<!-- IMAGE -->
Tashqi dunyo nazarida Qirg’izistondagi beqarorlik ortidagi asosiy sabab bu hukumatning xalq dardini tinglamagani.
Aholi ham shu fikrda. Iqtisodiy rivojlanish juda sekin, sanoat va ishlab chiqarish sur’ati past, korrupsiya chuqur ildiz otgan, rahbarlar yulg’ich.
<!-- IMAGE -->
Bunday jamiyatda yashash, tirikchilik qilib oila tebratish qahramonlikning o’zi, deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan fuqarolar.
Masalan Alisher Abdug’ofurov Qirg’izistonda aholining qariyb 15 foizini, ikkinchi eng yirik etnik guruhni tashkil etuvchi o’zbeklardan biri. Jamoatchilik ishlarida faol bu yigit nohukumat sektorida ishlaydi. Xalqaro tashkilotlar, xususan BMT taraqqiyot dasturlarini amalga oshirishda hissa qo’shib kelayotgan mutaxassislardan.
<!-- IMAGE -->
Odamlar siyosiy nayrangbozlikdan to’ygan, g’amxo’r bir rahbar kelishini istaydi, deydi u.
“Hozir ko’pchilik ishsiz, ko’pchilik Rossiyada, ko’pchilik tirikchilik ilinjida. Hozir hech kim siyosat bilan shug’ullanadigan kayfiyatda emas. Hozir bahor, dehqonchilik bilan shug’ullanadigan payt… Siyosiy o’yinlarga hech kimning vaqti yo’q, fikrimcha. Xalqning dardini bilaman deb yurganlar aslida o’z dardi bilan yuribdi”, - deydi u.
Alisher Abdug’ofurov hozirgi siyosiy voqealarni demokratik jarayon sifatida ko’rmaydi. Odamlarda, ayniqsa, yoshlarda erkinlikka intilish kuchli, deydi u, lekin amaldorlar oshkoralik uchun yo’l ochishiga ishonch past. Jamoatchilik bu “liderlar” nimaga qodir ekanini biladi.
<!-- IMAGE -->
“Xalqning dardi bizning siyosatchilarni qiziqtirmaydi. Ular hokimiyatga kelish ilinjida. Muvaqqat hukumatdagilarning ko’pchiligi Bakiyev va Akayev davrida yuqori lavozimlardan ishlagan odamlar. Azimbek Beknazarov avval ham bosh prokuror bo’lgan. Umurbek Tekebayev parlament spikeri bo’lgan. Roza Otunbayeva tashqi ishlar vaziri bo’lgan. Almaz Atambayev yaqingacha bosh vazir edi. Bir necha kun oldingi qonli to’qnashuvlarda halok bo’lgan odamlarning ichida ham haqiqatan demokratiya yoki inson huquqlari uchun maydonga chiqqan odamlar kam edi. Ko’pchiligi pul uchun chiqqan. Ayrimlar majburlab olib chiqilgani haqida ham ma’lumotlar bor. Bugungi siyosiy kurashni men janub elitasidan shimol elitasiga o’tish uchun harakat deb tushunaman”,- deydi Alisher Abdug’ofurov.
Tashqi dunyo Qirg’izistonning oyoqqa turishi uchun yordamga tayyor ekanini qayd etmoqda. Yirik davlatlardan tortib, xalqaro tashkilotlargacha.
<!-- IMAGE -->
Alisher Abdug’ofurovning aytishicha, odamlar e’tibordan minnatdor, lekin va’da qilinayotgan yordam ish berishi uchun zamin yaratilishi kerak.
“Vaziyatni barqarorlashtirish kerak. Iqtisodiy yordam bo’ladimi, harbiy yordammi, butun davlat hududini nazorat ostiga olgan aniq bir hukumat vujudga kelmas ekan, foyda yo’q”, - deb hisoblaydi u.
Bu yigit fikricha, Qirg’izistonda ijtimoiy nizolar, elatlararo bo’linish holati kuchayib bormoqda. Xalq orasida birdamlikni targ’ib qilish kerak.
“Chunki hozir shimol va janub o’rtasida ziddiyat kuchaygan, qolaversa, janubning o’zida o’zbek va qirg’izlar orasida munosabat kundan-kunga keskinlashib, har kuni yanada qattiqroq gaplar gapirilmoqda”, - deydi qirg’izistonlik suhbatdoshimiz.
Bishkekda o’tirgan rahbarlar o’zbeklarning istak-xohishini ham tinglashi, ularning dardiga quloq solishi kerak, deydi Alisher Abdug’ofurov, chunki ular ham Qirg’iziston fuqarolari, shu davlat taraqqiyoti uchun hissa qo’shayotgan aholi.
“Hozir hukumatga kelgan muxolifat nashrlarida o’zbeklar haqida ko’plab salbiy materiallar chop etiladi. Bizga, ya’ni o’zbeklarga kim prezident bo’lishi emas, rahbarning bizga munosabati qanday bo’lishi muhimroq. Chunki janubda o’zbeklarning huquqi ko’p poymol etiladi. Bizning davlat tashkilotlariga ishga kirishimiz qiyin. O’zbekligi uchun ishga olinmagan yoki o’qishga kirolmagan vaziyatlar ko’p uchraydi".
O’zbek aholi o’zini Qirg’izistonning bir qismi deb bilmaydi, ular ajralishni xohlaydi, O’zbekistonga qo’shilishni istaydi degan da’volar g’irt safsata deydi Alisher Abdug’ofurov.
“Niyatimiz ezgu va xolis”, - deydi u. Fuqaro tengligi ta’minlansin, siyosiy va madaniy huquqlar hurmat qilinsin.
“Tinchlik, hurmat va hamma bilan teng huquqli bo’lish. O’zbek sifatida aytsam, niyatimiz shu, kamsitilmaslik”, - deydi Alisher Abdug’ofurov.