Milliy televideniyeda bosh ko’targan jurnalist dodimni prezident eshitsin deydi

Teleradiokompaniya rahbariyati ishdan olinishi kerak, deydi "Davr" sharhlovchisi Saodat Omonova

Mana bir oydan oshibdiki, Saodat Omonova dardini dunyoga ochib sochmoqda. Uni Moskvada eshitishdi, Pragada eshitishdi, Londonda eshitishdi. Sun'iy yo'ldoshli radio to'lqinlarida, global tarmoqda, axborot sahifalarida. Uning jarangdor ovozi shu tariqa butun dunyoni aylanib, hatto okean ortiga ham Vashingtonga yetdi.

Lekin bu jurnalistning asl maqsadi Toshkentdagi Oqsaroy degan serhasham idorada o'tirgan O’zbekiston prezidentiga chiqish. “Davr” informatsion dasturida uzoq yillardan beri ishlab kelayotgan, tomoshabinlarga yaxshi tanish Saodat Omonova yurtboshiga ishonadi.

Prezident Islom Karimov oqilona chora ko’rib, O’zbekiston televideniyesida jonini jabborga berib, mamlakat taraqqiyotiga hissa qo’shish uchun ter to’kayotgan u singari muxbir-muharrirlar, jurnalistlar jamoasini, uning so’zi bilan aytganda, senzura va korrupsiyadan, yulg’ich va tovlamachi rahbarlar qo’lidan qutqarishini kutmoqda.

Bir qarashda Saodat Omonova O’zbekistonda ko’plab jurnalistlar yeta olmagan cho’qqilarni egallagan mutaxassis.

“Men televideniyedagi faoliyatimni 1994 yili O’zbekistondagi ilk mustaqil telekompaniya STVda boshlaganman. 1998 yilda “Yoshlar” telekanaliga ishga qabul qilindim. Dastlabki yillar bu kanalning Samarqand viloyati bo’yicha muxbiri lavozimida ishladim. 2001 yilda esa Samarqanddan Toshkentga ko’chib o’tdim. Oddiy muharrirdan katta muharrir, bo’lim mudiri lavozimlarida ishladim. Ayni paytda mazkur kanalning “Davr” axborot dasturlari bosh muharririyatida sharhlovchi sifatida mehnat qilayapman. Faoliyatim davomida Mustaqillikning 10 yillik medali, Atirgul Tanlovi, Xalqaro Oltin Qalam mukofotlari sohibasi bo’ldim”, - deydi Saodat Omonova.

O’zbekiston mahalliy va davlat kanallarida 16 yildan beri ter to’kib kelayotgan jurnalist nega aynan bugun bosim va cheklovlarga qarshi bosh ko’tarmoqda?

Milliy televideniyeda bosh ko’targan jurnalist dodimni prezident eshitsin deydi

“Aslida bu norozilik mening qalbimda 2007 yillarda uyg’ongan edi. Sababi 2005 yillarda teleradiokompaniyaga umuman ijoddan uzoq, televideniyedan uzoq bo’lgan Alisher Xodjayevning tayinlanishi va bu shaxs o’z atrofiga o’ziga o’xshagan xodimlarni to’plashi natijasida O’zbekiston Teleradiokompaniyasida ko’z ko’rib quloq eshitmagan vaziyatlar vujudga kela boshladi. “Yoshlar” kanaliga Xayrulla Nuriddinovning direktor etib tayinlanishi ham vaziyatni yanada keskin tus oldirdi".

"Esimda bor 2000-yillar boshi va bugungi rahbariyat tayinlanguniga qadar biz jurnalist surishtiruvlarini olib borar edik. Tahririy-tanqidiy materiallar tayyorlab, xalqning ko’nglidagi quvonch va tashvishlarini imkon qadar yoritishga urinar edik va bunga erishar edik ham. Biroq 2005 yildan boshlab telejurnalistlarning ijodiy erkinligi va hurfikrliligi bo’g’ila boshlandi. Bizga hatto “muammo” va “kamchilik” degan so’zlarni ham ishlatishni taqiqlab qo’yishdi. Natijada keyingi 5-6 yil davomida teledasturlar faqat “ura” va “ofarin” degan yolg’onlardan iborat bo’lib qoldi".

