AQSh: C5+1, Mirziyoyev va Markaziy Osiyodagi yangi strategiya

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Elis Uells "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Nyu-York, 23-sentabr, 2019

2019-yilning 22-sentabrida AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Nyu-Yorkda, BMT Bosh Assambleyasining yillik sessiyasi boshlanishi arafasida, Markaziy Osiyoning besh davlati rasmiylari bilan uchrashdi. Bu - Pompeo uchun mintaqa tashqi ishlar vazirlari bilan ilk shunday muloqot. C5+1 formatidagi dialogga besh yilcha oldin asos solingan. Unga Markaziy Osiyoning besh respublikasi va AQSh kiradi. Vashington nazarida, C5+1 - samarali platforma. "Amerika Ovozi" hozirgi tashabbuslar ortida turgan Elis Uells (Alice Wells) bilan gaplashdi. Uells xonim BMTdagi uchrashuvlar orasida suhbatlashar ekan, nafaqat mintaqaviy masalalar, balki O'zbekistondagi jarayonlar bilan bog'liq qator savollarga ham javob berdi. Uells - AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh: Mirziyoyev Markaziy Osiyoda hamkorlik tomon yo'l ochdi


BMT bosh qarorgohi, 23-sentabr, 2019

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Biz bilan gaplashishga vaqt topganingiz uchun katta rahmat, Uells xonim.

Elis Uells, AQSh Davlat kotibi muovini: Sizni BMT Bosh Assambleyasida ko'rib juda xursandman. Rahmat!

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": BMT Bosh Assambleyasi yillik sessiyasini kuzatish albatta qiziq. Endi ochilmoqda, lekin Markaziy Osiyo uchun allaqachon boshlanib ketgan. Kecha Davlat kotibi Mayk Pompeo Markaziy Osiyo bosh diplomatlari bilan uchrashdi.

Elis Uells, AQSh Davlat kotibi muovini: Ha, shunday... Pompeo uchun ilk muloqot.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Shunaqa.

Elis Uells, AQSh Davlat kotibi muovini: Juda yaxshi o'tdi. Bir necha hafta oldin mintaqaning o'zida ham uchrashgan edik. Unda Davlat kotibining Siyosiy masalalar bo'yicha muovini Deyvid Heyl borgan edi. Birinchidan, muntazam gaplashib turibmiz. Bu formatdagi aloqa biz uchun samarali usul, hamkorlik ko'lamini kengaytiradi. Nafaqat O'zbekiston va AQSh orasida, balki butun mintaqa bilan, bu esa juda muhim.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Uchrashuv qancha davom etdi?

Elis Uells, AQSh Davlat kotibi muovini: Bir soat. Jo'shqin so'zlashuv. Xorijdagi jangarilar masalasi, iqtisodiy hamkorlik, chegara xavfsizligi... Afg'oniston albatta bu masalalarning markazida - xavfsizlik va savdoga kelganda, tabiiyki. O'tgan ikki yil biz uchun ancha sermahsul bo'ldi. Mintaqada ketma-ket tadbirlar o'tkazib, seminar va boshqa yig'inlarda fikr almashib, bir-birimizni yaqindan tushuna boshladik. Quyi va yuqori pog'onalardagi uchrashuvlar bizni yaqinlashtirmoqda. Amaliy ishlar albatta fuqarolarimiz hayotiga bevosita ta'sir qiladi. Diplomat sifatida bunga ijobiy qarayman.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": C5+1 tuzilganiga besh yil bo'layapti.

Elis Uells, AQSh Davlat kotibi muovini: 2015-yilda boshlangan. Mustaqillikning 25 yilligida biz Markaziy Osiyo davlatlari mintaqa sifatida ham birdam bo'lib, birga harakat qilsin, deya undaganmiz. Kongress ham buni ma'qullagan. O'shanda bizga 15 million dollar berib, mintaqaviy tashabbuslar uchun ishlating, deyishgan, ya'ni integratsiya yo'lida. Tijoratni rivojlantirish uchun masalan. Shuningdek, ekstremizmga qarshi kurash uchun. Afg'onistonni Markaziy Osiyoga yaqinlashtirish asosiy maqsadlarimizdan va shunga urinib kelayapmiz. Mintaqa davlatlari buni quvvatlaydi, hamma manfaatdor.

