O'zbekistonlik kuzatuvchi: amerikaliklar davlatiga ishonar ekan

Amerikada saylov jarayonini kuzatishga kelgan o’zbekistonlik nazarida bu mamlakatda tuzum haqiqatda xalqniki; xalq uchun xizmat qiladi va xalq tomonidan saylanadi.

Lekin amerikaliklar o’z demokratiyasi bilan qanchalik faxrlanmasin, o’z saylagan hukumatidan bugungi kelib xafsalasi pir ekanini yashirmaydi.

O’zgarish bo’lmasa, deydi ular, bu jamiyatda boshqaruv va avom bir-biridan uzoqlashishda davom etadi.

Insoniyat tarixi shundan dalolat beradiki, xalq dardiga quloq tutmagan va uning manfaatlari uchun ter to’kmagan hokimiyat bir kun kelib baribir yemiriladi.

Saylov tizimlari bo’yicha xalqaro tashkilot (IFES) vakili Antoni Boyerning aytishicha, amerikalik saylovchi qonunga ishonadi va uning ovozi muhim rol o’ynashini biladi.

"Jarayonda har safar xato ishlar topiladi, ammo xalq ulardan boxabar. Saylov shu qadar oshkora kechadiki, uning natijasiga saylovchining ovozidan boshqa biror narsa ta’sir qila olmaydi", - deydi Antoni Boyer.

AQSh axborot vositalari rahbarlikka nomzodlarni savolga tutish, ularning har bir so’zi va qadamini tahlil qilish, omma fikrini o’rganishni o’z burchi deb biladi.

Saylov adolatli o’tishi va omma irodasini aks ettirishi uchun fuqaro faol harakat qilishi va tizim oshkora ish yuritishi lozim.

300 milliondan ziyod aholilik AQShning deyarli yarmi ovoz berish huquqiga ega. Federal Saylov Komissiyasiga ko’ra, bu safar qariyb 150 milliondan oshiq amerikalik ovoz berish niyatida.

“Nomzodlarga qarab, AQShning bugungi ahvoliga qarab, ovoz bermasdan iloj yo’q. Davlatni to’g’ri yo’lga solish kerak”, - deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan saylovchilardan biri.

Haqiqatdan ham nomzodlar, ularning bugungi zamon haqidagi fikr-mulohazalari va takliflari amerikaliklarni juda ilhomlantirib yuborgan.

72 yoshli Jon Makkeyn va 47 yoshli Barak Obama turlicha qarash, siyosiy guruh va avlod vakillari.

Ammo, ko’pchilik nazarida, ularning har ikkisi Amerika faxrlansa arziydigan farzandlar. Har ikki nomzod millionlab sodiq tarafdorlarga ega.

Makkeyn vatan uchun qon to’kkan qahramon, uzoq yillardan beri Kongressda xizmat qiladi va mustaqil fikrli va halol siyosatchi sifatida tanilgan.

Obama yosh, ammo tirishqoq siyosatchi. Tajriba bobida Makkeyn bilan tenglasha olmaydi, ammo “davlatni boshqarish uchun zarur idrok va bilimga egaman”,- deydi.

Otasi qora tanli, onasi oq tanli, oddiy oiladan chiqib, eng nufuzli oliygohlarni bitirgan,jamoatchi faol va advokat sifatida nom qozongan Obama Amerika yangicha o’ylashi, dunyoga ochiq ko’z bilan qarashi, tizginni yosh avlod vakillariga ishonib topshirishi kerak deydi u.

Saylovni Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti kabi xalqaro muassasalar va yuzlab mehmonlar kuzatmoqda. Ulardan biri o’zbekistonlik huquq himoyachisi Shuhrat G’aniyev AQSh Davlat departamentining maxsus dasturi bilan kelgan.

“Bir narsa meni hayratga soldi: xalq nihoyatda faol. Amerikaning asosiy boyligi, o’zimning shaxsim fikrim, bu uning puli emas, qurolining kuchi emas, bu uning jamiyati. O’sha fuqarolik jamiyati deymizmi… Amerika fuqarosi va jamiyatining qanchalik faolligini hozir mana shu yerda ko’rayapman”.