"Faqat bugina emas. Keyingi yillarda Alisher Xodjayev va Xayrulla Nuriddinovlarning rahnamoligi ostida O’zbekiston Milliy Teleradiokompaniyasida shafqatsiz senzura avj oldi. Vaholanki, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 67-moddasida “Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning to’g’riligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar. Senzuraga yo’l qo’yilmaydi” deb belgilab qo’yilgan. Qolaversa, mamlakatimizda qabul qilingan ommaviy axborot vositalariga doir 10 ga yaqin qonunlarda ham axborot olish va uni tarqatish masalalarini erkin amalga oshirish ko’zda tutilgan”.

Milliy televideniyeda bosh ko’targan jurnalist dodimni prezident eshitsin deydi

Saodat Omonovaning aytishicha, bugun telejurnalistlar rahbariyat qo’lida qo’pol qilib aytganda “olaparga aylantirilgan”.

Jurnalist vijdon azobi haqida gapiradi. Jamiyatda bu soha egalariga nisbatan hurmat va ishonch yo’qolganini aytadi.

“Aynan mana shunday holatlar mening bosh ko’tarishimga sabab bo’lgandir ehtimol. Men kim uchun ishlayapman? Umrimning eng gullagan davrini nima uchun sarflayapman? Axir mening jon kuydirib, ter to’kishim, aynan ana shu xalq uchun qilayotgan mehnatlarimdan el norozi-ku. Ehtimol bunday ko’zbo’yamachilik va maddohlikka chek qo’yish lozimdir degan fikr keyingi paytlarda umuman tinchlik bermay qo’ydi-da".

"Aslida jurnalist degani jamiyatdan bir qadam oldinda yurishi va har qanday holatda ham haqsizliklarga qarshi birinchilardan bo’lib bong urmog’i lozim. Ammo biz nima qildik shu besh yil davomida? Hatto o’z ishxonamiz rahbarlari tomonidan sodir etilayotgan nohaqliklar, iqtisodiy o’g’irliklar, tahqirlashlarga lom-mim demasdan chidab keldik”.

“Har narsaning ham chegarasi bor. Sabrning ham chegarasi bor. Ammo sabr kosalari limmo-lim to’ldi. Biz o’zbeklarda ana shu andisha bilan birga shukronalik, sabr-qanoat degan tuyg’ular shunchalik kuchliki, ba’zida bu ijobiy tushunchalar ayrim vaziyatlarda zarar qilib pand ham berib qo’yar ekan-da. Men buni ish jarayonimda juda ko’p kuzatdim”,- deydi Saoat Omonova.

Saodat Omonova taklif qilayotgan yechim shuki, TV rahbariyatini tubdan yangilash kerak.

O’zbekiston davlat televideniyesi rahbariyati, deydi jurnalist, “quyushqonidan chiqib ketgan”. Nafaqat moliyaviy firibgarliklar balki mahalliychilik ham avjiga chiqqan, deydi Saodat Omonova. Jurnalist ularda xususan “Yoshlar” telekanali direktori Xayrulla Nuriddinovni ayblaydi.

Saodat Omonovaning aytishicha, viloyatlardan kelgan jurnalistlarning mualliflik ko’rsatuvlari qilishi juda mushkul va ularning ko’pi “shevang bor” deya efirga qo’yilmaydi. Shuningdek, material o’g’irlash, birovning ijodini olib, boshqalar nomidan topshirish kabi hollar ko’p tarqalgan, deydi jurnalist. Saodat Omonova nafaqat “Yoshlar” telekanali direktori balki uning o’rinbosari Zoir Qurbonovni mana shunday qilmishlarda ayblab, tilga oladi.

