Qo’shma Shtatlar ikki davlatda urush olib borar ekan, uning armiyasi, dunyodagi eng qudratli harbiy kuch safida o’z joniga qasd qilayotganlar soni misli ko’rilmagan darajada.
Bu yilning o’zida jang maydonida yurgan askarlardan140 nafari, zaxiradagi zobitlardan esa 71 nafari o’zini o’ldirgan.
AQSh Mudofaa vazirligi qo’shinlarning ruhiy salomatligiga e’tiborni oshirmoqda.
Lekin urush asoratlariga qarshi kurashish uchun faqat siyosiy qarorlarning o’zi yetmaydi.
Farzand dog’i eng og’ir ko’rgulik, deydi bu ona. Og’li uning suyangan tog’i edi.
Tomas bolaligida o’yinchoq qurol va askarlarning ishqibozi edi. “Offitser bo’laman”, der edi. Maktabni bitirishi bilanoq armiyaga yozildi.
Ona, Liz Suit xonim, bunga boshidan qarshi bo’lgan. O’g’lining yuragi zaif, aqliy qobiliyati past ekanini bilardi. Tibbiy tashxislar buni tasdiqlagan.
“O’g’lim sog’ emasligini ko’rib, uni armiyaga olishmasa kerak deb o’ylagan edim. Lekin aqli raso emasligini bilib turib ham uni yollashdi”.
Tomas harbiy xizmatga kirishar ekan, hayotdan xursand edi. “Chiniqayapman, sog’ayaman”, der edi.
2003 yilning sentabrida Iroqqa jo’natildi. Qonli urush yosh yigit dunyoqarashini ostin-ustun qilib yubordi.
Tomas Iroqdan to’rt bor xat yozdi xolos. O’g’li dahshatda, kuchli qo’rquvda edi.
Onasidan ruhan tinchlantiruvchi dorilar so’ray boshladi.
“Yuborishga ulgurmadim, o’zini o’ldirib qo’ydi”.
“O’g’limga armiyada qo’pol muomala qilishganini bilaman”, - deydi Liz Suit.
“Serjantlar uni dashtlikda mashinadan tushirib, “yotib-tur”, u qil bu qil deb rosa qiynashgan. Jinni deb masxara qilishgan. “Erkak emassan, sendan zobit chiqmaydi” deb rosa ezishgan. O’g’lim chidolmadi”.
Tomasni sog’ emasligi uchun armiyadan uyga qaytarish mumkin edi, deydi ona, ammo uni quyi bo’linmaga ko’chirishdi xolos.
“O’g’lim bunga dosh bera olmadi. Menga aytishlaricha yangi bo’linmaga yuborilganidan besh daqiqa o’tib o’zini otgan. Jasadini zinapoya tagidan, kazarma tashqarisidan topishgan”.
Tomas Iroqda ikki oy xizmat qildi. Vatanida Shukrona bayrami nishonlanar ekan, u hayot bilan vidolashdi.
Urushda o’lganlarning tobuti Delaver shtatidagi Dover havo bazasiga keladi. Oilalar ularni olib ketadi. Tinimsiz motam marosimlari.
Liz Suit o’g’li o’zini o’ldirganini darhol bilmagan. “Armiya buni ochiq aytmadi”, deydi u. “Chunki askar ruhan sog’ emasligini yashirishgan”.
Ona armiyani loqaydlikda, askarlar salomatligiga befarqlikda ayblaydi. Nahotki yigitning esi joyida emasligini ko’ra bilishmagan? Uni axir treyninglardan o’tkazishgan -ku.
“Biror ko’rikdan o’tgani haqida ma’lumot, biror tibbiy xulosa ko’rmadim. Uning boshliqlari qayoqqa qaragan? Kasal odamni nega urushga olib borishdi? Unga qurol berish kerak emas edi. Nega hech kim qaramadi”?
“Amerika Ovozi” armiyaga murojaat qilib, bu borada izoh so’radi.
Armiyadan qisqa bayonot berildi. Unda aytilishicha askarlar sog’lig’iga loqayd bo’lgan offitserlar javobgarlikka tutiladi. Harbiy qoida shuki, har bir askarga barcha zarur tibbiy yordam o’z vaqtida berilishi shart.
General Kollin Makgvayer armiyada o’z joniga qasd qilish hollari bo’yicha tekshiruvlarga boshchilik qiladi. Har bir hol birma-bir ko’rib chiqilmoqda, deydi u. Qoida va shartlarni o’zgartirish kerak, amaldagi choralar ish bermayapti.
“Aniqlashimizcha, ko’plab komandirlar askarlarga zarur muolaja olishi uchun ruxsat bermagan. Ularning bahonasi shuki, jangchilar yetishmaydi”,- deydi general.
Ko’p hollarda askarlarning o’zi kasalini yashirgan. Kamsitilishdan, xizmatdan chetlatilishdan qo’rqqan.
Qo’shma shtablar rahbar muovini, general Piter Korili “harbiyning o’zini o’ldirishi biz uchun fojia” deydi.
“AQSh har bir askariga ishonadi. Armiyamiz safida sukutda ruhan ezilib yurgan shaxslar borligi xalqimiz, kelajagimiz uchun kechirib bo’lmas holat. Komandirlar loqaydligi uchun javob beradi”.
Psixiatr Robert Ursano harbiy oliygohda dars beradi.
“Harbiy oilalarga maslahatim, depressiya alomatlarini sezishingiz bilanoq chora ko’ring. Ruhiy tushkunlik o’limga yetaklaydi”,- deydi u.
Lekin depressiya alomatlarini ko’rish oson emas, ayniqsa agar yaqin odamingiz urush maydonida yurgan bo’lsa. Yordam ko’p hollarda armon…
“Nima qilsam o’g’lim omon qolardi deb har soniya o’ylanaman. Uni katta qilayotganimda qanday xatoga yo’l qo’ydimki, o’g’lim shunday holatga tushib qoldi? Unday qilsam bo’lardi, bunday qilsam bo’lardi deb siqilib ketaman. Afsus, endi kech”.
Liz Suit alam va anduhini boshqalarga yordam berib yengmoqchi. O’g’lining taqdiri haqida gapirib, harbiy oilalarni ogohlikka undamoqda.