O'zbekiston hukumati shu kungacha migrant ishchilar himoyaga muhtoj ekanini tan olmagan.
Ular topgan pul mamlakat iqtisodining asosiy tayanchlaridan biri, lekin bu insonlar yuzlashayotgan muammolar haqida rahbariyat lom-mim demaydi.
Bu yurt fuqarolari Rossiyada xo’rlanib bo’lsa-da, vatandagi oilasini boqmoqda. Ular dardga to’la, ammo ko'p hollarda ochiq gapirishdan qo’rqadi. Ism-sharifini aytishdan hayiqadi.
Rossiyada ishlab yurganlarning qay biri bilan gaplashmang, tirikchilik asosiy maqsad deydi. Rossiya ularning aksariyati uchun sovuq bir jamiyat. Kelgindilarga nisbatan hurmatsizlik odatiy hol.
"Migrantlar ruslarni ish joylaridan siqib chiqarayapti, nonini tortib olayapti degan gaplarni aytishadi. Lekin ochiq aytish kerak, bu sohada biror raqobat yo’q",- deydi migrantlardan biri.
"Biz ya’ni ruslar nazarida “qoralar” ishlagan joyga rus boshqa kelmaydi. Siz ishlagan joyga “qoralar ishi” degan tamg’a bosiladi. Ruslar u yerga boshqa bormaydi".
Kelgindilar ko’p ishlatadigan so’zlarni hozir ruslardan uncha eshitmaysiz.
"Rahmat degan so’zni ruschada “spasibo” deb bilamiz-a? Lekin bugungi kunda bu so’zni kamdan kam holatlarda eshitish mumkin. Uni ruslar o’zi uchun ep ko’rmaydi, chunki biz ishlatamiz uni. “Blagodaryu” degan so’z bor. Bu zodagon, aristokratlar ishlatgan so’z. Hozir ruslarga biror ishni bitirib bersangiz, ulardan “blagodaryu” degan so’zni ko’proq eshitasiz".
O'zbek ishchilarning ko'pi o'rta ma'lumotli va rus tilini yaxshi bilmaydi. Ular asosan qurilishda, fermalarda va xususiy inshootlarda mardikorlik qiladi, qolaversa bozorda sotuvchi.
"Savdodamiz, chunki cho’ntakda doimo pul bo’ladi",- deydi namanganlik bir yigit.
"Ikkinchi tomondan, bizning xulq-atvorimiz, so’zlashish madaniyatimiz bunga mos. Tilimiz shirin. Ruslar savdo qilolmaydi, gapi qo’pol. Biz esa olmaydigan odamni ham oldiramiz”.
O’zbeklar bozorga qanchalik usta bo’lmasin, deydi bu muhojir, mol-mulkingizni teng sota olmaysiz.
"Aytaylik, rus va o’zbek bir xil rusumdagi mashinani, masalan 10 ming dollarga oladi. Bir yilda sotmoqchi bo’lsa, rus uni 8 mingga pullashi mumkin, o’zbek esa 3-4 mingdan oshiqqa sotolmaydi. O’shaniyam o’zimizning “qoralar” oladi. Ruslar esa biz mingan mashinaga qaramaslikka harakat qiladi. Bu balki millatchilikdir, ammo boshqa sababi ham bor. Rus mashinani o’zbekdan ko’ra yaxshi tutadi, e’zozlab minadi. Lekin reklama bo’yicha kimdir telefon qilsa, aksentingizni sezib “millating nima” deb so’raydi. Shunga qarab ish tutiladi".
Vatandoshlar bir-birini qanchalik quvvatlaydi? Achchiq haqiqat shuki, bir necha millionlik o'zbeklar orasida umumiy birdamlik yo'q. Buxorolik, samarqandlik yoki farg'onalik jamoalarga ko'zingiz tushadi, ammo barcha o'zbekistonliklar manfaati uchun birdek kurashuvchi tashkilotlar deyarli yo'q.
"Amerika Ovozi" bilan so'zlashgan migrantlarning aytishicha, bunday birlashmalar tuzish uchun harakat bor, ammo buning uchun mablag', vaqt va tajriba yetishmaydi.
Moliyaviy inqiroz Rossiya iqtisodiyotini ancha holdan toydirdi. Minglab bizneslar barbod bo’ldi. Oqibatda muhojirlar uchun imkoniyatlar keskin kamayib ketdi.
"Yaqinda o’tgan bir anjumanda Rossiya migratsiya xizmati boshlig’i chiqib, krizis kelib muhojirlar ichida qonunga eng itoatkor o’zbek va tojiklar ham jinoyat qila boshladi deb aytdi. Odam buni eshitib ancha o'ylanadi", - deydi Toshkentda yirik oliygohni bitirib, hozir Rossiyada mehnat qilayotgan o'zbekistonlik.
Yaqinda Yekaterinburgda ikki o’zbek qoradori savdosida ayblanib qo’lga olingan. Biri aybiga iqror bo’lgan, ikkinchisi begunoh ekanini aytgan. Militsiya uning oldidan 40 gram giyohvand modda chiqdi desa, ayblanuvchi uni agentlarning o’zi solib qo’ygan deydi.
Rossiya bo'ylab chumolidek g'imirlab, birini ikki qilaman deb yurganlar iloj bo'lganda jon deb vatanga qaytgan bo'lardi.
"Yashash uchun O’zbekiston yaxshi. Iqlimi mo’tadil, xalqi mehmondo’st, taomlari shirin",- deydi suhbatdoshimiz.
"Lekin chiroyli yashash uchun pul kerak. Yashash uchun O’zbekiston yaxshi bo’lishi mumkin, lekin ishlash uchun Rossiya yaxshi. Pul bor bu yerda. Ishlab-ishlab, qaytib ketaverish kerak".
Muhojir mehnatidan Rossiya iqtisodi ham katta foyda ko’rmoqda. Rossiyada mardikorlar oyiga 250-300 dollar topadi. Bu bilan ortda qolgan oilani boqib, o’z yurtda yashash juda mushkul.
"Hamma migrantlar ishlab topib, uyiga jo'natadigan pul yiliga 14 milliard dollar ekan. Lekin qarang, ular orqasidan esa bu davlat har yili 100 milliard dollar daromad olmoqda. Ham echki, ham bo'ri bu holatdan manfaatdor".
O’zbekistonda davlat uning pasportini ko’tarib yurgan millionlab fuqarolar, qonunda belgilanganidek uning himoyasi ostida ekanini qachon ochiq tan oladi va biror konkret chora ko’radi, bu noma’lum. Bu mehnatkashlar qo’rqinch, kaltak va diskriminatsiya ostida topayotgan pul iqtisodni tebratmoqda, xalqni boqmoqda.
"Tashqarida turib ishlab, ular o’zbek milliy yalpi mahsulotni ko’tarayapti. Ikkinchidan bu migrantlar o’zbek madaniyatini tarqatyapti",- deydi migrantlardan biri.
Har bir o’zbekistonlik, hukumatga ma’qulmi yo’qmi, shu zamin vakili. Uning ajralmas bir qismi.