C5+1 ning samarasi O'zbekistonda Prezident Mirziyoyev olib borayotgan islohotlarga borib taqaladi.


Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": C5+1 - Amerika qudratini, uning tashkiliy jihatdan yetakchi ekanini ko'rsatadi. Mintaqadagi hukumatlar siz bilan bir davrada o'tirib, regional masalalarni muhokama qilmoqda. Ikki tomonlama aloqa bor va bu formatdagi dialog. Bu format nimasi bilan samarador? Foydasi aynan nimada?

Elis Uells, AQSh Davlat kotibi muovini: C5+1 ning samarasi O'zbekistonda Prezident Mirziyoyev olib borayotgan islohotlarga borib taqaladi. O'zbekistonning ochilgani, Prezident Mirziyoyevning qo'shni davlatlar bilan chegara va savdo bo'yicha kelishib olgani - samara va foyda. Yaqinlashish, ulanish, aloqalarni kuchaytirish, mintaqa sifatida o'zaro bog'lanish. Janubdan Afg'oniston bilanmi, yoki yangicha Ipak yo'li barpo etishmi, Markaziy Osiyoning nimaga qodirligini ko'rsatishmi, hammasi ijobiy jarayonlar.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Demak, Mirziyoyev siyosati turtki bo'ldi?

Lekin mintaqa sifatida ham dunyoning bu qismi o'ziga xos bir kuch va bundan foydalanish kerak.


Elis Uells, AQSh Davlat kotibi muovini: Turtki bo'lganda ham, zo'r turtki bo'ldi. Prezident Mirziyoyev yangi jarayonlarni boshlab berdi. Mana shu yangicha yondashuv mintaqada yangi davr kelganidan dalolat. Mamlakatlarning har biri o'ziga xos suveren davlatlar. Lekin mintaqa sifatida ham dunyoning bu qismi o'ziga xos bir kuch va bundan foydalanish kerak. Savdo-sotiqni olaylik. Mintaqa respublikalari bir-biri bilan juda oz savdo qiladi. Dunyodagi eng past ko'rsatkichlarga ega. Axir o'zaro tijorat Markaziy Osiyo uchun faqat foyda keltiradi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Ayrimlar nazarida Markaziy Osiyo davlatlari blok tuzishi kerak, mintaqaviy ittifoq yoki shunga o'xshash bir tuzilma. AQSh buni yoqlagan bo'larmidi?

Elis Uells, AQSh Davlat kotibi muovini: Blok juda rasmiy va hamma uchun ochiq bo'lmaydigan tuzilma. Gap shundaki, mintaqa davlatlari allaqachon turli ittfoq va bloklarga a'zo... Shanxay tashkiloti deysizmi, NATOdagi ayrim dasturlar, Kollektiv xavfsizlik, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi... qolaversa, biz va Yevropa Ittifoqi bilan hamkor va sherik. Markaziy Osiyo uchun aynan bir tashkilot kerak, demaymiz. C5+1 doirasida ham mintaqa faqat biz bilan emas, Yaponiya, Janubiy Koreya va boshqa taraflar bilan ham gaplashmoqda. Pragmatik platforma bu.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Yaqinda AQSh Vakillar palatasida Tramp ma'muriyatining Afg'onistonga nisbatan siyosati muhokama qilinganida, hisobot berdingiz. Tomosha qildik. Bilasiz, mintaqa ahli va hukumatlari Afg'onistondagi vaziyatni yaqindan kuzatib keladi va xavotirda. O'zbekiston Afg'oniston bo'yicha diplomatiyasini kuchaytirgan. Ular hamma bilan gaplashmoqda, jumladan, Tolibon bilan ham. Hech kim bilan ziddiyat bo'lishini istashmaydi. Mintaqadagi hamma jiddiy taraflar bilan muloqot qilishga urinmoqda. Siz bunga qanday qaraysiz? Tolibon bilan yaqindan aloqa qilinganida, masalan yaqinda, xavotirga tushmadingizmi?

