Yaqinda, aniqrog'i 20 sentabr kuni, Qirg’izistonning Manas xalqaro aerportidan amerikalik noshir deportatsiya qilingan.
Bishkekka AQSh Davlat departamenti va Xalqaro Jurnalistlar Markazi taklifi bilan borgan Jek Ronald (Jack Ronald) Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi (MDH) qora ro'yxatida "persona non grata" - "xush ko’rilmaydigan inson" sifatida turgani uchun orqaga qaytarilgan.
60 yoshli Jek Ronald MDHga a’zo mamlakatlarga 1998 yildan beri 16 bor safar qilgan, barchasi jurnalistik treyninglar va malaka oshirish kurslari olib borish uchun.
Jek Ronald faqat ingliz tilida gapiradi. Amerika matbuot doiralarida mohir noshir va muharrir sifatida tanilgan. Indiana shtatida chop etiladigan Commercial Review, iqtisodiy-tahliliy gazeta asoschisi.
U Vashingtonda asoslangan nodavlat tashkilot – Xalqaro Jurnalistlar Markazi tashabbusi bilan Qirg’iziston va qo’shni davlatlarda bir necha marta bo’lgan.
“Amerika Ovozi” bilan suhbatda, u bu safar Bishkekda qanday kutib olishganini izohlaydi:
"Odatdagidek aeroportda 70 dollar to’lab viza oldim. So’ngra pasport tekshiruv punktiga bordim. Hujjatlarimni olib ko’zdan kechirishdi. Aniqlashlaricha mening pasport nomerim maxfiy va maxsus bir ro’yxatda turgan ekan. “Uzr, “persona non grata” ekansiz” deyishdi. Biroz o’tib qo’limga deportatsiya qog'ozini (⇒ko'ring) tutqazib, jilmayib orqaga qaytarib yuborishdi".
"Qirg’iziston rasmiylari juda muloyim va diplomatik muomala qilishdi. Protokol shu, sizni mamlakatimizga kirita olmaymiz deyishdi”,- deydi jurnalist.
Jek Ronald voqeadan afsusda, ammo hayron emas. 10 yildan oshibdiki, sobiq Sovet davlatlaridagi eng nozik masalalardan biri, axborot vositalari va matbuot erkinligi sohasiga o’z hissasini qo’shib keladi. Hududga jamiki safarlari jurnalistlar salohiyati va malakasini oshirish bilan bog’liq. Belarusdan tortib, O’zbekistongacha.
Manas aerportida rasmiylar unga Belarusda oxirgi marta qachon bo’lgani va nima qilgani uni “xavfli” bir shaxsga aylantirganini aytishgan. Noshir Belarusdan haydalmagan, ammo bu davlat telekanali uni “propagandist” va “dushman” deya ta’riflab, maxsus ko’rsatuvlar bergan.
Jek Ronald “Belarusda matbuot xodimlari faoliyati bilan tanishganman, davra suhbatlari o’tkazib, u yerdagi gazeta va jurnal xodimlariga noshirlik va tahrir sirlarini, matbuotni yuritish yo’llarini, reklama va e’lonlardan tushgan daromadni nashr taraqqiyoti uchun qanday sarflashni o’rgatganman”,- deydi.
Bu safar Xalqaro Jurnalistlar Markazi Jek Ronaldni Bishkekka u yerdagi Amerika Universiteti jurnalistika fakulteti faoliyatini sarhisob qilish uchun yuborgan.
Maqsad, deydi markaz xodimlari, bu dargohda ta’lim sifatini yaxshilash. Loyiha uchun moliya AQShdan ajratilgan. Davlat departamenti Bishkekka deportatsiyadan norozi ekanini bildirgan va rasmiylar “Qirg’iziston bilan gaplashayapmiz”,- deydi.
AQSh bilan ko’p-qirrali aloqa qilish istagidagi Qirg’izistonga har yili minglab amerikalik kirib chiqadi. Ularning ko’pi atrofdagi davlatlarda ishlagan yoki xizmat safarlarida bo’lgan shaxslar.
Qanchasi “persona non grata” sifatida qayd etilgani noma’lum, deydi rasmiylar, ammo Qo’shma Shtatlar uning fuqarolari mintaqada “xush kelibsiz” deb kutib olinishini istaydi.
Jek Ronald sobiq ittifoqqa qaytish, hamkasblari bilan hamkorlikni davom ettirish niyatida.
“Men xavfli inson emasman”,- deydi u. “Amerikaning kichik bir shahrida kichik bir gazeta nashr etib, hurmat e’tibor qozongan matbuotchiman”,- deydi Jek Ronald.
“Qirg’izistonga hamisha erkinlikka intilgan jamiyat sifatida qaraganman. U yerdagi jurnalistlardan ko’p narsa o’rganganman. O’shdagi Matbuot Markazida bo’lganimda yoshlar orasida so’z va fikr erkinligiga qiziqish, o'sishga intilish naqadar kuchli ekanini ko’rib, tasanno deganman”, - deydi Jek Ronald.
“Mening deportatisya qilinganim siyosiy tuzumlar va ularning qo’rqinchiga bog’liq. Oddiy odamlarning bunga daxli yo’q”,- deydi noshir.