Ga’niyevning kuzatishicha, bugungi faollikdan hatto amerikaliklarning o’zlari ham hayron.

Jon Kennedi (1960 yillar boshida prezidentlik qilgan) davridan boshlab, deya sharhlaydi G’aniyev, saylovlarda yoshlar, afro-amerikaliklar va ispan tilida gaplashuvchi muhojirlar bunchalik faol qatnashmagan ekan.

Shuhrat G’aniyev Florida, Illinois va Massachyusetts shtatlarida saylov uchastkalarida bo’lib, ovoz berish jarayonini kuzatmoqda.

Safar davomida mehmonlar oddiy oilalarda yashaydi. Amerika hayoti bilan yaqindan tanishadi, balki jamoatchi faollar va arboblar bilan muloqot qiladi.

Afsuski, deydi Shuhrat G’aniyev, O’zbekistonda axborotni asosan Rossiya manbalaridan oladigan men kabi odamlar asl jarayon haqida ko’p bilmaydi. “Amerikani bir necha kundan beri kezib, ko’p narsalarni tushundim”, - deydi u.

“Ochiq va oydin… Mana shu narsa amerikaliklarning eng yoqadigan narsasi. Bilasizmi, har kuni televideniyeda alohida kanallarda ertalabdan kechgacha har bir narsani sinchiklab ko’rsatayapti: “Mana qaranglar, Obama bugun mana bunday deydi, mana qaranglar Makkeynning yordamchisi mana bunday qildi. Mana qaranglar Makkeyning o’zi mana bunday deyapti… Ammo mana bu yerda nohaqligi bor ekan, mana bu yerda haq ekan”,- deb ko’rsatayapti”.

“Bilasizmi, bunday fikrlash amerikalikka juda oddiy ko’rinar, ammo bizdek, o’zbekistonlik fuqarolar uchun bu taajjubli hol”,- deydi G’aniyev. “Chunki biz mana shu yillar ichida, ayniqsa oxirgi 15-16 yil ichida ochiq va oydin ravishda saylov o’tkazishga o’rgana olmadik”.

Amerikada saylovlar uchun yuzlab million dollar sarflanadi. Mablag’nomzodga tarafdorlar va uning saylanishidan manfaatdor tomonlardan keladi. Ammo, saylanish uchun moliya eng muhim omil emas ekan, deydi Shuhrat G’aniyev.

Amerikaliklar “nomzod menga nima beradi”? - deb so’rarkan deya xulosa qiladi kuzatuvchi.

“Odam uchun, uning manfaatlari uchun yaratilgan dasturlar… Ijtimoiy programmalar, tibbiyot bo’yicha dasturlar, ichki iqtisodiyotni rivojlantirish programmalari… Amerikaliklarni saylov dasturida ularga nima berilishi qiziqtirar ekan”,- deydi G’aniyev.

“Agar Amerika fuqarosi uning talabiga e’tiborsizlikni sezsa, nomzod milliardlab dollar sarflagan taqdirda ham saylovchi unga ovoz bermaydi”.

Shuhrat G’aniyev nazarida O’zbekiston Amerikadan ko’p narsa o’rgansa bo’ladi, xususan xalq fikrini hurmat qilishni va fuqarolarning davlatga nisbatan ishonchli bo'lishini.

“Xalqning ishonchi Amerikaning eng katta boyligi… Davlat qiyin muammolar bilan yuzlashmoqda. Hozir inqiroz payti… Butun dunyoda har kuni ertalabdan kechgacha Amerika inqirozga tushdi, moliyaviy tanazzul degan gaplar… Albatta bu bor narsa. Lekin, qarangki, xalq shu paytda davlat tizimiga ishonayapti. O’zbekistonda hozir eng katta muammo bu fuqarolarimizning davlatga nisbatan ishonchi yo’qligi”.