Mintaqa davlatlari, xususan O'zbekiston uchun bunday paytda xolis va samimiy vositachi bo'lish nihoyatda muhim. Markaziy Osiyo shu yo'l bilangina barqaror va osuda mintaqa bo'la oladi.


Elis Uells, AQSh Davlat kotibi muovini: Yo'q, bu aloqadan xavotirga tushmadik. Prezident Mirziyoyev va uning Afg'oniston bo'yicha tashabbuslari, yetakchiligi O'zbekiston tinchlik tarafdori ekanini yaqqol namoyon etadi. O'zbekiston Afg'onistonda Prezident G'ani bilan ham yaqindan gaplashib, o'z siyosatini tushuntirib kelmoqda. Tashqi ishlar vaziri Komilov, maxsus elchi Irgashev tinimsiz harakat qilib, O'zbekistonning diplomatik maqsadlarini to'g'ri bayon etib kelmoqda. Tolibonga ham shu aytilgan, ya'ni tinchlik tomon qadam tashlash.

Kongressga aytganimdek, to'g'ri yo'l bu zo'ravonlikni bas qilish. Afsuski, oxirgi kunlarda yana qon to'kildi. Bu tinchlik tomon qadam emas, xalqni qo'rqitish, murosa imkoniyatidan uzoqlashish. Mintaqa davlatlari, xususan, O'zbekiston uchun bunday paytda xolis va samimiy vositachi bo'lish nihoyatda muhim. Markaziy Osiyo shu yo'l bilangina barqaror va osuda mintaqa bo'la oladi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'zbekiston AQShning Afg'onistondan chiqib ketishini istamaydi, bu aniq. Muloqotlarda ham buni qayta-qayta eshitsangiz kerak. Bilishimizcha, Tramp ma'muriyati yangi strategiya ustida bosh qotirmoqda. Rostmi bu?

Yangilangan strategiyaning asosi o'sha-o'sha: o'zaro manfaatlar yo'lida birgamiz; Markaziy Osiyoda faol bo'lamiz, hamkorlikni kuchaytiramiz va mintaqadan chiqib ketayotganimiz yo'q.


Elis Uells, AQSh Davlat kotibi muovini: Ha, shunday. Markaziy Osiyoga nisbatan strategiyamiz hamisha bo'lgan va yangilangan nusxasini ommaga yaqin orada e'lon qilamiz. Boshqalar ham strategiyalarini yangilamoqda, masalan, Yevropa Ittifoqi. Biznikining asosi o'zgarmaydi, ya'ni biz Markaziy Osiyo davlatlarining hududiy yaxlitligi va suverenitetini quvvatlashda davom etamiz. Ularning taraqqiy etishi uchun yordamlashamiz. Demokratik va zamonaviy tuzumlar va jamiyatlar sifatida oyoqqa turishida madad ko'rsatamiz. Iqtisodiy jihatdan rivojlanishi va AQSh xususiy sektori bilan hamkorlik qilishida ko'maklashamiz.

Qonli ekstremizm va terrorizmga qarshi birgalikda kurashamiz. Yadroviy qurollardan va atom tahdididan holi bo'lishi uchun hissa qo'shamiz. Yangilangan strategiyaning asosi o'sha-o'sha: o'zaro manfaatlar yo'lida birgamiz; Markaziy Osiyoda faol bo'lamiz, hamkorlikni kuchaytiramiz va mintaqadan chiqib ketayotganimiz yo'q.

Kongress ma'qullasa, [O'zbekistonga] 20 million dollarlik harbiy ko'mak beramiz. 30 million dollarga teng ta'limiy yordam dasturini boshlaymiz.


Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Sizni tinglab, shunday xulosa qilayapman: siz uchun Prezident Mirziyoyev ishonchli sherik. O'tgan yili Mirziyoyev Vashingtonga kelganida strategik sheriklik kelishuvi yangilandi. O'sha paytda Davlat departamentida gaplashganimizda, siz unga islohotchi rahbar sifatida qarashingizni aytgan edingiz. Mirziyoyev effektiv islohotchimi? Unga shunday qaraysizmi?

Elis Uells, AQSh Davlat kotibi muovini: Biz Prezident Mirziyoyevni modernizator sifatida ko'ramiz, O'zbekistonni yangi davrga boshlayotgan lider. U islohotchi sifatida qanchalik effektiv, bu borada bahoni O'zbekiston xalqi berishi kerak. Bizning nazarimizda, Mirziyoyev gapni amalda ko'rsata oladigan rahbar. Biz buni ko'rayapmiz va hamkorlikni kengaytirayapmiz. Masalan, Kongress ma'qullasa, 20 million dollarlik harbiy ko'mak beramiz. 30 million dollarga teng ta'limiy yordam dasturini boshlaymiz. Maktablar uchun qo'shimcha programmalar ishlab chiqqanmiz.

Biz Prezident Mirziyoyevni modernizator sifatida ko'ramiz, O'zbekistonni yangi davrga boshlayotgan lider. U islohotchi sifatida qanchalik effektiv, bu borada bahoni O'zbekiston xalqi berishi kerak.


Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": 2020-yil uchun?

Elis Uells, AQSh Davlat kotibi muovini: Ha. O'quvchilarga yegulik bo'yicha dasturlar ham bor. Biz Toshkentni eshitayapmiz va tegishli xulosa qilib, qadam tashlayapmiz. O'zbekistonning Jahon Savdo Tashkilotiga kirishiga yordamlashamiz. Diniy erkinlik, inson savdosiga qarshi kurash, majburiy mehnatga qarshi kurash... Bu masalalarda yaqindan ishlayapmiz. O'zaro hurmat va ishonch bor.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Qanday qiyinchiliklar bor?

Elis Uells, AQSh Davlat kotibi muovini: Qiyinchiliklar bor, albatta. Prezident Mirziyoyevning nutqlarini o'qiyotgan edim... Bir necha betlik.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Uzundan uzoq nutqlar. 3-4 soatlik ba'zida.

Xatolar bo'ladi, muammo va to'siqlar bo'ladi. Biz O'zbekiston hukumatiga ochiq gapiramiz. Inson huquqlari bo'yicha hisobotlar beramiz. Muammolarga qarshi kurashni, islohotlarni tahlil qilamiz. Achchiq haqiqatni ochiq aytadigan sherikmiz.


Elis Uells, AQSh Davlat kotibi muovini: Ha, uzun, yuksak maqsadlarga to'la. Ularni amalga oshirish esa juda qiyin. Biz bu jarayonda yordamga tayyormiz. Texnik yordammi, boshqa hamkorlar bilan birgalikda harakat qilishmi, masalan, BMT, Jahon banki, boshqa davlatlar... O'zbekistonga bu murakkab davrda va jarayonlarda tayanch bo'lishni xohlaymiz. Islohotlarni amalga oshirish amri mahol. Xatolar bo'ladi, muammo va to'siqlar bo'ladi. Biz O'zbekiston hukumatiga ochiq gapiramiz. Inson huquqlari bo'yicha hisobotlar beramiz. Muammolarga qarshi kurashni, islohotlarni tahlil qilamiz. Achchiq haqiqatni ochiq aytadigan sherikmiz. Lekin maqsad ezgu - hamkorlik va hamjihatlik.


Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'tgan bir yil ichida O'zbekiston va Qozog'istonda bo'lgan o'zgarishlarni yodda tutsak, siz o'zingiz uchun prioritetlarni qanday belgilaysiz? Manfaatlar o'sha-o'sha, bu tushunarli. Lekin siz uchun nima dolzarb ekani mintaqadagi o'zgarishlar bilan qanchalik bog'liq?

