Amerikaning O'zbekistondagi sobiq elchisi Genri Klark bilan suhbat

Amerikaning O’zbekistondagi birinchi elchisi, qolaversa mintaqadagi ilk diplomatlaridan biri, Markaziy Osiyo – AQSh aloqalariga asos solgan insonlardan biri Genri Klark (Henry Lee Clarke) bo’lib, uning fikricha xalqaro munosabatlar zaminida optimizm va amaliy harakatlar yotadi.

Diplomatlar qanchalik uddaburo va zehnli bo’lmasin, deydi Genri Klark, ko’p narsa tomonlarning tirishqoqligiga bog’liq.


Genri Klark mana 10 yildirki pensiyada. 35 yildan oshiq davr mobaynida diplomatlik qilgan bo’lsa, butun faoliyatini sobiq sotsialistik dunyoda, asosan Sharqiy Yevropa va Sovet Ittifoqi, u parchalangach esa mustaqil respublikalarda o’tkazgan.

Amerika O’zbekistonni 1991 yil oxirida davlat sifatida tan olib, 1992 yilda elchixona ochganida, aynan nimalarni ko’zlagan edi deya so’radik Genri Klarkdan.

"Maqsad, avvalo, O’zbekiston suverenitetini quvvatlash va rishtalar uchun yo'l ochish bo'lgan. Munosabatlar rivoji mushkul kechishini oldindan bilganmiz, chunki biz Markaziy Osiyo bilan SSSR davridanoq tanish edik. Uning qadim va yaqin tarixini bilar edik. O’tish davri murakkab jarayon ekanini tushunganmiz. Mamlakatga nima sohada yordam berishimiz mumkinligini, ayniqsa iqtisodiy ko’mak muhim ekanini anglaganmiz”.

Lekin, deya eslatdik sobiq elchiga, Amerika Markaziy Osiyo xalqlari va rahbarlari ishonchini qozona olmadi; o’zini tayanch sifatida ko’rsata olmadi; mustahkam aloqalar o’rnata olmadi; noyob imkoniyatlar bor berildi; rishtalar asosan tabiiy resurslar yoki xavfsizlikka bog’lanib qoldi degan fikrlar ham mahalliy, ham amerikalik siyosatdonlar orasida keng tarqalgan.

“Bu qarashlar keyinroq paydo bo’ldi. Men elchilik qilgan davrimda odamlarning ruhi baland edi. Nazarimda Amerika mintaqaga ko’proq yordam berishi uchun u yerda imkoniyat va shart-sharoit yaratilmadi, ayniqsa sarmoya va bizneslar jalb etishda. Ko’p-tomonlama hamkorlik qilish uchun kelajakka ishonish kerak",- deydi janob Klark.

"Men O’zbekiston istiqboliga ishonib ish tutishga uringanman. Barcha taklif va tashabbuslarga tayanib, yangi loyihalar ustida ishlaganmiz. Qilmasak, bilmaymiz der edik, ya’ni natijani oldindan aytish qiyin. Yiqilsak, turib boshqa yo’l qidiramiz der edik. Bu kabi strategiya samara bergan. 1992-95 yillar orasida ancha sarmoya olib kirganmiz. Afsuski, keyinroq konvertatsiya yopilib, kompaniyalar nima qilishini bilmay qoldi. Buning ustiga mamlakatda korrupsiya chuqur ildiz otgani ko’plab bizneslarni O’zbekistonga yaqinlashtirmadi. Mana hozir ham shunga guvohmiz”.

1990-yillarda Amerika- Markaziy Osiyo aloqalarida ko’proq iqtisod, fuqarolik jamiyati va ta’limga e’tibor berilgan bo’lsa, 2000-yillardan boshlab, ayniqsa 2001 yilning 11 sentabr voqealari ketidan asosiy diqqat harbiy hamkorlikka qaratildi.

"Bu katta burilish bo’ldi",- deydi sobiq elchi.

