Xalqaro kompaniya va turli hukumatlarga maslahat beruvchi Krull Korporatsiyasi asoschisi, bolgariyalik iqtisodchi olim Aleksandr Mirtchev fikricha bugungi iqtisodiy inqiroz umumbashariy sinovdir.
Tanazzul sabablari yoki yechimi bir davlat qo’lida emas. Undan o’zini tiklab olgan mamlakatlar, deydi Mirtchev, dunyo kelajagini hal qiluvchi o’ringa ega bo’ladi.
Aleksandr Mirtchev Vashington siyosiy doiralarida ham ishbilarmon, ham maslahatchi sifatida tanilgan.
Uning fikricha AQSh banklarga yordam paketlari taklif qilish bilangina tanazzuldan chiqa olmaydi.
Amerika, deydi u, bugungi siyosati bilan uzoqni ko’zlamayapti. Iqtisodiy tizimni qayta ko’rib chiqishi, bozor siyosiy chegaralar tanlamasligi, pul birligi bilan dunyo moliyaviy tizimini tebratish qiyin ekanini tan olishi darkor.
“Bugungi vaziyatda hukumat yordami zarurligini tan olamiz, ammo bu vaqtincha bo’lishi kerak. Bozorni, biznesni raqobat tebratadi. Hukumat bunga aralashmasligi kerak”,- deydi Mirtchev.
Markaziy Osiyo davlatlari inqiroz ta’siridan xavotirlanib, unga qarshi kurash dasturlari ishlab chiqqan. Mintaqada eng kuchli iqtisodiyotga ega Qozog’iston, masalan, xususiy sektorga bir milliard dollargacha yordam berishga tayyor. Mustaqil Davlat Hamdo’stligi doirasida esa 10 milliard dollarli qo’shma jamg’arma tuzilgan.
“Markaziy Osiyo iqtisodiyoti global bozorning bir qismi”,- deydi Aleksandr Mirtchev. “Hozircha xulosa qilishga erta, ammo oxir-oqibat manzara har bir davlatda turlicha bo’ladi, chunki iqtisodiy sharoit o’zgacha. Choralar ham har bir davlatda siyosiy-iqtisodiy tajribadan kelib chiqqan holda ko’rilmoqda. Bir narsa aniq: bugungi inqiroz ayniqsa kambag’al mamlakatlar tinkasini quritadi”.
Xorijiy sarmoya oqimini saqlab qolish eng muhim vazifa, deydi Mirtchev.
"Qozog’iston singari davlatlar, G’arbdan jalb qilingan investitsiya qadriga yetib va G’arbda moliyaviy tanglik vujudga kelayotganini his etib, oldindan chora ko’rishni boshladi. Masalan, Qozog’istonda byudjet tuzilayotgan paytda, o’tgan yili, neftning har barreli uchun 60 dollar o’rtacha baho deb belgilangan. Ya’ni ular qora oltin narxi tushishini oldindan ko’ra bilishgan. Bugun uncha sarosimada emas”.
Biznes samara berishida ishonch juda muhim rol o’ynaydi. Bugun, deya so’raymiz Aleksandr Mirtchevdan, Amerika sarmoyadorlari nazarida Markaziy Osiyo davlatlariqandachalikishonchli biznes hamkorlar?
“Xalqaro kompaniyalar sarmoyani kamaytirishi, ishlab chiqarishni qisqartirishi mumkin. Ammo tadbirkorlar o’sish va talab qayerda bo’lsa, o’sha joyda ildiz otishga harakat qiladi. Markaziy Osiyo va Rossiyada pul tikib, nazarimda, xato qilmaydi. Hozir shokka tushishi tabiiy, ammo men yirik kompaniyalarga rivojlanayotgan davlatlarni tark etmang deyman",- deydi Mirtchev.
"Bu katta bozorlar. Ishonchga kelsak, bu fundamental talab. Qozog’iston, masalan, ishonchni oqlayotgan hamkor ekanini isbotlash qiyin emas. Biznesda omad va ishonch yonma-yon yuradi. Kim ishonchli ekanini sarmoya oqimidan bilasiz”.
Qozog’istonning Vashingtondagi elchisi Erlan Idrisovning aytishicha, uning davlati bo’lajak prezident Barak Obama bilan muloqot boshlagan. Amerikaning yangi rahbari Markaziy Osiyoga safar qilsa, avvalo Ostonada bo’ladi degan ishonch baland.
Safarlar o’z yo’liga, deydi AleksandrMirtchev. Uning fikricha AQSh mintaqaga yangicha ko’z bilan qaray boshlashi kerak. Gap muvozanatli siyosatda, deydi u.
“Markaziy Osiyo davlatlari bilan ularning bugungi salohiyatini, dunyo barqarorligi yo’lida o’ynayotgan rolini tan olgan holda, muomala qilish kerak. Ikkinchidan, AQSh ularni bir tomonni tanlashga majbur qilmasligi lozim.Ular Rossiya, Xitoy va AQSh orasida sarson bo’lmoqchi emas. AQShning yangi rahbari uchun ma’qul qadam - ularni bunday vaziyatga qo’ymaslik",- deydi Mirtchev.
"Mintaqadagi vaziyat va mentalitetga qarab konstruktiv muloqot olib borish. Markaziy Osiyo rahbarlari ham o’z navbatida iqtisodiy va siyosiy taraqqiyot ular manfaatida ekanini tushunib, islohotlarga zo’r bersin, xalq farovonligi uchun xizmat qilishni o’ylasin”.
Aleksandr Mirtchev, ayrimlar nigohida, Vashingtonda Qozog’iston singari neftga boy davlatlar manfaatini himoya qilayotgan lobbistlardan biri. Iqtisodiy fanlar doktori Mitchev esa o’zini moliyaviy muammolarga yechim topib, biznes maslahatlari beruvchi kompaniya egasi deb tanishtiradi.
“Hechbir hukumatning odami emasman. Biznesni yaxshi tushunaman xolos”,- deydi u.
Bozorni, deydi Mirtchev, har qanday jamiyatda usta tadbirkorlar tebratadi.
Hukumatlarning vazifasimas’uliyatli siyosat bilan chiqish; raqobat, mahsuldorlik va iqtisodiy taraqqiyot uchun zamin hozirlash.
"Odamlarni sarmoya qilishdan to’xtata olmaysiz, chunki inson borki, oldinga siljishni, bir so’mi ikki so’m bo’lishini xohlaydi. Ularda tizimga ishonchni shakllantirish zarur. Imkoniyatlar maydoni keng", - deydi Aleksandr Mirtchev, "muhimi qonunlar adolatli, aniq va ravshan, tuzum oshkora bo’lsin".