AQSh tashqi aloqalari va siyosati uchun javobgar Xillari Klinton "har bir davlat bilan o'zaro manfaatlardan kelib chiqqan holda ish tutamiz",- demoqda.
Amerika o’z ta’sir kuchini moddiy va ma’naviy yordam orqali oshirishni ko’zlamoqda.
Siyosatdonlar nazarida Markaziy
Osiyoning har bir mamlakati bilan alohida va umumiy mintaqaviy muloqot
rejalangan.
Xillari Klinton Amerika qudratini ikki turga
bo’ladi: qattiq va yumshoq, harbiy va no-harbiy. AQSh diplomatiyasi
endi no-harbiy, iqtisodiy-madaniy aloqalarga asoslanadi, deydi u.
“AQSh
tashqi siyosati uch yo’nalishga ega: xavfsizlik, diplomatiya va
taraqqiyot. Davlat departamenti diplomatiya va taraqqiyot uchun
javobgar. Bular davlatimizning oliy maqsadlarini amalga oshirishda eng
ko’p hissa qo’shadi”.
Barak Obama va Xillari Klinton jahon
ahlini, shu jumladan Markaziy Osiyo jamiyatlarini ochiq muloqotga
chaqirmoqda.
Mintaqa siyosati va Obama strategiyasidan yaxshi xabardor,
Oq Uy-Davlat departamentidagi tashabbuslarni yaqindan kuzatayotgan
tahlilchi Kevin Jouns (Kevin Jones) fikricha Markaziy Osiyo AQSh chaqiriqlarini
ijobiy kutib olgan.
“Mintaqa hukumatlari Amerika bilan ochiq
muloqotga tayyor. Bu sir emas. Dialog boshlansa, u albatta xavfsizlik
va energetikaga asoslanishi ham turgan gap. Markaziy Osiyo rahbarlari
buni yaxshi tushunadi”, - deydi tahlilchi.
Jounsga ko'ra, mintaqa iqtisodiy va taraqqiyot bobida ko’makka muhtoj.
"AQSh
ham mushkul vaziyatda ekan, moddiy yordam miqdorini ko’tarmasa kerak.
Lekin Xillari Klinton AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi rolini
oshirmoqchi. Yangi dasturlar boshlansa ajabmas”, - deydi u.
O'zbekistonlik
yosh tadqiqotchi Ahad Abdurahmonov tahlilicha, Afg'oniston va butun mintaqa
tinchligi uchun hamma bir yoqadan bosh chiqarishga majbur.
“Bu
masalani dunyoning boshqa materigidan turib amalga oshirish juda qiyin
va juda qimmat… Shu jihatdan AQSh uchun Markaziy Osiyo bilan yaqindan
hamkorlik qilish muhim”, - deydi Abdurahmonov.
Siyosatdonlar
AQSh-Rossiya va AQSh-Xitoy aloqalari iliqlashsa, Markaziy Osiyo ham
yengilroq nafas oladi degan fikrda. Mintaqa davlatlari yirik derjavalar
orasida sarson ekanini tan olmasa-da, bu bir haqiqat, deydi ular.
Amerika
islom dunyosi bilan aloqalarni yaxshilamoqchi. Lekin, deya
ogohlantiradi Ahad Abdurahmonov, Obama ma’muriyati dunyo musulmonlarini
bir qolipda ko’rmasligi kerak.
“O’rta Osiyo xalqlari va
ularning madaniyati islom diniga chambarchas bog’liq bo’lgani bilan bir
holda, biz baribir sobiq Sovet o’lkalari bo’lganimiz sababli bizdagi
ichki siyosat dinamikasi va tashqi siyosatdagi prioritetlar Yaqin
Sharqdan, masalan, ancha farq qiladi”, - deydi o'zbekistonlik
tahlilchi.
"Amerika Ovozi" bilan gaplashgan tahlilchilar Oq
Uyga, qolaversa AQSh bilan muntazam hamkorlik qilishga qiynalib
kelayotgan O’zbekiston singari davlatlarga uzoq-muddatli, barqaror
rejalar tuzishni maslahat beradi. Gina-kudrat, talab va bayonot yoki
balandparvoz maqsadlarga berilmay, pragmatik va real strategiya bilan
chiqish kerak.
Ahad Abdurahmonov Vashington Markaziy Osiyodagi bugungi
vaziyatni yaxshilab o’rganib chiqishi lozim, quruq tanqid foyda
bermayapti, deydi.
“Uzoq-muddatli strategik hamkorlikka
asoslangan yo’nalish bo’lishi shart. Chunki bugun dunyoning istalgan
mamlakatida kamchilik, muammo, hatto inqiroz yoqasiga yetib qolgan
holatlar ham uchraydi. Lekin hech kimda bu muammolarni bir yoki ikki
kunda to’g’rilab qo’yadigan sehrli tayoqcha yo’q”,- deydi tadqiqotchi.
Kevin Jouns
fikricha inson huquqlari va demokratiya targ’iboti endi g’oyaviy emas,
“amalda nima qilish mumkin”? degan asnoda olib borilishi mumkin.
Bill
Klinton davrida huquq va fuqaro jamiyatiga e’tibor katta bo’lgan.
Xillari Klinton mintaqa bo’ylab safar qilib, erkinlik va oshkoralik
haqida gapirgan.
Bugun vaziyat o’zgacha. AQShda asoslangan nohukumat
tashkilotlarning mintaqada ishlashi og’irlashgan. Ular xalqni
rahbarlarga qarshi qayrayotganlikda gumon qilinadi. Ular maqsad yordam
berish deya qanchalik tushuntirmasin, bu tashkilotlarga ishonch past.
Amerika ana shu ishonchni tiklash yo’llari ustida o’ylanmoqda.
Xillari
Klinton 2003 yilda nashrdan chiqqan “Tarix Guvohi” (Living History) nomli kitobida Islom
Karimov bilan 1997 yildagi uchrashuvini izohlaydi.
Uning yozishicha
o’shanda Karimov undan Bill Klinton, prezident sifatida, xalq fikrini
qanday o’rganadi deya so’ragan. Oddiy odamlar bilan yuzma-yuz
gaplashadi, hol-ahvol so’raydi, chunki demokratik jamiyatda rahbar xalq
xizmatida bo’ladi, sabab xalq uni hokimiyatga saylagan degan javob
oladi.
Xillari Klintonning xulosasi shuki, O’zbekiston kabi yosh
davlatlar demokratiya va oshkoralik nima ekanini yaxshi tushunmas ekan,
ularga erkinlik haqida aql o’rgatish befoyda. Muloqot, muloqot va
muloqot, deydi Klinton.
O’zbekistonlik va amerikaliklar
ziyolilar nazarida hozir ikki tomonlama aloqalarni jadallashtirish
uchun noyob imkoniyat paydo bo’lgan. AQSh yadroviy xavfsizlik, ta’lim,
biznes va sog’liqni saqlash kabi sohalarda ko’makni oshirsa, deydi
ular, uning mintaqada nufuzi oshadi.
Obama “buyruq berishni bas qilib, xalqlar dardiga quloq tutamiz”, - deyapti. Bu narsa amalda qanday aks etishini baholashga hali erta. Lekin odamlar astalik bilan bo’lsa-da, biror o’zgarish bo’lishini kutmoqda.