“Amerika Ovozi” Xayrulla Nuriddinov va Zoir Qurbonov bilan gaplashib, ularning bu tanqid va shikoyatlarga nisbatan munosabatini bilishga harakat qildi. Xayrulla Nuriddinovdan qo’ng’iroqlarimizga javob bo’lmadi.

Uning o’rinbosari Zoir Qurbonov esa telefonda bog’langanimizda “Tanqidga ochiqmiz, lekin u quruq, asossiz va soxta bo’lsa kerak emas”, - dedi. “Tanqid bo’lsa, marhamat, lekin konstruktiv bo’lsin”,- deydi u. “Muammo bo’lsa, uning yechimi nima ekanini aytishsin. Fikr hammada bor, yechim qani?”

Saodat Omonova taklif qilayotgan yechim shuki, TV rahbariyatni tubdan yangilash kerak. U hozirgi boshliqlarni millionlab so’m mablag’ni o’marganlikda, butun tizimni aldab kelayotganlikda ayblaydi. Kimdir ishga kelmay ham maosh oladi, kimdir esa doimiy bosim ostida, kasbiy erkinliklardan mahrum holda ter to’kadi, deydi u.

Jurnalistning aytishicha, telekompaniyada tishini tishiga qo’yib ishlab yurganlar juda ko’p, lekin xodimlarning ruhiyati bugun juda pasayib ketgan.

Saodat Omonova ishlaydigan “Davr” ijodiy jamoasi rahbari, bosh muharrir Sohibjon Alijonov yuqoridagi gaplarni rad etadi.


“Davr” ko’rsatuvlarining kunda beshta soni bor. Kunduz kuni uchta, kechqurun esa 7 va 10 da. Birorta ko’rsatuv to’xtagani yo’q. Ishlarimiz rejada belgilangandek, bir maromda ketayapti. Albatta, agar ijodiy kayfiyat yoki odamlarning shaxsiy kayfiyati tushib ketadigan bo’lsa, bu narsaga erishish qiyin bo’ladi. Odamlarimizdan yangi yangi takliflar, g’oyalar chiqayapti. Har holda kayfiyati tushib ketgan jamoa degan taassurot qoldirmaydi nazarimda”,- deydi bosh muharrir.

Sohibjon Alijonov Saodat Omonovaning bugun ham “Davr”da ishlayotganini, rahbariyat uning shikoyatlaridan xabardor ekanini eslatadi.

Saodat Omonova aytganidek, ko’rsatuvlarda bugun “muammo” va “kamchilik” degan so’zlar taqiqlagani rostmi?

“Bu savolga javob berish uchun menimcha bizning ko’rsatuvlarimizni izchil ravishda, sistematik ravishda ko’rib borish kerak. U yerda qaysi muammolar ko’tarilayotgani, qanday fikrlar aytilayotganini, o’shanda anglab, ilg’ab bilib olsa bo’ladi",- deydi Sohibjon Alijonov.

"Ko’ring, mana Saodat Omonovaning o’zining lavhasida, trans- chegaraviy suv muammolari bilan bog’liq masala ko’tarilgan. Yoki mana 10-15 kun oldin “Davr” ko’rsatuvida bugungi kunda haydovchilar tayyorlaydigan maktablarda, avtomaktablar deymiz, ana shularda haydovchilar tayyorlash saviyasi biroz pasaygani va buning oqibatida yo’l-transport hodisalari kelib chiqayotgani singari masalalar ko’tarildi. Bir maromda ketayapti ishimiz".

"Saodat Omonovani men masalan yetuk mutaxassis deb hisoblayman, yaxshi odam deb hisoblayman. U kishi nima uchun bunday fikrlarni o’rtaga tashlayapti, to’g’risi bunga ko’pchilik, shu jumladan men o’zim ham hayronman”,- deydi Sohibjon Alijonov.

Bosh muharrirning aytishicha, jurnalistlar senzura va bosim ostida emas.

“Men albatta efirga ketadigan materiallarni “Davr” bosh muharriri sifatida ko’rikdan o’tkazaman. Kerak bo’lsa, matnlarni tahrir qilaman. Kerak bo’lsa ayrim ko’rsatmalar beraman. Ayrim fakt va ma’lumotlarni qo’shtiraman. Nega? Bularning hammasi professional nuqtai nazardan qilinadi",- deydi u.

