Markaziy Osiyo bo’yicha yetakchi ekspert, Vashingtondagi Jons Xopkins Universiteti professori Fred Starr uzoq yillardan beri Buyuk Ipak Yo’lini tiklash kerak deb bong urib keladi. Bu borada ko’plab ilmiy maqolalar, sharh va hatto kitoblar yozgan.
AQSh hukumati mintaqaga nisbatan siyosatni belgilashda uning maslahatlariga tayanib keladi. Yangi Ipak Yo’li tashabbusi haqida avvalgi prezident Jorj Bush davrida ham ko’p gapirilgan, lekin Vashington anjuman va ma’ruzalardan nariga o’tmagan. Mana Barak Obama ma’muriyati ham keyingi paytda yana shu tashabbusni olg’a sura boshladi.
Professor Starr kabi Ipak Yo’li targ’ibotchilari Amerika hukumatini bu safar o’z va’dalarining ustidan chiqishga chaqirmoqda.
Birinchidan, deydi professor Starr, gap nima haqda ketayotganini aniqlab olish kerak.
Yangi Ipak Yo’llari, Markaziy Osiyo orqali Xitoydan Yevropa tomon yo’nalgan savdo va transport tizimlari, allaqachon barpo etila boshlagan.
“Biz bir yo’l emas, bir necha, kundan kunga kengayib, takomillashib borayotgan yo’nalishlar haqida gapirayapmiz, deydi u.
Yaqindan beri AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton va boshqa rasmiylar targ’ib qila boshlagan tashabbus esa Afg’onistonni markaziy o’ringa qo’yadi, asosiy maqsad- Janubiy va Markaziy Osiyo orasida tijoratni oshirish.
Xitoyni Yevropa bilan bog’lovchi yangi yo’llar 1991 yildan keyin, ya’ni Sovet Ittifoqi parchalanib, yangi mustaqil davlatlar vujudga kelgach boshlangan. Xitoy Osiyo Taraqqiyot Banki bilan hamkorlikda Qozog’iston va Kavkaz osha Yevropa bozorlariga yetish loyihasini ishlab chiqqan. Yevropa Ittifoqi esa TRACECA proyektini ishga soldi. Bu bilan temiryo’l va dengiz portlari bir-biriga ulana boshladi. Yevropa Ittifoqi tomonidan ham quvvatlangan bu proyektlar uchun, ekspertlar hisobicha, hozirgacha 30 milliard dollarga yaqin mablag’ sarflandi.
Transport, energetika va savdo bo'yicha tuzilgan CAREC loyihasida 10 davlat ishtirok etadi, jumladan O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston va Tojikiston. Osiyo Taraqqiyot Banki bu dastur ortida turibdi.
“AQSh Afg’onistonga kirganidan beri xalqaro yo’nalishlar ancha kengaydi. Afg’oniston va Yevropa, shuningdek, Yaqin Sharq davlatlari, Xitoy, Hindiston va Pokiston, qolaversa Shimoli-sharqiy Osiyo mamlakatlari orasida o’ziga xos yangi tizimlar vujudga keldi. Avtomagistrallar, temiryo’l, quvurlar va gidro-elektrik yo’nalishlar… Bu to’xtatib bo’lmaydigan jarayon”,- deydi professor Starr.
Amerika olg’a surayotgan tashabbus bularni hisobga oladi. Vashington mavjud loyihalar va yangi g’oyalarni quvvatlash kerak demoqda xolos. Muddao, deydi diplomatlar, sarmoya oqimini oshirish, yirik bizneslarni ko’proq hissa qo’shishga va hukumatlarni regional hamkorlikka undash. AQSh hukumati ortiqcha mablag’ ajratmaydi, lekin xususiy sektor va xalqaro donorlarni faollik chorlaydi.
Fred Starr singari masalani izchil o’rganib chiqqan ekspertlar Obama ma’muruyati harakatlarini olqishlaydi, lekin taktikani yangilash kerak, Afg’onistonni quvvatlash yo’lida tashlanayotgan qadamlar tahsinga sazovor, deydi u. Xalqlar bir-biri bilan ko’proq biznes qilsa, hamma foyda ko’rishi sir emas. AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi olib boradigan iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy loyihalarga Buyuk Ipak Yo’lidagi ishlarning bir qismi deb ham qarash mumkin.
Lekin Amerika umumiy gaplar bilan cheklanmay, konkret dastur bilan chiqishi, jarayonga yetakchilik qilishi kerak. Konkret muammolarga konkret yechimlar taklif qilish kerak. Masalan, chegaradan o’tish – qayerga qaramang og’riqli masala. Turmush tarziga aylanib ketgan korrupsiya-chi?
“Mintaqadagi hamkor davlatlar bu muammolarni o’zlari hal eta olmaydi. Ularga bosim o’tkazish kerak, shuningdek, vaziyatni o’zgartirish uchun ular bilan yaqindan ishlash kerak”,- deydi Fred Starr. Uningcha, AQSh xalqaro organlarni ishga solishi kerak, shuningdek xususiy sektor ta’siridan foydalanishi kerak.
Amerika diqqatni faqat Afg’oniston va Markaziy Osiyo orasidagi hamkorlikka qaratmay, kontinental savdo haqida o’ylashi kerak. Yevropa davlatlari, Xitoy, Rossiya, Pokiston, Hindiston, va Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlaridagi kompaniyalar va donorlar qancha ko’p jalb qilinsa, ish shunchalik osonroq kechadi, deydi olim.
Fred Starr nazarida “yaxshi g’oyalar” amalga oshmasa, ularni yaxshi g’oya deb bo’lmaydi. Ularni amalga oshirish uchun esa sidqidildan harakat qilish kerak. Tashabbusni ro’yobga chiqarish yo’lida liderlik qilish kerak.
Afsuski, deydi professor, AQSh Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan imzolagan kelishuvlar faqat qog’ozda yoki yuzaki amalga oshiriladi. Masalan, TIFA – Savdo va Sarmoya bo’yicha Kelishuv. Yangi Ipak Yo’li deb bong urar ekansiz, mana shu mavjud bitimlarni ishga solish haqida o’ylang, deydi Fred Starr Amerika rasmiylariga qarata. Anjuman va ma’ruzalardan endi amaliy qadamlarga o’tish kerak. Muhokama va fikr almashish yaxshi, deydi professor, ammo xalqlar ularning samarasini ko’rmas ekan, na sizga va na sizning tashabbuslaringizga ishonadi, deydi mutaxassis.
Vashingtondagi Jeymstaun Jamg’armasida o’tgan anjumanda so’zlagan Fred Starr va boshqa ekspertlarni tinglagan rasmiylar va diplomatlar yuqoridagi fikrlarga qo’shiladi.
AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha muovini Robert Bleyk mintaqaviy integratsiya, siyosiy-iqtisodiy birdamlik yo’lida harakat qilish kerak deydi.
Bleyk deydiki, Yangi Ipak Yo'li uzoq muddatni ko'zlovchi g'oyalardan iborat. "Sarmoya xususiy sektorda keladi degan umiddamiz", deydi u. Amerika hukumati mablag' ajratmaydi.
Jeymstaun Jamg’armasi tadbirga Markaziy Osiyo davlatlarining AQShdagi hamma elchilarini taklif qilgan, ammo faqat Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikistonniki keldi. O’zbekiston va Turkmaniston bosh diplomatlari qatnashmadi.