Xalqaro Valyuta Jamg`armasi (IMF) 2009 yil O`zbekiston iqtisodiyoti uchun jahondagi moliyaviy inqiroz sabab og’ir kechadi deya ogohlantirmoqda. Mahalliy faollarga ko`ra O`zbekiston hukumati global tanazzul ta’siri va oqibatlari haqida xalqqa hisobot berishi zarur.
Xalqaro Valyuta Jamg`armasi vakillari 8-19 dekabr kunlari Toshkentda bo’lib, iqtisodiy vaziyat bilan tanishgan.
O`zbekiston hukumati va bu jamg’arma e`lon qilgan bayonotga ko`ra respublikada 2008 yilda iqtisodiy o`sish qayd etilgan, biroq inflyatsiya darajasi hamon yuqori.
Bayonotda ta`kidlanishicha, jahon iqtisodiyotidagi pasayish sabab 2009 yilda O‘zbekiston eksport tovarlariga talab kamayishi va pul o`tkazmalari qisqarishi mumkin.
“O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojlangan davlatlar moliya bozorlari bilan to‘liq integratsiyalashmaganligi sababli xorijiy kreditlar va kapital oqimining keskin kamayishi hisobidan jiddiy zarar ko‘rish ehtimoli yo‘q”, - deyiladi bayonotda.
O`zbekiston global inqirozning salbiy ta`sirini yumshatish uchun moliyaviy barqarorlikni ta`minlash va inflyatsiyani pasaytirish bilan birga aniq choralar ham ko’rishi zarur.
Xalqaro Valyuta Jamg`armasi missiyasi ushbu qaydnoma bilan chiqar ekan, mahalliy faollardan iborat “Xalq diplomatiyasi” klubi ham bugungi ahvolga o’z munosabatini bildirmoqda.
Ziyolilardan iborat klub a’zolari nazarida moliyaviy inqiroz o`zbek so`mining qadrsizlanishi, ishsizlar sonining yanada ko`payishi, qashshoqlik chuqurlashishi va ijtimoiy tushkunlikka olib borishi mumkin.
Bu tahlilchilar fikricha hukumatda inqiroz qarshi aniq bir dastur yo`q va masala jamoatchilik orasida, axborot vositalarida muhokamaga qo’yilmayapti.
“Qozog`iston hukumati krizisga qarshi dastur qabul qildi. Bizda biror dastur qabul qilingani ma’lum emas. Bu masalani hatto muhokama qilishga qo`rqamiz. O`zbekiston chet elga gaz, paxta, uran sotayapti. Bu mahsulotlarning narxi qanchalik tushdi, qancha zarar ko`rildi”? - deydi klub vakili Komron Aliyev.
Tahlilchi Jahongir Shosalimov sharhlashicha krizis O`zbekiston avtomobil sanoatiga zarba bergan.
“O`zbekistonda ishlab chiqarilgan va Qozog`iston, Rossiya va Ukrainaga yuborilgan avtomobillar qaytarib yuborildi. Ikkinchidan, bu mashinalar mamlakat ichida AQSh dollariga sotilayapti. O`zbekiston hukumati amerikaliklar bilan tuzilgan shartnomaga ko`ra, sotilgan mashinalarni konvertatsiya qilib bera olmayapti”, - deydi u.
“Xalq diplomatiyasi” klubi a’zolari iqtisodga bog`liq aniq statistik ma`lumotlarga ega emas va iqtisodni chuqur biladigan mutaxasisislar ham kam. Biroq, deydi ular, inqiroz oqibatlarini sezish va uning alomatlari haqida gapirish uchun kundalik turmushda dalil-isbot yetarli.
“Masalan, mamlakatda smentga bo`lgan talab 20 foizga tushib ketgan”, - deydi Abdulla Tojiboy og`li.
Moliyviy inqirozning yana bir oqibati minglab mehnat muhojirlarining ishdan ayrilib, vatanga qaytib kelayotgani. O`zbekiston aholisining katta qismi mehnat muhojirlari daromadi bilan kun ko’radi.
Muhojirlar topgan pul tovar- savdo aylanmasini, moliya tizimi, xaridorlik quvvatini ushlab turgan edi. Yaqin kelajakda o`zbek so`mi yanada qadrsizlanishi mumkin.
“Avval boshda bir so`mga ikki qozoq tangasi sotib olish mumkin edi. Hozirga kelib bir tanga 12 so`mga ko`tarildi. Hukumat “krizis bizga unchalik tegishli emas” deyapti. Haqiqatda esa mamlakatda inqiroz 17 yildan buyon davom etayapti, Korrupsiya bu jamiyatni yemirib bormoqda” – deydi klub a’zolaridan biri Fayzulla Isxoqov.