"Albatta, biz axborot beruvchilar, xabar beruvchilar, tomoshabinga, tinglovchiga, umuman bizning mahsulotlarimizni qabul qilayotgan iste’molchiga aniq, to’g’ri, xolis ma’lumotlarni berishimiz kerak. O’sha ma’lumotlarni ochib bermaydigan intervyu yoki chalkash fakt, chalkash ma’lumotlar beriladigan bo’lsa yoki oddiy adabiy til me’yorlariga, qonun-qoidalarga to’g’ri kelmaydigan matnlar, talaffuzlar bo’ladigan bo’lsa, albatta bularni men efir sifati nuqtai nazaridan olib tashlayman. Bu mening professional vazifam”,- deydi Sohibjon Alijonov.

“Men “tanqidiy” degan so’zga biroz qarshiman, Navbahor, chunki bu Sovet davridan qolgan sarqit, eskilik. Ilgari bizda biror gazeta yoki boshqa joyda tanqidiy maqola chiqadigan bo’lsa, orqasidan ur-sur, albatta kimningdir boshi ketgan, kimningdir kallasi ketgan. Tanqid bo’lganda, uning yonida yechimini ham ko’rsata bilish kerak. O’zbekiston rahbari, davlatimiz prezidentining shu xususda aytgan gaplari bor. Tanqid konstruktiv bo’lishi kerak. Fakt-ma’lumotlarga asoslangan, to’laqonli, mag’zi to’q, pishiq tanqid bo’lishi kerak nazarimda. Kimningdir shaxsiy fikri bo’yicha, kimgadir qaysidir holat yoqmagan bo’lsa, buni tanqid deb baholash unchalik to’g’ri bo’lmasa kerak”, - deydi u.

Siz, bosh muharrir sifatida, axborot tayyorlashda rahbariyatdan hech qanday buyruq kelmaydi, jarayon professional ravishda kechadi, ijod erkin, yuqoridan biror bosim yo’q deya ayta olasizmi?

“Men o’zimning professional mas’uliyatim oldida javobgarman”,- deydi Sphibjon Alijonov.

Mahalliychilik haqidagi da’volarga bosh muharrirning javobi:

“Men sizga qayerdan ekanimni aytdim. Men Farg’onadanman. Toshkentga 32 yoshimda kelganman. Shundan beri o’z harakatimiz orqali katta-kichik lavozimda ishlab yuribmiz. “Davr” jamoasining 64 foizini viloyatdan kelganlar tashkil etadi. Shundan Toshkent viloyatidan bor yo’g’i 14 foiz. Mana shundan ko’rsangiz bo’ladi. Qolaversa Saodat Omonovaning o’zi ham Samarqanddan kelgan. Boya aytib o’tdim, biz u kishini yetakchi jurnalist deb e’tirof qilganmiz va hozir ham shunday deb kelayapmiz".

"Mana aytaylik, Mehroj Darxonov, Jizzax viloyatidan. Jamoliddin Qalandarov, bugungi kunda “Davr” jamoasining yosh, umidli muxbirlaridan biri, Samarqand viloyatidan. Xullas, O’zbekiston Milliy Teleradiokompaniyasida, shu jumladan “Yoshlar” telekanali, “Davr” jamoasida, kimning qayerdan kelgani emas, ijodiy-tashkiliy jarayonga qanchalik hissa qo’sha olishi, kasb-mahorat va malakasi qay darajada ekanligiga qarab, uning mehnatiga baho beriladi. Bu kompaniya rahbariyatining ham, shu jumladan “Davr” rahbariyatining ham qat’iy pozitsiyasi”,- deya ta'kidlaydi Sohibjon Alijonov.

Saodat Omonova esa buning aksini tasvirlab beradi. O’tgan yili Malohat Eshonqulova ham shunday shikoyatlar bilan chiqqan edi.

