AQSh prezidenti Barak Obama Bolqon yarimoroli, Yaqin Sharq, Kavkaz va Markaziy Osyo orasida joylashgan Turkiya bilan aloqalarni mustahkamlash maqsadida 6-7 aprel kunlari Anqaraga boradi.
Oq Uy, Iroq va Afg’oniston masalasi bo’yicha, shuningdek, Isroil-Falastin kelishmovchiligini bartaraf etishda hamda Eron va Suriya bilan diplomatik aloqalarni tiklashda Turkiya yordamiga tayanishini bildirgan.
Istanbuldagi o’zbeklar jamiyati yetakchisi, huquqshunos Hakan Yavuz Demir Turkiya-AQSh va Turkiya-O’zbekiston aloqalariga to'xtalib, hozircha maqtanishga arzigulik jihati yo'q, deydi.
Uning aytishicha Turkiya matbuoti Barak Obamaga katta e'tibor bermoqda.
"Obamaning muvaffaqiyati AQSh va g'arb dunyosi kelajagi uchun ham juda muhim. Butun dunyo kabi Turkiyada ham xalq Obamaga katta qiziqish bilan qarayapti. Sobiq prezident Bush davrida Vashingtonni boshqarayotgan neo-konservatorlar jahon ahlini Amerika siyosatiga nisbatan qarshi qilib qo'ygan edi. Lekin bunga Amerika xalqiga emas, uning hukumatiga nisbatan norozilik deb qarash lozim",- deydi Hakan Yavuz Demir.
"Hozir endi Turkiya Amerika Qo'shma Shtatlaridan do’stona, diplomatiya va tinchlik yo'lini tutgan siyosat kutmoqda. Turkiya ham G'arb bilan yaqindan hamkorlik qilishga urinyapti”.
"Sovet Ittifoqi qulagach yana bir qutbli siyosatga qayta boshlandi. Amerikaning bir tomonlama ustunligi dunyo tinchligi va xavfsizligi garovi bo'lib xizmat qilishi qiyin bo'lib qoldi",- deydi mutaxassis.
"Sovuq urushi davrida "Yashil Mintaqa" nomini olgan davlat sovetlarga qarshi musulmonlarni qayrab kelardi. Oqibatda hozirgi ekstremist, islomchi aqidaparast va terrorchilar vujudga kela boshladi. Bunday siyosat esa Turkiyani Amerikadan uzoqlashishiga sabab bo'ldi".
Lekin hozir, deydi Hakan Yavuz Demir, Obama hokimiyatda ekan, aloqalar qayta tiklanib, mustahkamlanishiga zamin bor.
Xalqaro maydonda ulkan siyosiy o'zgarishlar yuz berar ekan, Turkiya va Markaziy Osyo aloqalari ham mustahkamlanishiga umid bor, deydi Hakan Demir.
"Otaturk Turkiya jumhuriyatiga asos solgach, Turkiston xalqlari bilan aloqalarni tiklashga harakat qilgan. Biroq keyinchalik Markaziy Osyo bilan rishtalar o'rnatish imkoniyati qo'ldan boy berilgan. Xususan O’zbekiston borasida ma'lumot kamligi oraga sovuqchilik tushurib, orzu qilingan munosabatlar vujudga kelmagan",- deydi o'zbek faol.
"Turkiya 85 yildirki zamonaviy davlat tizimiga ega. Siyosiy negizi va iqtisodiyoti mustahkam. O'zbekiston ham turklar ko'rgan davrni boshidan o'tkazyapti, tajribasi ortmoqda. Siyosiy aloqalar ko'ngildagidek emas, ammo so'nggi paytda madaniy va iqtisodiy yo'nalishlarda birgalikda qator ishlar amalga oshirildi. Umid qilamanki birodar hisoblanmish bu ikki millatni yaqin orada yana yaqinlashadi."
Hakan Yavuz Demir rahbarlik qiladigan turkistonliklar jamiyati siyosiy maqsadlarni ko'zlamaydi.
"Istanbul va Adana shaharlarida ikkita madaniy markazimiz bor, ammo bu yetarli emas. Urf-odat, an'ana, til va din birligini saqlab qolish uchun O’zbekiston tomonidan ham yordam berilsa yaxshi bo'lardi. Rasmiy Toshkent Turkiya bilan aloqalarni yaxshilashga umidvor ekan, bu yerdagi o'zbeklar va ularning qadriyatlarini himoya qilishi kerak. Shu tariqa turkiyaliklar ham O'zbekiston haqida to'liq va batafsil ma'lumotga ega bo'aldi, bu esa o'z-o'zidan aloqalarni kuchaytiradi", - deydi Hakan Demir.