AQShda asoslangan xalqaro tashkilotlardan biri dunyo xotin-qizlarini bir maqsad yo’lida birlashtirishni ko’zlaydi – ayollarning siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy bilimini oshirish.
Huquq, Taraqqiyot va Tinchlik uchun Ayollar Ta’limiy Hamkorligi deb ataluvchi bu muassasa ham hukumat, ham nohukumat idoralar bilan ishlaydi.
"Jamiyat imkoniyatlarga boy bo’lsin desangiz, ayollar savodli bo’libgina qolmay, siyosat, biznes va notijoriy sektorlarda yuqori cho’qqilarni egallashi kerak”,- deydi bu tashkilot rahbari Mahnoz Afhamiy.
Yaqinda Gruziyada 30 yoshli Eka Tkeshelashvili tashqi ishlar vaziri etib tayinlanganda, nafaqat qo’shni davlatlar, balki ayol rahbarlarga ancha o’rganib qolgan G’arbda ham bir muncha ajablanganlar bo’ldi.
Tkeshelashvili yosh bo’lishiga qaramasdan, Gruziyada ichki ishlar va adliya vaziri o’rinbosari, keyinchalik vazira, undan keyin esa bosh prokuror lavozimlarida ishlagan. Kasbi huquqshunos; turmush qurgan, farzandli.
Mahnoz Afhamiy fikricha qonunni va davlat ishlarini yaxshi tushungan, qolaversa, intiluvchan ayollarning ayrim jamiyatlarda bunday yuqori lavozimlarga ko’tarilishi tabiiy. “Ishini eplasa, irodasi kuchli bo’lsa, erkaklar hukmron siyosatda o’z yo’lini topa oladi”, - deydi Mahnoz Afhamiy.
Afhamiy xonimning o’zi Eronda shoh davrida xotin-qizlar masalalari bo’yicha vazira bo’lgan. Asli pedagog.
“Eron Davlat Universiteti qoshida ayol akademiklar va tadqiqotchilar uyushmasi tuzib, ularni nafaqat ilm-fan olamida, balki amaliy hayotda jonbozlik ko’rsatishga undaganman”,- deydi Mahnoz Afhamiy. Afsuski, islomiy inqilob uning sa’y-harakatlarini puchga chiqardi, ammo vatandan yiroqda bo’lsa-da siyosiy faolligini davom ettirdi.
BMT va Yevropa Ittifoqi XXI asr ayollar asri bo’ladi deb bong urmoqda. Jahonda ayol rahbarlar ko’paymoqda, deydi Mahnoz Afhamiy, ammo xotin-qizlar hayotining yaxshilanishi va jamiyat oldinga siljishi uchun ularning individual ravnaqi muhim rol o’ynaydi. Bu qaydan boshlanadi? - deya so’raymiz mutaxassisdan.
“Hamma narsa shaxsga borib taqaladi. Ayol o’zini shaxs, jamiyatning ajralmas qismi deb bilishi va o’z taqdirini o’zi belgilashga qodir ekanini tushunib yetmog’i lozim. Buning uchun unga sifatli ta’lim berilishi zarur, shuningdek, uni erkin fikrlashga o’rgatish kerak. Afsuski, ko’p jamiyatlarda xotin-qizlar roli oila bilan cheklanib qoladi. Ta’lim ham shunga yo’naltirilgan. Qanchalik ziyoli yoki iqtidorli bo’lmasin, mavjud ijtimoiy cheklov va to’siqlarni buzib o’tishi qiyin. Shu sabab bizning tashkilot turli yoshdagi ayollar bilan ishlaydi. Turli soha egalarini yetakchilikka o’rgatadi”,- deydi Mahnoz Afhamiy.
Huquq, Taraqqiyot va Tinchlik uchun Ayollar Ta’limiy Hamkorligi tashkiloti Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Qirg’izistonda qator loyihalar yuritadi. Nohukumat tashkilotlar bilan yaqin aloqada. Seminar va o’quv kurslari uyushtirib, biznes boshlashga, o’z tashkilotini ochishga, jamoatchi faol sifatida ishlashga o’rgatadi va kasbida qiynalayotgan ayollar malakasini oshiradi.
"O’zbekistonda Ayollar Resurs Markazi bilan ishlar edik. Kichik bizneslar va tadbirkorchilik faoliyatini oshirish, kasbdosh xotin-qizlar va siyosatga qiziqqan ayollarga yo’l ko’rsatish bo’yicha dasturlarimiz bor edi. Ammo mamlakatda chet el tashkilotlari bosim ostiga olingani, qolaversa, bu mustaqil ayollar markazi yopilgani sabab bu ishlarni davom ettira olmadik”,- deydi Mahnoz Afhamiy.
Huquq, Taraqqiyot va Tinchlik uchun Ayollar Ta’limiy Hamkorligi tashkiloti hukumat idoralari, ayollar masalalari bilan shug’ullanuvchi organlar bilan ham ishlashga tayyor.
“Biror tomon bizdan hamkorlik qilishni so’rasa, biz ular bilan birgalikda dastur loyihasini ishlab chiqamiz. Maqsadimiz xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy uquvini oshirish ekan, masalaga xolisona yondashamiz. Hukumat idoralarida ishlaydigan ayollar uchun ham maxsus kurslarimiz bor. Har bir jamiyat uchun o’sha jamiyat talab va shartlari asosida dasturlar taklif qilamiz. Sharq ayollari “g’arbcha” me’yor va hayot tarzi “bizga mos emas” deya xavotirlanadi. Ularni tushunamiz. Har bir xalqning o’ziga xos qadriyatlari e’zozlanishi kerak”,- deydi Mahnoz Afhami.
Ammo, deydi yetakchi, inson borki, ayolmi yoki erkak, farovon hayot istaydi va talablar bir: hamma to’q va erkin yashashni, bilimli bo’lishni, jamiyatda hurmat qilinishni, imkoniyatlarga ega bo’lishni, oshkora va g’amxo’r hukumat tomonidan boshqarilishni xohlaydi.
“Har bir shaxs, jumladan ayollar, yoshmi-qarimi, shunday muhitda yashashni istasa, avvalo o’z hissasini qo’shish haqida o’ylashi kerak. Saylovda qatnashing, mahallada faollik ko’rsating, muammolarni ko’tarib chiqing, fikringni ochiq ayting, biror narsadan norozi bo’lsangiz bildiring. Buning uchun esa inson dastavval o’ziga ishonishi, o’z o’rnini mustahkamlab olishi lozim”, - deydi Mahnoz Afhamiy.
Huquq, Taraqqiyot va Tinchlik uchun Ayollar Ta’limiy Hamkorligi (Women's Learning Partnership for Rights, Development, and Peace) tashkiloti bilan aloqa qilishni yoki uning dasturlarida qatnashishni istagan xotin-qizlar Internet orqali bu idora bilan bog’lanishi mumkin - www.learningpartnership.org/