О’zbekiston ahli Qurbon hayitini keskin karantin ostida kutib oladi. Hukumat hayit namozini jamoa bo’lib o’qilishni, aholining zaruratsiz uydan chiqishni taqiqlagan. Pandemiya davrida soxta axborot tarqatishga qarshi kurash ham avjida.
Jamoatchilikka ko'ra, karantinning uzaytirilishi samaradan darak emas. Ichki ishlar vazirligida jarimalar bo’yicha planni to’ldirish rejasi mavjudligi, jurnalist va blogerlarni yolg’on xabar tarqatganlik gumoni bilan huquq-tartibot idoralarida so’roq qilinishi karantindan o'zi kim manfaatdor degan savollarni kuchaytirgan.
Karantin choralari 15-avgustgacha uzaytirildi. Mamlakatda koronavirus bilan kasallanganlar soni 20 mingdan, o’lim holatlari esa 100 dan oshgan.
So’nggi kunlardagi vaziyat kasallik avval kuzatilgani kabi karantinga olinganlarda emas, keng aholi orasida aniqlanayotganini ko’rsatgan.
Bu esa karantin choralaridan qat’i nazar kasallik keng yoyilib bo’lganidan darak. Shu bois ayrim mutaxassislar karatin samara berishiga shubha bilan qaramoqda.
"Milliy" telekanalidagi “Tez yordam” ko’rsatuvida ishtirok etgan tibbiyot fanlari nomzodi Aziza Xo’jayevaning bildirishicha, ayni paytda kuchli karantin choralariga qaytish o’z mohiyatini yo’qotgan.
“Men epidemiologik nuqtai nazardan kelib chiqib gapirdim. Umumiy populyatsiyada karantin samara bergan bo‘lardi. Lekin hozir kasallanganlar soni ko‘payib ketdi, deyarli har oilada kamida bitta kasallangan bemor bor. Shuning uchun karantinning ma’nosi yo‘qoldi”, - degan Aziza Xo’jayeva “Tez yordam” ko’rsatuvida.
O’zbekistonning keskin karantin choralariga qaytishi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda bo’lgan mutaxassislar tomonidan ham tanqid qilingan. Mamlakatdagi koronavirusga doir mavjud rasmiy raqamlar aholini karantinda ushlashga asos emasligi ta’kidlangan edi.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Olmazor tumani Ichki ishlar boshqarmasi mulozimi Farrux Xolovga tegishli ko’rilgan audioyozuvlar tarqadi. Huquq-tartibot idoralari yig’ilishidan yozib olingan bu audioda Xolov mahalla inspektorlariga har kuni hech bo’lmaganda beshtadan jarimaga tortish bo’yicha protokol tuzishni talab qiladi.
Audio yozuvdan anglanilishicha, aholini jarimaga tortish bo’yicha protokollar tuzilishni yuqorida turgan rahbariyat talab qilmoqda.
Huquq-tartibot idoralari majlisidan olingan bu yozuvlar ochiqlanishi jamoatchilikda jiddiy munozaralarga sabab bo'ldi.
Noroziliklar nafaqat huquq-tartibot idoralari hamon plan to’ldirish topshirig’i bilan ishlayotgani, balki shundoq ham karantin aholining tinkasini quritayotgan bir paytda jarimalar odamlar tirikchiligini battar og’irlashtirishi bilan bog’liq.
Mamlakatda koronavirusdan o’lim holatlarining ko’payishi haqida turli tasdiqlanmagan ma’lumotlar chiqishi, bunday ma’lumotlar uchun jurnalistlar, blogerlar siquvga olinayotgani bilan ham kuzatilmoqda.
Anchadan buyon koronavirusdan davolanayotgan Qoraqalpog‘iston Jo’qorg’i Kengesi raisi Musa Erniyozov vafot etdi, degan noto’g’ri axborot tarqalishi bir guruh mahalliy jurnalist va blogerlarni prokuraturaga olib borilib, ayrimlarining kompyuterlari va telefonlari musodara qilinishi bilan tugadi.
Jurnalistlar 26-iyul kuni so'roq qilingan, bir necha soatdan so’ng qo’yib yuborilgan.
Qoraqalpog’iston prokuraturasiga ko'ra, jurnalistlar Musa Erniyozovning koronavirusdan o’lganiga doir yolg’on xabarni chop etishgani uchun suhbatga chaqirilgan, asossiz axborot tarqatilishi bo’yicha surishtiruv davom etmoqda.
Jurnalistlarning yozishicha, mamlakatda axborot olish qiyin, mahalliy hokimiyatlar va Sog’liqni saqlash vazirligi ham zarur informatsiyani o'z vaqtida taqdim etmayapti.
Matbuotda Musa Erniyozov bilan bog’liq masala ko’tarilishi ortidan Sog’liqni saqlash vazirligi o’lim haqidagi xabarlar asossiz, Erniyozov koronavirusdan davolanishda davom etmoqda, degan bayonot bilan chiqdi.
Birmuncha oldin AQSh Davalat departamenti pandemiyadan inson huquqlarini cheklash maqsadida foydalanayotgan davlatlar haqida o’z hisobotini e’lon qilgan edi.
Bu hisobotda O’zbekistondagi ahvol ham tahlil qilingan. Mamlakat Jinoyat kodeksiga pandemiya sabab matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda yolg’on axborot tarqatilishiga doir qo‘shimcha modda kiritilgani qayd etilib, buning uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi inson huquqlari va ayniqsa, so’z erkinligini cheklashi ta’kidlangan.