8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni O'zbekistonda hamisha katta bayram. Ayollar bu kuni nafosat va go'zallik timsoli sifatida ko'klarga ko'tariladi. Bunga monelik yo'q.
Lekin aslida xotin-qizlar jamiyatda hamisha tinchlik va farovonlik, to'qlik va
osoyishtalikni ta'minlab kelgan. O'tmishda ham, bugun ham.
Global moliyaviy inqiroz bir haqiqatni yanada oydinlashtirdi. Bugun ko'plab mamlakatlarda ishchi-mehnatkashlar ayollar.
Ular asosan sog'liqni saqlash va ta'lim sohasida
ishlagani va bu jabhalar tanazzulning salbiy ta'siridan ancha uzoqda ekani
uchun ham xotin-qizlar orasida ishidan ayrilayotganlar erkaklarga qaraganda
ancha kam. AQShda oxirgi oylarda maoshsiz qolganlarning aksariyati, masalan,
erkaklar.
Boshqa bir sababi esa, deya uqtiradi mutaxassislar, ayollarning osonlikcha boy bermasligi, sabr-toqat va matonati.
Ayollar uchun yanada murakkab davr
Sobiq SSSR davrida yetuk oliygohlarni tamomlab, muhandislik va ilmiy tadqiqotlar borasida ilg'or ayollardan biri bo'lgan, turmush taqozosi bilan Amerikada ko'p vaqt o'tkazadigan onaxonlardan biri fikricha bu mamlakat ayollari qanchalik zahmatkash bo'lmasin, o'zbekistonlik ayollarga yetolmaydi.
"Bizning ayollarimiz juda chiniqqan, mehnatkash ayollar. Amerikalik ayollar uy ishlariga ko'p ahamiyat berishmaydi. Bizning ayollar ham uyni eplaydi, ham bola boqadi, ham ilmga intiladi",- deydi onaxon.
Respublika xotin-qizlari, bu onaxon nazarida, bugun hukumat ishlarida ancha faollashgan va jamiyatning to'laqonli fuqarolari.
Lekin moliyaviy qiyinchiliklar ayniqsa ularga og'ir tushayotgani ham sir emas.
O'zbekistonlik ayollar xorijda fohishalik qilib, yurtida oilasini boqayotgani, qolaversa mardikorlik bugun xotin-qizlar orasida tirikchilikning bir ko'rinishi ekani afsus bilan tilga olinadi.
"Yo'qchilikdan shu ishga majbur bo'lishgan, o'z xohishi bilan emas. Chunki ko'p oilalar qiyin ahvolda yashaydi. Shuning uchun farzandlarining chiqib ketayotganini bilib turib, yaxshi yo'lgami, yomon yo'lgami, oilalar xudodan ko'radi. Ha mayli, o'zini eplab yuribdi-ku degan gaplarni eshitasiz",- deydi ona.
Marg'ilonlik huquq faoli, oshkoralik va korrupsiyaga qarshi kurash bugunning asosiy vazifasi deb kelayotgan Mo'tabar Tojiboyeva fikricha:
"O'zbekiston tarixida hech qachon ayollarimiz, ziyoli bo'la turib, oilalarini boqish uchun mardikorlik qilmagan. Dunyoning turli burchaklarida o'zbek ayollari tanasini sotib fohishalik qilayotganini ko'rish mumkin. O'zbekistonda mardikor ayollar bozorlari tashkil qilingani ham o'ta fojiali holdir. Endi qarang, qaysidir bir chalasavod mansabdorning xonadonida yoki dalasida qaysidir oliy ma'lumotli vrach yoki o'qituvchi bir ayol maoshi yetmagani uchun qora mehnat bilan shug'ullanayapti. Shuning o'zi fojia deb hisoblayman".
"Saroy xonimlari"
Mo'tabar Tojiboyeva bugun respublikada siyosiy lavozimlarda o'tirgan
ayollarni, xususan Oliy Majlis va Xotin-qizlar qo'mitasi a'zolarini "saroy xonimlari" deb ataydi. Nega? Ular ham
xalq orasidan chiqqan emasmi?
"Chunki ular xalqdan ajralgan holatda faoliyat yuritadi. Matbuot va televideniyega qachon qaramay mana shu ayollar bugungi kunda xotin-qizlarning jamiyatdagi o'rni, ayollarning siyosiy ongini oshirish uchun qilayotgan ishlari haqida to'lqinlanib gapirashadi. Aynan mustaqillikdan keyin shunday imtiyozlar berilgani haqida gapirishadi. Lekin eng achinarlisi, bu saroy xonimlari oddiy xalqdan yiroq. Ular oddiy xalqdan, jumladan ayollardan tushgan murojaat, shikoyat va arizalarni oqibatsiz qoldiradi. Bu xonimlarning shikoyatbozlarga vaqti yo'q. Ular turli xil ko'ngilochar tadbirlar o'tkazish va buni matbuot orqali targ'ib qilish bilan bandlar",- deydi Tojiboyeva.
Qizlar uchun bilim olish, kasbli bo'lish yanada qiyinlashgan
Bilim
olish katta pul talab qiladi. Ilmli yoshlar universitetga kirsa-da, shartnoma
uchun mablag' topa olmayapti.
"Ota-ona qizini o'qitishni o'ylasinmi yoki turmushga berishni",- deya so'raydi ism-sharifini oshkor etishni istamagan onaxon.
"Imkoniyat juda past. Hatto repetitorlar bilan tayyorlangan qizlar ham o'qishga kirib, kontrakt uchun pul topa olmayapti. O'qish uchun oila baquvvat bo'lishi kerak. Repetitor uchun ham pul kerak. O'qiyman deb yig'lab o'tirgan yoshlar bor. Lekin oila buning uchun sharoit yaratib bera olmaydi. Chunki kontrakt yilma-yil oshib ketayapti",- deya tushuntiradi u.
Yo'qdan bor qiladiganlar
Muammolar cheksiz, ammo jamiyatga foydasi tegayotgan xotin-qizlar ham O'zbekistonda
ko'p, deydi Mo'tabar Tojiboyeva.
Asl qahramonlar - qora terga botib, paxtazoru- dalalarda ishlayotgan, birovning dardiga malham bo'lib, ziyo ulashib, bir burda nonga yetarli pul topgani uchun shukur qilib, bolasining egni but, erining sog'lig'i va kayfiyati joyida ekanidan xursand bo'lib, eng asosiysi tinchlik deya yashayotgan ayollar.
"Hamma tinchlik deydi. Dunyoda tinchlik, oilada tinchlik",- deydi "Amerika Ovozi" bilan suhbatlashgan onaxon.
Jamiyatni mehr-oqibat tebratadi, uni ulashadigan esa ayollar, deydi
onaxon.