AQSh diplomatlari O’zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bilan munosabatlarni mustahkamlashga urinmoqda.
Bu rishtalar ortidagi omillarni anchadan beri tahlil qilib kelayotgan, terrorizm tahdidi va mintaqaning Afg’oniston va Pokistondagi vaziyat bilan bog’liq jihatlarini izchil o’rgangan jurnalist Ahmad Rashid Vashingtonni “bu xalqlar dardiga quloq soling” deya undamoqda.
“Bugun Markaziy va Janubiy Osiyoda iqtisodiy yetishmovchilik, ijtimoiy adolatsizlik va yakkahokimlikka guvoh bo’lasiz. Xalqlar ham iqtisodiy, ham siyosiy bosim ostida. Ta’lim, sog’liqni saqlash va maishiy xizmat tizimi ishdan chiqqan. AQSh nazarimda avvalo shular haqida o’ylashi kerak”.
Ahmad Rashid bu bilan amaldagi hukumatlarni ag’darish kerak deyayotgani yo’q. Aksincha, deydi u, Qo’shma Shtatlar iqtisodiy yordamni oshirishi va bu yordam orqali mintaqa siyosatiga ta’sir o’tkazishga urinishi lozim.
O’zbekiston bilan aloqalarning sovushiga, deydi u, AQShning Islom Karimov rahbariyatini “biz yordam bermoqchimiz” deya ishontira olmagani sabab bo’lgan.
Ahmad Rashidning shu kunlarda jahon rastalariga chiqqan yangi kitobi “Tushkunlik tomon: AQShning Pokiston, Afg’oniston va Markaziy Osiyoda davlat qurilishi yo’lidagi xatolari” deb ataladi.
Lohurlik jurnalist Jorj Bush ma’muriyatini bu jamiyatlarda davlatchilik rivoji uchun hissa qo’shmay, ulardan asosan harbiy maqsadlarda foydalanganlikda ayblaydi.
“Amerika hukumati hamkorlikka uzoq muddatni ko’zlab yondashmagan",- deydi yozuvchi. "Masalan O’zbekistondan faqat harbiy bazaga ega bo’lish va terrorizmda ayblangan yoki gumon qilingan mahbuslarni olib o’tish, maxfiy operatsiyalar uchun qo’llandi xolos. Vaholanki, 2001 yildan keyin O’zbekistonga qaytgan yirik moliyaviy tashkilotlar, xususan Xalqaro Valyuta Jamg’armasi, Jahon Banki va boshqa xalqaro donorlar AQSh yordamida respublikaga ko’proq sarmoya olib kirishni, dasturlar ko’lamini kengaytirishni istagan edi. Ular O’zbekistondagi mavjud tizimda ishlashga qiynaldi. Oshkoralik yo’qligi va bank tizimidagi muammolardan nolidi. Vashington bu masalalarga uncha e’tibor bermadi”.
Ahmad Rashid Amerika davlat idoralarini noxolislikda, hukumatni aniq bir siyosat bilan chiqmaganlikda ayblaydi. AQSh Davlat departamenti O’zbekistonda inson huquqlari tinimsiz buzilmoqda deb tanqid qilsa, Pentagon – AQSh Mudofaa vazirligi “Karimov rahbariyati ishonchli hamkor va to’g’ri yo’ldan ketayapti” deyishda davom etdi. Shu bois ham O’zbekiston hukumati tanqidlarga javob bermadi, deydi Ahmad Rashid, chunki rasmiy Toshkent nazarida Amerika uchun mamlakatdagi ahvol emas, o’z manfaatlari muhimroq edi.
“Bugun Amerika yana Afg’onistondagi ahvol bahonasida O’zbekiston bilan aloqani kuchaytirish umidida. Ammo yana harbiy aloqaga e’tibor qaratilib, iqtisodiy-ijtimoiy yordam chetda qolsa, bu munosabatlar uzoqqa cho’zilmaydi. Hukumat ham buni biladi. AQSh O’zbekistonda xalq turmushi yaxshilanishi uchun harakat qilmog’i zarur. Bu degani Islom Karimov rahbariyati bilan ochiqchasiga gaplashishi kerak. Maqsad yordam berish ekanini isbotlasin. Toki odamlar Amerika ular farovonligi uchun hissa qo’shishga intilayotganini anglasin. Nazarimda xalq AQShdan hech narsa kutmay qo’ygan”.
Ahmad Rashid fikricha Markaziy Osiyo Afg’oniston va Pokistonda yashiringan jangari kuchlarni yengish avvalo mintaqa tinchligi uchun xizmat qilishini unchalik anglamaydi.
“AQSh ularga bu borada eslatib turishi, ularni yanada faolroq harakat qilishga undashi lozim”,- deydi Ahmad Rashid.
Jurnalist o’z maqolalarida O’zbekiston Islomiy Harakati hamon faol ekanini, Pokistonning tog’li va qabilaviy hududlaridan, Afg’oniston va Tojikiston orqali Farg’ona vodiysiga olib boruvchi yashirin yo’llar borligini, o’zbek jangarilari Afg’onistonda qoradori biznesi yordamida kun ko’rayotgani, ularning Eronda ishonchli hamkorlari borligini, hatto Turkmaniston orqali Afg’onistonga kirib-chiqayotganini ta’kidlab keladi. Mintaqa xavfsizlik kuchlari bu haqda biladi deydi Ahmad Rashid.
“Afg’oniston va Pokistondagi mojarolar ortida qashshoqlik va parokandalik turgan ekan, Markaziy Osiyo to’q, ma’rifatli va erkin jamiyatlar barpo etish naqadar muhim ekanini anglashi lozim. Amerika esa o’z ta’sir kuchini oshirish uchun oddiy xalq hayotini yengillashtiradigan sohalarga sarmoya olib kirsin. Islohotlarga urg’u bersin. Ularni jadallashtirishga undasin. Hukumatlarga demokratiya va siyosiy erkinlik haqida gapirsin”.
Ahmad Rashid AQShning Afg’oniston va Pokistonga nisbatan siyosatini ham tanqid ostiga oladi. Pokistonning yangi hukumati Tolibon bilan muzokara qilmoqda. Maqsad ularni Pokistonda hujumlar olib bormaslikka ko’ndirish. Bu hech qanday samara bermaydi deydi Ahmad Rashid.
"Jangarilar chegara bilmaydi. Ular Pokistonda bo’lmasa Afg’onistonda xurujlarni davom ettirmoqda. Ularning ildiziga bolta urish haqida o’ylash kerak. AQSh, Afg’oniston, Pokiston va Markaziy Osiyo hukumatlari ektremizmga, unga yetaklovchi omillarga qarshi birgalikda chora ko’rishi kerak. Ya’ni iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish zarur”.
AQSh rasmiylari Ahmad Rashid kabi tanqidchilarga “muammolardan yaxshi xabardormiz”, - deya javob beradi. Vashington O'zbekiston bilan aloqalarda sharoitga qarab ish tutayotgani, hukumatga bosim o'tkazmoqchi emasligi va yordam taklif qilib kelayotganini ta'kidlaydi.
Ahmad Rashid asosan ingliz tilida yozadi. G’arbda keng mutolaa qilingan "Jihod: Markaziy Osiyoda jangari islom tarixi", "Tolibon: Islom, Neft va Markaziy Osiyodagi yangi buyuk o’yin" kabi kitoblari mintaqa tillariga tarjima qilinmagan.