Xorijda yashayotgan o’zbekistonliklar, xususan qochqinlar, muhojirlar va huquq faollari Andijon fojiasining besh yilligini yodga olmoqda.
Ularning afsuslanishicha, respublika aholisining ko’pi o’sha mash’um kun tafsilotlari haqida haligacha to’liq ma’lumotga ega emas.
2005 yilning 13 mayida adolat va ijtimoiy farovonlik talabi bilan Andijon ko’chalariga chiqqan minglab insonlar xavfsizlik kuchlari tomonidan o’qqa tutilgan, deydi ular, 700 dan ortiq inson halok bo’lgan.
Prezident Islom Karimov va uning ma’muriyati esa bu voqealarni terrorchilarga qarshi operatsiya sifatida ta’riflaydi.
Rasmiy izoh shuki, xorijiy manbalar tomonidan quvvatlangan ekstremistlar mahalliy turmani qamal qilib, butun shaharni o’z nazoratiga olishga harakat qilgan, hukumat esa qurolli kuchlar yordamida tartib-intizom o’rnatishga majbur bo’lgan.
G’arbda bu voqealar ko'p hollarda "Andijon qirg’ini" deya tilga olinadi.
Xullas, bundan besh yil oldin Andijonda nima bo’lgani haqida hamma o’z talqiniga ega. Yuzlab bet hisobotlar, ma’ruza va ilmiy maqolalar bitilgan. Nafaqat o’zbekistonliklar, balki chet elliklar orasida ham bu borada bahs-munozaralarni eshitasiz.
Shunisi ayonki, hukumatni savolga tutish O’zbekistonda xavfli ish. O’tgan yillar ichida o’nlab faollar tazyiq va bosim ostida vatanini tark etdi, jurnalistlar va ziyolilar panjara ortiga tashlandi.
2006 yildan beri Irlandiyada yashayotgan va internetda Karimov rahbariyatini tanqid qilishda, yurtdoshlarini esa ogohlikka undab, tinch yo’l bilan erkinlik talab qilishga chaqirib kelayotgan Abdujalil Boymatov fikricha Andijonda nima bo’lganini unutish haqsizlikka ko’z yumish bilan barobar.
“O’zbekiston fuqarolari erkinlik va huquq uchun kurashmasa, hukumatning tazyiqi oshaveradi. 2003 yilda rangli inqiloblar boshlangan edi. Birinchi Gruziyada bo’ldi, 2004 yilda Ukrainada bo’ldi va 2005 yilning martida Qirg’izistonda bo’ldi. 2005 yilning may oyida o’sha rangli inqiloblar marshi O’zbekistonda to’xtatildi. Bunga oldindan tayyorgarlik ko’rilgan. Men o’ylayman, bu to’lqinni Rossiya, Xitoy va Islom Karimov hukumati o’zaro kelishgan holda to’xtatdi. Ya’ni tinch namoyishchilarga qarshi o’q o’tildi”,- deydi Boymatov.
Juda ko’p odam o’lgan, deydi u, ammo sonini aniqlash qiyin. Buning uchun mustaqil tergov o’tkazish kerak.
“Lekin O’zbekiston hukumati bunga rozi bo’lmayapti. Lekin O’zbekiston BMTga 1992 yildan beri a’zo. O’zbekiston hukumati o’z bo’yniga majburiyatlar olgan. Bunga binoan davlat o’z fuqarolarining erkinlik va huquqlarini himoya qilishi, ta’minlashi kerak. Lekin Andijonda ularning huquqlari himoya qilinmadi. Ular, o’zbek fuqarolari, otildi. Endi o’sha otgan odamlar jinoiy javobgarlikka tortilishi kerak. Afsuski, mana besh yil o’tgan bo’lsa ham ular jinoiy javobgarlikka tortilgani yo’q”,- deydi Abdujalil Boymatov.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropa Ittifoqi, Qo’shma Shtatlar va o’nlab xalqaro tashkilotlar O’zbekiston hukumati Andijon voqealarini mustaqil tergov qilish uchun imkoniyat yaratishi kerak deb chiqqan edi.