“Mening davrimda ham tinchlik dolzarb masala edi, ammo mintaqada bazalar ochish yoki Afg’onistonda harbiy harakatlar olib borishimiz mumkinligi hech kimning xayolida yo’q edi. 11 sentabr hamma narsani o’zgartirdi ”.

Xavfsizlik ustida birga ishlash zamon talabi, deydi keksa diplomat, ammo mintaqa yoshlari uchun Amerika echiklarini ochgan, ularni bu mamlakat ilm dargohlarida o’qishi uchun imkon yaratgan, qolaversa tibbiyot, texnologiya va boshqa sohalarda beqiyos hissa qo'shishi mumkin bo'lgan xalqaro tashkilotlar ancha zarba yedi.

“Biz aloqalarni jadal rivojlantirishga urindik, ammo bunga erisha olmadik. Har ikki tomon xatolarga yo'l qo'ydi. Eng muhim omillardan biri, nazarimda, O’zbekiston hukumati uchun ichki xavfsizlik eng ustuvor masalaga aylangani bo'ldi. Huquq poymol etilayotganini, xususan qamoqxonalarda mahbuslar qiynoqqa solinayotganiga qarab tura olmadik. Bu bilan esa munosabatlarga darz soldi”.

Lekin Genri Klark fikricha umidni boy berish to’g’ri emas. Rishta borki, murakkab. Toshkentda hozirgi elchi Richard Norlandning astalik bilan muloqot olib borayotgani, kelishmovchiliklar emas, o’zaro manfaatli sohalar haqida gapirayotgani, janob Klark fikricha, ijobiy natija berishi mumkin.

Prezident Barak Obama Qohiradan qilgan nutqida, deydi Genri Klark, musulmon jamiyatlarini, shu qatorda Markaziy Osiyoni ham oshkoralik, demokratiya va adolatli boshqaruv yo’lini tanlashga undadi.

Rahbarlar o’z xalqidan o’g’irlamasligi, korrupsiyaga berilmay, mas’uliyat bilan ish tutishi kerak degan gaplari mintaqada ham o’z egasini topgandir deya mushohada yuritadi sobiq elchi.

“Munosabatlar mevasini totish, aniq yutuqlarga erishish uchun balki yangi qoidalar asosida ish tutish kerak. Tomonlar bir-biridan nima kutilayotganini aniq bilsin va majburiyatni ado etishni o’rgansin. Kelishuvlar qog’ozda qolib ketmasin. Men nafaqat O’zbekiston balki qo’shni davlatlarni ham nazarda tutayapman".

"O’zbekiston mintaqadagi eng yirik jamiyat ekan, u bilan aloqalarni eplamay turib, ko’p narsaga erisha olmaysiz. Obama ma’muriyatiga iqtisod va ta’lim sohasida yordamni oshiring degan bo’lardim. Taraqqiyot ana shu sohalardan boshlanadi”.

Demokratiya-chi, huquq va qonun ustuvorligi-chi? – deya so’raymiz sobiq elchidan.

“Har bir jamiyat o’z demokratiyasini o'zi barpo etadi. Haqiqat shuki, xalq xohlab, hukumat bunga yo’l bersa, fuqarolik jamiyatini taraqqiy ettirish mumkin. Bu sohada yordam beradigan tomonlar va tashkilotlar juda ko’p. Lekin rahbariyatning qarshiligi kuchli bo’lsa, Amerikadek buyuk demokratiya ham jim turishga majbur. Sabr-qanoat balki ma’qul yo’l. O’zgarish bo’lishi uchun avlodlar yangilanishi, ta’lim sohasi kuchayib, ommaning dunyoqarashi kengayishi, xalqning siyosiy faolligi oshishi kerak”,- deya javob qiladi keksa diplomat.

Genri Klark 1992 – 95 yillarda AQShning O’zbekistondagi elchisi bo’lgach, Vashingtonga qaytib, Davlat departamentida yuqori lavozimlarda ishlagan. Islom Karimov va mintaqadagi boshqa rahbarlar siyosatini yaqindan tahlil qilib keladi. Garvard (Harvard) va Dartmut (Darthmouth) singari nufuzli oliygohlarini bitirgan.