bo'lmagan tuzumlarda ham rahbar xohlagan o'zgarishni qilish oson emas, ayniqsa siyosiy. Xalqaro hamjamiyat quvvatlovi hozir ayniqsa muhim. Oldinga, faqat oldinga, deya undab, quvvatlab turishi zarur. Xatolarni tuzatishda yaqindan yordam berishi, orqaga qadam qo'yilsa, darrov aytishi zarur. Bir qadam oldinga, ikki qadam orqaga, deb ko'p eshitayapmiz. Orqaga qadam tashlanaversa, ishonch yo'qoladi, bu aniq. Optimizm, hayajon va ishonchni ushlab turish hozir O'zbekiston uchun eng oldingi o'rinlarda bo'lishi kerak. O'tmishda O'zbekiston potensiali haqida ko'p eshitar edik.

Ikki davlat orasidagi hozirgi rishtalar haqida oldin hatto xayol ham qilmaganmiz. O'zbekiston o'zgarmaydi degan umidsizlikka o'rin yo'q.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Judayam.

Evan Feygenbaum: Turizm potensiali. Inson kapitali potensiali.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Juda ko'p eshitardik.

Evan Feygenbaum: Taraqqiyot potensiali. Lekin bong urishning o'zi yetmadi. Odamlar eshitaverib charchadi, chunki amalda ko'rishmadi. Potensial reallikka aylanishi kerak. Ishonch shunda oqlanadi. Hozir Markaziy Osiyo haqida gap ketganida asosan O'zbekiston muhokamada. Lekin real olib qarasak, Qozog'iston mintaqadagi iqtisodiy kuch. Iqtisodiy jihatdan O'zbekistondan kamida uch baravar katta. Kishi boshiga yillik daromad sakkiz marta ko'proq.

Shunday ekan, O'zbekiston har qanday potensialini ishga solish bilan shug'ullanishi kerak. Amerika bu borada nimaiki qila olsa, qilishi kerak. Xitoy va Rossiya nima qilayotgani u qadar muhim emas. Ularni tanqid qilishga ham vaqt sarflamagan bo'lar edim. Ular qilmayotgan ishlarni biz qilaylik va qattiqroq ishlaylik.

Davlat kotibi Mayk Pompeo 2019-yilning sentabtida Nyu-Yorkda Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari bilan muloqot qilgan edi

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Vashington nazarida O'zbekiston mintaqaviy hamkorlik va hamjihatlik yo'lida bebaho hissa qo'sha boshlagan. Tramp ma'muriyati Mirziyoyevga Markaziy Osiyodagi dinamikani ijobiy tomonga burgan lider deya qaramoqda. C5+1 formatidagi dialog markazi ham, oddiy qilib aytganda, Toshkent bo'lib qoldi. Bu ham O'zbekistonga yangi vazifa va mas'uliyat yuklaydi, shunday emasmi? Qolaversa, bu formatga qanday qaraysiz hozir?

Evan Feygenbaum: Qilayotgan ishiga qarayapmiz... bunday dialog oldin ham bo'lgan.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Esimizda.

Qay mexanizm bo'lmasin, gap mintaqani shu kungacha birlashtira olmay kelgan omillarda. Bu dialog orqali ular bartaraf etiladimi?

Evan Feygenbaum: Savdo-sarmoya bo'yicha kelishish uchun shunday formatda uchrashib turardik. 2004, 2005, 2006-yillarga borib taqaladi tarixi. Qay mexanizm bo'lmasin, gap mintaqani shu kungacha birlashtira olmay kelgan omillarda. Bu dialog orqali ular bartaraf etiladimi? O'zbekiston oldin asosiy to'siq deya ayblanar edi. Hozir u integratsiya markazi bo'lish harakatida. Qo'shnilari bilan aloqalari rasvo edi, masalan Tojikiston bilan. Hozir yaxshilab oldi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Yaxshilanmoqda...

Evan Feygenbaum: Mintaqaviy hamkorlik, birdamlik faqat irodaga bog'liq emas. Strukturaviy to'siqlar talay. O'zbekiston masalan dengizga chiqishi uchun ikki davlatni kesib o'tishi kerak. Tranzit qimmat. Geografiya, afsuski, iqtisodiy ko'rsatkichlarga ham ta'sir qiladi.

Gap yana mustahkam tizimlar barpo etishga, iqtisodiy diversifikatsiyaga, mintaqani ochishga, o'zingizni erkin va ochiq jamiyatga aylantirishga borib taqaladi.

Gap yana mustahkam tizimlar barpo etishga, iqtisodiy diversifikatsiyaga, mintaqani ochishga, o'zingizni erkin va ochiq jamiyatga aylantirishga borib taqaladi.

O'zbekistonda inson kapitali potensiali yuqori bo'lsa, bu faqat mehnat kuchiga bog'liq bo'lmasligi kerak. Kuch nimadan iborat? Aholi nimaga qodir?

Yaqindan bog'lanish yo'llar va ko'priklarnigina talab qilmaydi. Nazorat, ta'lim, qatnov, o'zaro faoliyatni osonlashtirish... Juda muhim omillar.

Oxirgi marta AQSh Davlat kotibi (Jon Kerri) Markaziy Osiyoga 2015-yilda borgan edi. Qozog'iston va O'zbekistonga tashrif Mayk Pompeo uchun mintaqaga ilk qadam.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Davlat kotibi besh yil o'tib Markaziy Osiyoga bordi.

Evan Feygenbaum: Bu yaxshi. Borib turish kerak.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Albatta.

Evan Feygenbaum: Mashhur kino ustasi Vudi Allen aytganidek, ko'rinish berishning, ya'ni borishning o'zi ishning 80 foizini hal qiladi. Bu haqiqat.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Janob Feygenbaum, vaqt ajratib, biz bilan qishning sovuq bir kunida mana shunday ochiq joyda muloqot qilganingiz uchun katta rahmat! Kapitoliy oldidamiz. Tez-tez bo'ladigan joyimiz. Jarayonlarni kuzatishda davom etamiz.

Evan Feygenbaum: Katta rahmat.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Suhbatdoshimiz - Evan Feygenbaum, Xalqaro tinchlik bo'yicha Karnegi jamg'armasi vitse-prezidenti. Sobiq yetakchi diplomat, hozirda Vashingtonda va umuman dunyoda tanilgan tahlilchilardan, siyosatdonlardan.

Evan Feygenbaum: Yana bir bor rahmat, Navbahor.