AQSh-O'zbekiston orasida muzokaralar; konkret qadamlar zarurati

Yaqinda O'zbekistonda bo'lib, siyosiy, ilmiy va madaniy doiralarda muloqot o'tkazgan amerikalik olim Rojer Kangas (Roger Kangas) tomonlarni pragmatik bo’lishga undamoqda.

Asossiz umid va balandparvoz va'dalarga berilmay, bugun nima qila olamiz va ayni damda nimaga qodirmiz degan qarash asosida ish tutish kerak, deydi O'zbekiston-AQSh munosabatlarini boshidan kuzatib kelayotgan tahlilchi.

Rojer Kangas, siyosiy fanlar doktori, xavfsizlik va diplomatiya bobida izlanib keladi. Vashingtonda AQSh Mudofaa Universiteti (National Defense University) va Jorjtaun Universiteti (Georgetown University) singari dargohlarda faoliyat yuritadi.

Kangas O'zbekistonda bu safar ilm-fan arboblari bilan suhbat qurgan. Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya Universitetida so'zlagan. Prezident huzuridagi Davlat va Jamiyat Qurilish akademiyasi, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, qolaversa O'zbekiston Fanlar Akademiyasida mehmon bo’lgan.

Vashington va Toshkent bugun bir-birini qanchalik tushunadi?

“Qaysidiy darajada bir-birini tushuna boshlashgan. Lekin nazarimda Toshkentda odamlar hamon yaqin tarixni - 2001-2005 yillar orasidagi hamkorlik va aloqalar nima sabab buzilganini eslash bilan ovora. Andijon voqealaridan keyin har ikki tomonda o'ziga xos qarash shakllangan. Lekin odamlarda hamkorlik qilishga ishtiyoq kuchli, ayniqsa ilm ahli orasida. Nafaqat AQShga safar qilish, bu yerda malaka oshirish istagi, balki o'zaro fikr almashish",- deya javob beradi Kangas.

Islom Karimov 6+3 tashabbusi bilan chiqqan, ya'ni prezident afg'on urushiga nuqta qo'yish uchun bu davlatning olti qo'shnisi – Pokiston, Xitoy, Tojikiston, O'zbekiston, Turkmaniston va Eron hamda uch muhim o'yinchi – AQSh, Rossiya va NATO bir davraga to'planib, yechim qidirishi kerak degan fikrda.

Vashingtonda bu tashabbusga qiziqish yo'q. Davlat departamentidagi yuqori lavozimli diplomatlar, Markaziy Osiyo bilan aloqalarga mas'ul rasmiylar deydiki, Afg’oniston kelajagi bu xalq va uning hukumati qo’lida.

"Biz Afg'oniston qo'shnilarining mintaqa xavfsizligi va barqarorligi yo'lida o'ynayotgan rolini yuqori baholaymiz”,- deydi ular, "ammo bu davlat istiqboli bilan bog’liq har qanday muzokara afg’on hukumati ishtirokida o’tishi shart deb hisoblaymiz".

Mart oyi boshida AQShning Afg'oniston va Pokiston bo’yicha maxsus vakili Richard Xolbruk Toshkentda bo'lganida bu borada Islom Karimov bilan gaplashgan va unga Vashingtonning bu pozitsiyasini tushuntirgan.

AQSh Karimov bilan fikr almashishda davom etadi, deydi Davlat departamentida o'tirgan mutassadilar.

To'g'ri, deydi Rojer Kangas, mintaqa bilan yaqindan maslahatlashmay iloj yo'q.

“Afg'onistonda tinchlikka erishish uchun bu davlatlarni jalb etmasak bo'lmaydi. Ularning fikri, maqsadlarini tinglashga majburmiz. O'zbekiston masalan jarayonda muhim rol o'ynamoqchi. Aynan nima qilmoqchi ekanini bu davlat rasmiylari aniq tushuntirib berishi kerak”, - deydi u.

Tahlilchi nazarida, O’zbekiston pozitsiyasi va xohish-istaklarini tushunish qiyin.

Hukumat oydinlik kiritishi kerak, siyosatni keng jamoatchilikka yaxshiroq izohlab berish kerak, deydi Rojer Kangas, Toshkentda prezident Islom Karimovdan boshqa hech kim og’iz ochmasligiga ishora qilib.

Amerika murakkab siyosiy tizimga ega. Davlat departamenti, Mudofaa vazirligi va boshqa idoralardan kelayotgan signallar Toshkentda to'g'ri talqin qilinishi uchun sharoit yaratilishi kerak.

Ayni damda Toshkentda AQShdan maxsus delegatsiya mehmon bo'lib turibdi. Markaziy Qo'mondonlik va Pentagon vakillaridan iborat bu guruh hamkorlikni oshirish, xususan Afg’oniston bobida berilayotgan yordam evaziga respublikaga qanday imkoniyatlar taklif etish mumkinligi haqida gaplashmoqda.

Tomonlarga maslahat, deydi Rojer Kangas, aniq maqsadlar yo'lida harakat qiling.

"Jamoatchilik ham vaziyatni boricha ko'rishi kerak. Toshkent va Vashington eng yaqin hamkorlar bo'ladi yoki bo'lishi kerak degan xayolga berilmay, sharoitga qarab yondashish kerak. Aloqa borki, bir kun og'ir, bir kun yengil. O'zaro manfaat xavfsizlik va barqarorlik bo'lsa, demak bularni ta'minlash uchun konkret qadamlar tashlash kerak”, - deydi Rojer Kangas.