AQSh islom dunyosi bilan muloqotni tiklashga harakat qilar ekan, Davlat kotibasi Xillari Klinton o’tgan hafta arab davlatlariga safar qildi. Qatar poytaxti Dohada “AQSh va islom dunyosi” mavzusida o'tgan anjumanda so'zladi.
Konferensiyada AQSh prezidenti Barak Obama jahon musulmonlariga video murojaat qilib, ularni hamkorlikka, o'zaro manfaatlar yo'lida birga ishlashga chaqirdi.
Amerika siyosatini kuzatib kelayotgan o’zbekistonlik sharhlovchilar nazarida Obamaning niyati ezgu, ammo hozircha samara haqida gapirish qiyin.
Obama yaqinda Islom konferensiyasi tashkilotiga yangi elchi tayinladi. Diplomat va islomshunos Rashid Husayn musulmonlar va Amerika orasida ko’prik bo’ladi deya qayd etilmoqda.
Obamaning murojaatlari musulmonalr tomonidan qiziqish bilan kutib olinmoqda.
“Lekin bu gaplar qanchalik sidqidildan aytilayapti? Qanday natija bo’ladi? Hammasi shunga bog`liq. Obamaning atrofida ham maslahatchilari bor. O'zbekiston musulmonlari keng omma o'rtasidagi fikrlarga asoslanib xulosa qiladi. Yaqin Sharqdagi vaziyat uchun Amerika aybdor deyilsa, shunday qabul qilinadi”, - deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan namozxonlardan biri.
Sharhlovchilar nazarida AQSh va islom dunyosi o'rtasidagi ziddiyatlar yaqin orada barham topadigan masalalar emas. Aksariyat musulmonlar Amerikaga islomga qarshi davlat sifatida qaraydi.
“Obama Misrdagi chiqishida Isroilga bosib olingan Falastin yerlarida qurilishlarni to'xtatib, u yerdan yahudiylarni ko’chirish kerakligi haqida eslatgan edi. Lekin Isroil bunga rozi bo'lmadi. AQSh ko'magi bilan shu darajaga yetgan kichkina davlat bu chaqiriqlarga yo’q dedi. Odamlar ana shunga qarab ham xulosa qiladi. Ikkinchidan Iroqdagi urush, qancha qancha qurbonlar, qochqinlar… AQSh bu urush bilan hech narsaga erishgani yo'q”, - deydi tarixchi olim Fayzulla Isxoqov.
Qatarda o'tgan anjumanda so’zlagan Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an “islomiy terrorizm” atamasi ishlatilishiga keskin qarshilik bildirgan. Shuningdek, aqidaparastlikni insoniyatga qaratilgan jinoyat deb ta'riflagan.
Turkiya bosh vaziri xalqaro hamjamiyatni Yaqin Sharqdagi vaziyatga jiddiy e'tibor berishga, xususan G'azo sektorida yuz berayotgan fojialar bo'yicha sukut saqlamaslikka chaqirgan.
O’zbek olimlari fikricha bu anjumanga aynan Turkiya bosh vaziri bosh ma’ruzachi sifatida taklif etilishi bejiz emas.
Islom dunyosi bilan aloqalarini tiklashga harakat qilayotgan AQSh Turkiyani asosiy vositachi sifatida ko'radi.
Ayni paytda Eronga nisbatan yangi sanksiyalar qo’yish kun tartibida. Bu masala AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton va Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'anning Qatardagi uchrashuvida ham muhokama qilingan.
“Turkiya islom dunyosida o'ziga xos yetakchi rol o`ynaydi. Turkiya - islomni siyosiy sahnaga ko'targan davlat. AQSh ham Turkiyaning shunday maqomini, rolini hisobga olmoqda. Bundan tashqari Turkiya AQShning azaliy ittifoqdoshi”, - deydi siyosiy sharhlovchi Farxod Tolipov.
Jamoatchilik AQSh va musulmonlar orasidagi munosabatni Isroil- Falastin o’rtasidagi ziddiyatlarga qarab baholaydi. Bu mojaroda muhim o'rin tutgan AQSh siyosatida ulkan o’zgarish bo'lmas ekan, deydi “Amerika Ovozi” bilan suhbat qilgan mutaxassislar, bu davlatning islom dunyosi bilan aloqalarida oldinga siljish bo’lmaydi.