Rossiya Eron atom dasturiga nisbatan AQSh bilan bir fikrda

Rossiya hukumatining ayon qilishicha Eronning Busher atom zavodi bu yil oxirigacha ishga tushmaydi. Inshoot asosan Rossiya yordami bilan bunyod etilmoqda. Ikki davlat bu borada qator shartnomalarga ega.

Prezident Dmitriy Medvedev Eron va BMT Xavfsizlik Kengashi hamda Atom energiyasi bo’yicha xalqaro agentlik orasida ketayotgan muzokaralardan ko’ngli to’lmayotganini aytib, Tehronni sustkashlikda ayblamoqda.

Kreml Busherda yil oxirigacha ancha ish bitadi, ammo zavod ochilmaydi deya qat’iy bir pozitsiyada turibdi.

Rossiya Energetika vaziri Sergey Shmatko “Buning sababi siyosiy emas, u texnik sabablarga ko’ra kechikayapti” deya ta’kidlasa-da, qaror Eronda kuchli norozilik bilan kutib olingan.

Shmatko o’tgan hafta prezident Medvedev bilan Singapurda bo’lib qaytdi. Osiyo Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi sammitida Rossiya prezidenti Eron atom masalasini Amerika rahbari Barak Obama bilan alohida muhokama qilgan.

Tomonlar Eronga nisbatan bir pozitsiyada turishga kelishib olgan. BMT Xavfsizlik Kengashining boshqa doimiy a’zolari, shuningdek Germaniya Eronga uranni xorijda boyitishni taklif qilmoqda. Maqsad shu tariqa bu davlatning atom rejalari haqida yaqindan o’rganish va dasturning oshkora olib borilishini ta’minlash.

G’arb azaldan Eron yadro qurollari ishlab chiqarishga urinmoqda deya shubhalanib keladi.
Barak Obama Eronni taklifga tezroq javob berishga, xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilishga undamoqda. Dmitriy Medvedev ham shu gaplarni takrorlamoqda.

Oktabr oyidagi muzokaralarda ishtirok etgan Rossiya nazarida shuncha muloqot va fikr almashinuvi ketidan konkret natijalarga erishilishi kerak. Eronning asl maqsadi atom energiyasi ishlab chiqarish bo’lsa, unga bu borada aniq yordam taklif qilinayapti, deydi Rossiya Medvedev.

Avvaliga BMT Xavfsizlik Kengashi Eronga uranni Rossiya va Fransiya boyitib berishi mumkin degan g’oyani o’rtaga tashlagan edi. Fransiya bilan uzoq yillardan beri achchiq so’zlar almashib kelayotgan Eron u bilan ishlamoqchi emas. Rossiya bilan esa bu davlat uzoq yillik yadroviy hamkorlikka ega.

Aleksandr Pasechnik, Rossiya davlat energetika xavfsizligi jamg’armasi ilmiy rahbar “Amerika Ovozi” bilan suhbatda “Busher deyarli bitgan” deydi. Uning fikricha zavodning ochilishini kechiktirish qarori Medvedev va Obama uchrashgach qabul qilingan.

“Siyosat o’zgarayotgani sir emas”, deydi Pasechnik. Rossiya o’z siyosatini muvozanatlab, Amerika bilan bu borada bir fikrda ekanini ayon qilmoqda. Lekin bir paytning o’zida Eronga ham yordamni davom ettirish niyatidan qaytmagan, deydi u, Rossiya mustahkam ko’prikka, vositachiga aylanishga bel bog’lagan.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton o’tgan oy Moskvada bo’lganida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan ham bu masala yuzasidan uzoq suhbat qilgan. Eron bilan til topishishda diplomatiyaga zo’r berish, ammo Eron gapga ko’nmagan taqdirda sanksiyalarni kuchaytirish haqida so’z ketgan. Rossiya AQShdan sanksiyalar masalasini hozircha chetga surib, Eron bilan murosa yo’lida qat’iy turishni so’ragan.

Eron prezidenti “G’arbni bosimni pasaytiring” deya ogohlantirmoqda. Aks holda, deydi Mahmud Ahmadinajod, Eron xalqaro hamjamiyat bilan aloqani cheklaydi.

“Atom dasturimizni davom ettirish qarorida qat’iymiz va bu maqsaddan baribir qaytmaymiz”,- deydi Ahmadinajod.

“Bosim oshirilgan sari biz yanada kuchga to’lib borayapmiz, o’zimizga ishonchimiz ortmoqda”,- deydi u.