Rahbarlarning, hokimiyatlarning o'zgarishi tinch yo'l bilan kechishi juda muhim. Yangi imkoniyatlar ochilishi kerak. Biznes va sarmoya uchun sharoit yaxshilanishi kerak. Islohotlar samarasi bu omillar bilan bog'liq. Xalqaro hamjamiyat buni ko'rishi kerak. Bu hammamiz uchun ahamiyatli signal.


Elis Uells, AQSh Davlat kotibi muovini: Rahbarlarning, hokimiyatlarning o'zgarishi tinch yo'l bilan kechishi juda muhim. Yangi imkoniyatlar ochilishi kerak. Biznes va sarmoya uchun sharoit yaxshilanishi kerak. Islohotlar samarasi bu omillar bilan bog'liq. Xalqaro hamjamiyat buni ko'rishi kerak. Bu hammamiz uchun ahamiyatli signal. Men mana hozir Nyu-Yorkda ham biznes doiralarda yuribman, chunki mintaqaga sarmoya kerak. Amerika bizneslari qiziqadi. Tijorat vazirimiz Uilbur Ross o'tgan yili Prezident Mirziyoyev bilan uchrashgan edi. Xususiy sektorga ishonchli ma'lumotlar zarur. Biznes va taraqqiyot bo'yicha ishlaydigan organlarimiz bir yoqadan bosh chiqarib, mintaqadagi yangi imkoniyatlarni o'rganmoqda, hamkorlikni kengaytirish harakatida. E'tiborimiz shu masalalarda.

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Elis Uells "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Nyu-York, 23-sentabr, 2019

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Davlat kotibi Pompeo va Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari orasidagi muloqotga qaytadigan bo'lsak, uyg'urlar masalasi qanchalik muhokama qilindi? Pompeo mintaqadan "Xitoy uyg'urlarni qaytarishni talab qilsa, ekstraditsiya qilmang", deb so'ragani qanchalik haqiqat?

Biz barcha davlatlardan uyg'urlarni himoya qilib, ularning huquqlarini hurmat qilib, ular ezilmasligi uchun chora ko'rishga undayapmiz. Xitoy ularga zulm o'tkazmoqda.


Elis Uells, AQSh Davlat kotibi muovini: Pompeo hozirgi siyosatimizni bayon etdi: uyg'urlar masalasi Xitoy iddao qilayotganidek terrorizmga bog'liq emas. Bu - inson huquqlari masalasi. Biz barcha davlatlardan uyg'urlarni himoya qilib, ularning huquqlarini hurmat qilib, ular ezilmasligi uchun chora ko'rishga undayapmiz. Xitoy ularga zulm o'tkazmoqda. Lekin [C5+1] muloqotimiz faqat bu mavzu bilan cheklanmadi. Xorijdagi jangari kuchlar haqida ham gaplashdik. Ularning vatanga qaytishi, adolat masalasi hamda jamiyatga qayta qo'shilishi va boshqa qator masalalar ham ko'tarildi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Uyg'urlar masalasida AQSh mintaqa diplomatlaridan qanday javob oldi? Odatda ular bu borada og'iz ochmaydi.

Elis Uells, AQSh Davlat kotibi muovini: Ular e'tibor bilan tinglashdi. Bundan minnatdormiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Uells xonim, suhbat uchun sizga katta rahmat.

Elis Uells, AQSh Davlat kotibi muovini: Sizga rahmat!

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Nyu-Yorkda ko'rishganimizdan mamnunman.

Elis Uells, AQSh Davlat kotibi muovini: Sizni Nyu-Yorkda va BMT Bosh Assambelyasida ko'rib, juda mamnunman.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Vashingtonda ko'rishguncha!

Elis Uells, AQSh Davlat kotibi muovini: Insholloh!

Your browser doesn’t support HTML5

US sees Uzbekistan's Mirziyoyev as a modernizer