Maxfiy asirlar va O'zbekiston; BMT maxsus vakili bilan suhbat

Terrorga qarshi urushda asirga tushganlar uchun yashirin qamoqxonalar qayerda bo'lgani va ular bir mamlakatdan boshqasiga qanday olib o’tilganini tekshirib chiqqan BMT hay’atiga ko’ra, O’zbekiston bu borada Qo’shma Shtatlar, xususan uning Markaziy Razvedka Boshqarmasi bilan hamkorlik qilgan.

Ko’p hollarda bunga terrorizmga qarshi harakatlarning bir qismi sifatida qaralgan.

Lekin, deydi BMTning Qiynoqlarga qarshi maxsus vakili Manfred Novak (Nowak), inson huquqlari keskin ravishda buzilgan. Maxfiy qamoq, ko’chirish va qiynoq - xalqaro qonunlarga xilof ishlar.

Hujjat ochiq muhokama qilinmasligi mumkin

BMTning bu tekshiruv natijalari shu oy Inson Huquqlari Kengashida bayon qilinishi kerak edi. Ko’plab hukumatlar bosimi va qarshiligi ostida bu nozik hujjat muhokamasi iyun oyiga qoldirilgan.

Manfred Novak afsusda. Tekshiruv dunyoning ko’plab yirik davlatlari qonunlarni buzganini oshkor etadi. Dalil va isbotlar yetarli, deydi vakil, hukumatlar buni yopdi-yopdi qilish umidida.

“Hisobot vaqtida tinglanishi, zarur choralar ko’rilishi kerak. Gap insonlar taqdiri haqida ketmoqda”,- deydi Manfred Novak.

“Men qarordan noroziman. Hisobot dunyo ahliga tegishli. Tayyor bo’lishi bilan xalqlar u haqda bilishi kerak. Yevropa Ittifoqi ham shunday pozitsiyada edi. Lekin Inson Huquqlari Kengashi davlatlar terrorga qarshi kurashda faqat nomaqbul emas, qanday maqbul usullardan foydalanayotgani haqida ham bilmoqchi. Bu borada ham hisobot so’ralmoqda. Ikkisi birga tinglanadi",- deydi u.

Inson Huquqlari Kengashida 47 davlat o’tiradi. Ovoz berish orqali saylanadigan a’zolar orasida Rossiya, Xitoy, AQSh, Saudiya Arabistoni va Pokiston singari mamlakatlarni ko’rasiz. Markaziy Osiyodan hozir faqat Qirg’iziston a’zo.

Amerika, yashirin qamoq va ko’chirishlar, nom-nishonsiz mahbuslar masalasida eng ko’p tanqid ostiga olinayotgan davlat, hisobotni yaqindan o’rganib chiqib, tegishli xulosa chiqarishga tayyor. Obama ma’muriyati tekshiruvda yaqindan hamkorlik qilgan.

Barak Obama qiynoq va nomaqbul so’roq qilish usullarini man etgan. Shimoliy Kavkazda qabih ishlarda ayblanayotgan Rossiya esa bu hisobotdan norozi. O’zbekiston va Turkmanistondan biror munosabat yoki javob yo’q.

“Hisobot ochiq muhokamaga qo’yilmaguncha, hech kim javob bermaydi. Majlisni iyunga qoldirishning sababi ham shu - vaqt yutish”, - deydi Manfred Novak.

O'zbekiston roli

Hisobotda qayd etilishicha, AQSh Markaziy Razvedkasi 2002-2003 yillarda O’zbekiston orqali o’nlab mahbuslarni olib o’tgan. Ular ko’p hollarda Guantanamoga olib borilgan.

Masalan Amerikaga tegishli samolyot 2003 yilning 20 sentabr kuni Vashingtondan yo’lga chiqib, kelasi to’rt kun davomida Chexiya, O’zbekiston, Afg’oniston, Polsha, Ruminiya va Marokashda bo’lgan va u yerdan Guantanamoga uchgan. AQSh razvedkasi asirlarni tashigan.

Mahbuslar soni haqida aniq bir narsa aytish qiyin, deydi BMT tergovchisi, lekin O’zbekiston Iordaniya, Misr, Marokash, Suriya va Pokiston qatorida maxfiy asirxona vazifasini o’tagan. O’zbekiston hukumati masala yuzasidan lom-mim demaydi.

Manfred Novak respublika rahbariyati bunday ishlar haqida yaxshi bilgan bo’lishi kerak deydi. Bu harakatlar terrorga qarshi hamkorlik doirasida olib borilgan.

Respublikaga kirish uchun ruxsat yo'q

BMT diqqatni nafaqat AQSh bilan bog’liq qonunbuzarliklarga, balki o’z fuqarolarini yashirin qamoqda saqlash, yaqinlari bilan aloqa qilish yoki advokat olishga imkon bermaslik hollari kuzatiladigan davlatlarga ham qaratmoqda. O’zbekiston qatorida Turkmanistonda ham sharoit og’ir, deydi Manfred Novak.

BMT maxsus tergovchisining aytishicha, bu davlatlarda maxfiy xizmatlar tuzumni tanqid qilgan yoki unga yoqmagan odamlar iziga tushib, ularni o’g’irlash, yashirin maskanlarda saqlash, hatto yo’q qilishga urinish singari ishlarni odat qilgan.

Manfred Novak, avstriyalik mutaxassisning maxsus vakillik muddati bu yil oxirida tugaydi. O’zbekistonga borib vaziyat bilan o’zi tanishishni istaydi. Hukumat yo’l bermayapti.

“Qayta-qayta so’radik. Nyu-York va Jenevada ham uchrashuvlarda bu haqda gaplashdik. O’zbekiston tomon va’dalar beradi, buning uchun harakat qilishini aytadi, ammo mana haligacha taklif yo’q”, - deydi Manfred Novak.

Manfred Novakdan oldingi vakil Teo Van Boven 2002 yilda tekshuruv o’tkazganida O’zbekistonda qiynoqlar muntazam ravishda kuzatiladi, huquqni buzish doimiy hol degan xulosalar bilan qaytgan edi.

Respublika rasmiylari islohotlar jadal, vaziyat kun sayin yaxshilanmoqda deya qanchalik bong urmasin, BMTda bunga ishonch past.

Yaqinda Nyu-Yorkda taqdim etilgan hukumat hisoboti ham shubha bilan kutib olingan. Chunki, deydi Manfred Novak, ahvol aslida boshqacha ekanini ko’rsatuvchi dalillar bir dunyo.

“O’zbekiston hukumati berayotgan va boshqa manbalardan kelayotgan ma’lumotlar orasida yer bilan osmoncha farq bor. Haqiqatni bilish uchun o’zim u yerga borishni xohlayman. Hukumat ko’rsatsin nima qilayotganini”,- deydi BMTning Qiynoqlar masalasi bo’yicha maxsus vakili.