Markaziy Osiyo xorij, xususan Amerika sarmoyasiga muhtoj, ammo bugungi vaziyat investorlar talabiga ko’p jihatdan javob bermaydi.
Vashingtonda mintaqa savdo va sarmoya vazirlari hamda Amerika arboblari va biznes doiralari ishtirokida o’tayotgan muloqotda bugungi imkoniyatlar, qonuniy shart-sharoitlar va sarmoya talab qiluvchi sohalar haqida so’z ketmoqda.
AQSh Savdo Palatasi, Oq Uy huzuridagi Savdo Vakolatxonasi, Davlat departamenti va elchixonalar tashabbusi bilan uyushtirilgan uchrashuvlarda davlat moliyachilarining mintaqaga qiziqishi yuqori ekani ta’kidlanmoqda. Lekin Qozog’istondan tashqari boshqa davlatlar bilan biznes hamkorlik ancha sust ekani ham ko’zga tashlanmoqda.
Regiondan kelgan vazirlar g’arbu-sharq bilan hamkorlik avjiga chiqayotgani haqida gapirmoqda. Amerika moliyaviy yordamiga ham katta umid bog’langan.
Vashington hamkorlikka hozir ekanini bildirmoqda.
AQSh Davlat kotibi muovini Villiam Byorns (William Burns) “Markaziy Osiyoning har bir davlati bilan yaqindan ishlashga, va sarmoya jalb qilishga ko’maklashishga tayyormiz”, deydi.
“Tadbirkor uchun oshkora va adolatli muhit yaratib bersangiz, sarmoya kelishi qiyin kechmaydi”,- deydi Byorns, vazirlar va rasmiylarga qarata.
“Qoidalar oydin va aniq bo’lsin, biznes qilish qimmatga tushmasin, qonun ustuvorligi ta’minlangan bo’lsin”,- deydi AQSh rasmiysi. Korrupsiyasiz jamiyatni topish qiyin, deydi davlat kotibi muovini, ammo unga qarshi kurashuvchi vositalarni ishga solish eng muhim talablardan biri.
“Shu bois kuchli fuqaro jamiyati va mustaqil axborot vositalariga ega bo’lish uchun harakat qilmoq zarur”, - deydi AQSh rasmiysi. “Yulg’ichlik va poraxo’rlikni ular fosh qiladi. Bu esa samarali boshqaruvga yo’l ochadi. Tizim oshkora ishlashini ta’minlaydi. Bunga erishish oson emas, biroq iqtisodiy va siyosiy taraqqiyot shuni talab qiladi”,- deydi Villiam Byorns.
O’zbekiston, Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston va Turkmaniston savdo va sarmoya vazirlari amerikalik investorlarning korrupsiya va bugungi sharoit haqidagi shikoyat va tashvishlariga javob berar ekan, muammo ildizi chuqur ekani tan olinmoqda. Qozog’iston, Qirg’iziston va O’zbekiston vakillari islohotlar olib borilayotganini, ular sekin, ammo effektiv kechayotganini ta’kidlashdi.
Elyor G’aniyev, O’zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri deydiki, respublikada islohotlar jadal, biznes qilish uchun ruxsat olish osonlashgan, ko’plab cheklov va to’siqlar olib tashlangan va soliq imtiyozlari oshirilgan.
Elyor Ga’niyevning aytishicha, O’zbekistonda soliq tizimi yangilanib, daromad solig’i o’tgan olti yil ichida 40 foizdan 12 foizga tushgan.
“Chetdan sarmoya jalb qilishga kelganda”,- deydi G’aniyev, “ko’rsatkichlarga qarash kerak. O’tgan bir yil ichida tashqaridan uch barobar ko’p investitsiya olib kirilgan”.
Amerika mintaqada Qozog’iston neft sanoatiga eng ko’p sarmoya qilgan bo’lsa-da, Markaziy Osiyo uchun Rossiya va Xitoy eng yirik hamkorlar bo’lib qolmoqda.
AQSh hukumatining umidi shuki, bugun Afg’onistonga noharbiy yuk tashilayotgan yo’llar kelajakda, mintaqaviy birdamlik sharti bilan, yangi bir savdo tizimi hosil qilsin.
Vashington bunda vositachilik qilishi, davlatlarga tijoratni takomillashtirish uchun yordam berishi mumkin. Mintaqa bo’ylab ish olib borayotgan biznesmenlardan biri firkicha mahalliy qarash va ish yuritish uslublari o’zgarmasa bo’lmaydi.
Umberto de Pretto, Xalqaro Transportirovka Ittifoqi (International Road Transport Union) degan yirik kompaniya rahbari muovini nazarida vazirlarning Vashingtonda yig’ilib, fikr almashayotgani, davlatlar dardini yetkazayotgani, tadbirkorlar bilan yuzma-yuz gaplashayotgani ijobiy hol.
Lekin, deydi u, quruq gaplar bilan hech narsaga erishib bo’lmaydi. Korrupsiya va yulg’ichlik eng asosiy to’siq va rahbarlar uni rad eta olmaydi, deydi ishbilarmon.
Biznes bu amaliy harakat degani, deydi Umberto de Pretto, haqiqat shuki, bugun mintaqada savdo-sotiq bilan shug’ullanish eng mushkul sohalardan biri.
“Markaziy Osiyo hukumatlari harakat qilsa, yangi bir biznes o’chog’iga aylanishi mumkin. Hamma bundan foyda ko’radi. Afsuski, mahsulot chegaralarda soatlab, hatto kunlab qolib ketadi. Boj olish jarayonini yengillashtirish, zamonaviylashtirish kerak. Pora bermay ishlash deyarli mumkin emas. Siyosiy mentalitet o’zgarsa, balki ichki tizimlar ham tubdan o’zgara boshlashi mumkin”, - deydi Jenevadan asoslangan kompaniya vakili.
Vashingtonda kechayotgan tadbirlarda yana ko’plab masalalar ko’tarilmoqda, mulohazalar bir dunyo. Qozog’iston yetakchi iqtisodiy kuch ekani qayd etilmoqda, uning Jahon Savdo Tashkilotiga kirish harakati muhokamada, shuningdek Markaziy Osiyo qachon integratsiya tomon yo’naladi degan savollar o’rtaga tashlanmoqda.