Bugungi rahbariyatdan dod deb yurgan jurnalistlarning hammasi ham dardini ochiq ayta olmaydi, oila-tirikchilik haqida o’ylaydi, qo’rqadi.

“Bu eng avvalo bizning ruhiyatimiz, ma’naviyatimiz, ijod, iqtisod va hayotimizga ham zarar ko’rsatadi. To’g’risi, men boshida kattalarga qarshi gapirish uchun andisha qildim. Qolaversa, bu dargohda ishlashni minglab odamlar orzu qiladi. Ularning orasida shu darajaga erisha olmaganlar qancha. Ammo menga shu dargohda ishlash nasib etdi deb shukur qilar edim. Lekin, ochiqroq aytadigan bo’lsam, qaysidir ma’noda qo’rqdim ham. Bunday amaldor bir guruh, jinoiy to’dalarga qarshi yolg’iz o’zim bosh ko’tarishga qo’rqdim. Buni yuzlab hamkasblarim xususida ham aytish mumkin. Chunki ular mening chiqishlarimdan keyin menga “Rahmat, qo’rquvni yengibsiz. Biz esa qo’rquvning qulimiz. Ishsiz qolishdan, oilamizni boqa olmasligimizdan cho’chiymiz. Aks holda sizlarga qo’shilgan bo’lardik deb o’zlari gapirishadi. Bu gaplar menga dalda beradi”,- deydi u.

“Menimcha prezidentimiz televideniyedagi barcha jinoyatlar xususida xabar topsa, o’sha korchalonlarning oyog’idan tortib yerga tushirib qo’yishiga ishonamiz. Umuman adolat tantana qilishiga ishonamiz”,- deydi Saodat Omonova.

Saodat Omonova bunday nolalar bilan chiqayotgan ilk telejurnalist emas. O’zbekistonda so’z va matbuot erkinligi, axborot vositalari va ularning xodimlariga kafolatlangan huquqlar faqat qog’ozda deb bong urib kelayotganlarning cheki yo’q.

“Axborot” va “Davr” ko’plab o’zbekistonliklar nazarida maddohlikning asl namunalari. Hukumat va amaldagi siyosatni maqtash bilan cheklanadigan dasturlar.

Saodat Omonova nazarida 2005 yilgacha bunday emas edi. Xalqni qiynayotgan muammolarni, ijtimoiy masalalarni imkon qadar ko’tarib chiqish mumkin edi.

Jurnalist Samarqandda quruvchilar ahvoli va qurilish mollari qayoqqa g’oyib bo’layotgani yoki kitob do’konlari nega yopilib ketayotgani haqida tanqidiy materiallar tayyorlaganini misol sifatida keltiradi.

“Bugungi rahbariyat endi mendan nimani kutadi? Ularning qo’lida qurol bo’lishimni, ularning kirdikorlariga ko’z yumishimni, boshqa hamkasblarim qatori mening ham kar va ko’r bo’lishimni istaydi-da. O’zlari ham ishonmaydigan haqiqat haqida gapirishimni, tanganing ikkinchi tomoniga umuman qaramasligimni, uni ko’rmasligimni istashadi. Agar ahvol shu zaylda davom etaversa, boshqa xodimlar ham bunday adolatsizlik dastidan dod deb portlamasligiga hech kim kafolat bermaydi”.

Saodat Omonova umidni boy bermagan, hali ham davlat rahbariga ishonadi. Uning fikricha O’zbekistonning o’ziga xos jurnalistikasini taraqqiy ettirish uchun imkoniyat kerak.

“Menimcha prezidentimiz televideniyedagi barcha jinoyatlar xususida xabar topsa, o’sha korchalonlarning oyog’idan tortib yerga tushirib qo’yishiga ishonamiz. Umuman adolat tantana qilishiga ishonamiz”.

“Mening vatanimdan chiqib ketish yoki shuhrat orttirish niyatim yo’q”, - deydi Saodat Omonova. Jurnalistlarni qiynayotgan muammolar hal qilinsa bas.