Ommaviy qozg’olon qonli ravishda bostirildi degan da’volar yangrar ekan, fojia ketidan O’zbekistonning G’arb bilan aloqalari sovuqlashgan edi. Bugunga kelib manzara ancha o’zgargan.
Yevropa Ittifoqi Karimov ma’muriyatiga nisbatan qo’ygan sanksiyalarini o’tgan yili olib tashladi. Blokning bugungi pozitsiyasi shuki, respubikada inson huquqlari bilan bog’liq ahvolni hukumat bilan hamkorlikda yaxshilashga harakat qilish kerak.
Amerika hukumati ham muloqot qilishga bel bog'lagan. Qolaversa, Afg’onistonda tinchlikni ta’minlash muhim vazifa ekan, deydi bu davlat rasmiylari, qo’shni O’zbekiston bilan hamjihatlikda ish tutish zamon talabi.
Andijondagi g'alayon paytida hibsga olinib, tuzumga qarshi jinoyatlarda ayblangan, qariyb uch yil qamoqda o’tirib, xalqaro bosim ostida ozodlikka chiqqan huquq himoyachisi Mo’tabar Tojiboyeva bugun Fransiyadan turib faoliyat yuritmoqda.
“Bilasizmi, men nafaqat huquq himoyachisi sifatida, balki mana shu Andijon voqealari ketidan qiynoq qurboniga aylanganim va adolatsiz sudlov tufayli qamoqxonaga tashlanganim tufayli bunga og’riq bilan yondashaman”,- deydi u.
Yaqinda Bryusselda, Yevropa Parlamenti qoshida, O’zbekistonda huquq ahvoliga bag’ishlangan davra suhbatida ishtirok etgan Mo’tabar Tojiboyeva deydiki, Andijonda xalqning sabr kosasini to’ldirgan bu hukumatning o’zidir.
Ishsizlik, korrupsiya, aybsiz qamash, qiynoqlar, har tarafda adolatsizlik hukmron ekan, odamlar bunga chiday olmadi, deydi faol.
"Inson huquqlari himoyachilari va jamoatchilik vakillari hukumatni xalq bosh ko’tarishi mumkin deb qayta-qayta ogohlantirgan edi. Qo'limizda buni isbotlovchi hujjatlar, dalillar bor, hukumat qo’zg’olon ehtimoli haqida bilgan", - deydi Mo’tabar Tojiboyeva.
“O’zbekiston hukumati bu “terroristik akt” deb aytishining o’zi bu bir mantiqsizlik. Chunki O’zbekiston hukumati Andijonda vaziyat og’irlashib kelayotganidan xabardor bo’lgan. Buning oldini olishni xohlamagan. Aynan mana shu voqeadan foydalanib, yaqinlashib kelayotgan prezidentlik sayloviga tayyorgalik ko’rish, ya’ni o’zbek xalqini qo’rqitib qo’yish, mamlakatni o’zgacha fikrlovchi insonlardan tozalash maqsadida shu narsa uyushtirilgan deb bilaman”,- deydi Mo'tabar Tojiboyeva.
“Inson huquqlari, inson erkinliklari hurmat qilinsa, o’sha jamiyat yaxshi rivojlanadi, ham siyosiy, ham sotsial tomondan",- deydi Abdujalil Boymatov.
"Lekin O’zbekiston hozir xalqaro tashkilotlarning baholashi bo’yicha, davlat sifatida shakllanmagan. Davlat o’z funksiyalarini bajarmaydi, bajara olmaydi. Davlat O’zbekiston fuqarolari nazarida nihoyatda kuchli, lekin aslida olganda nihoyatda kuchsiz”,- deydi Abdujalil Boymatov.
Chunki, deydi u, hukumat o’z fuqarolarini korrupsiya va boshqa illatlardan saqlay olmaydi.
Abdujalil Boymatov va Mo’tabar Tojiboyeva o’zgarishlar bo’lishini xalqning o’zi istashi kerak degan fikrni olg’a suradi. Huquq himoyachilari o’z ishlarini qiladi, deydi ular, ammo fuqarolar vaziyat yaxshilansin desa, o’z hissalarini qo’shishi kerak.