Yaqinda Pokistonning Mironshoh shahrida AQSh havo hujumidan besh o’zbek jangarisi halok bo’lgan. “Amerika Ovozi” bilan muloqot qilgan tahlilchilarning aytishicha, O’zbekiston Islomiy Harakati va Islomiy Jihod Ittifoqi o’tgan yillar ichida ancha zarba yegan va tarqoqlashgan, ammo Tolibon safida kurashni davom ettirmoqdda.
Afg’on-Pokiston chegarasidagi tog’li hudud jangarilar makoni ekani aniq, ammo Tolibon va Al-Qoida bilan aloqador guruhlar soni, ular safida kimlar borligini aniqlash oson emas.
Ko’pchilik bu borada mahalliy aholiga tayanadi; Pokiston harbiylari va jurnalistlaridan, qolaversa hududda yurgan razvedkachilar va vaziyatni yaqindan kuzatayotgan tadqiqotchilardan axborot oladi.
Britaniyalik Jeremi Binni (Jeremy Binnie), Londonda asoslangan Jane’s harbiy-tahlil jurnali muharriri va bu nashrning mintaqadagi muxbiri Joanna Rayt (Joanna Wright) yaqinda o’z bilgan va yiqqanlarini yangi bir ilmiy maqolada bayon etdi. Material aynan o’zbek jangarilar faoliyatini yoritadi.
Jeremi Binni nazarida terrorchilar kim ekanini ularning o’zbek, rus, turk va arab tilidagi bosma va video propagandasidan bilish mumkin. Internet ular uchun strategik vosita.
Shuningdek, deydi mutaxassis, AQSh, Afg’oniston va Pokiston harbiylari, qabila yetakchilari va muxbirlar o’zbek jangarilari haqida muntazam gapirib keladi.
“Markaziy Osiyodan chiqqan ekstremist kuchlar Al-Qoida va Tolibon ishongan va suygan jihodchilardir”, - deydi Jeremi Binni.
“Islomiy Jihod Ittifoqi a’zolari Pokistondan turib Afg’onistonda xurujlarni amalga oshiradi. Internet va varaqalar orqali markaziy osiyolik va turkiyalik yoshlarni o’z safiga qo’shilishga undaydi. O’zbekiston Islomiy Harakati ham shunday qilayotganiga guvohmiz”,- deydi jurnalist.
Jeremi Binnining qayd etishicha, Islomiy Jihod Ittifoqining diqqati asosan Afg’onistonda, O’zbekiston Islomiy Harakati esa Pokistonda hukumat va G’arbga qarshi hujumlar bilan mashg’ul.
Har ikki mamlakatda o’zbeklar mahalliy nafrat bilan yuzlashadi, ammo unga chidashga majbur, deydi tadqiqotchi.
“AQSh harbiylarining bizga aytishicha, o’zbek jangarilar aholidan uzoqda yuradi. Pushtu qabilalar orasida ularga qarshi kuchli. Qurolli to’qnashuvlar kuzatiladi. Tolibon ularning mezboni ekan, o’zbeklar ularga tobe. Ular o’nlab ming emas, ammo chuqur ekstremistik ruhdagi, pishiq va tajribali, savodli, ba’zilari armiyada xizmat qilib chiniqqan jangchilar”,- deydi Jeremi Binni.
Islomiy Jihod Ittifoqi 2002 yilda tashkil topgan, O’zbekiston Islomiy Harakatidan ajralib chiqqan to’da. Uning yetakchisi Najmiddin Jalolov Abu Yahyo Muhammad Fotih nomi bilan ham tanilgan. O’zbek va turk tillarida bayonotlar qilib turadi.
Jalolov O’zbekiston Islomiy Harakati yetakchisi Tohir Yo’ldosh bilan mafkuraviy jihatdan kelisha olmagani aytiladi.
Tohir Yo’ldosh, Muhammad Tohir Farruh deb ham tilga olinadi, va tashkilotni Turkiston Islomiy Harakati deb atab, uni mintaqaviy kuchga aylantirishga urinib keladi.
Najmiddin Jalolov uchun esa, deydi tahlilchilar, O’zbekistonda Islom Karimovni hokimiyatdan ag’darib diniy tuzum joriy etish asosiy maqsad.
2004 yil Toshkentda yuz bergan qator portlashlarni Islomiy Jihod Ittifoqi o’z bo’yniga olgan.
2005 yilda Andijondagi qonli voqealar ketidan Islom Karimov Najmiddin Jalolovni xuruj tashkilotchilaridan biri deb e’lon qilgan. Jihodchilar o'z vebsaytlarida ham Andijon haqida ko'plab e'lonlar bergan.
2007 yilda Germaniyada terror xuruji uyushtirilayotgani fosh etilib, uch kishi ushlanganida, Islomiy Jihod Ittifoqi Ramshtaynda AQShga tegishli harbiy baza va O’zbekiston va Amerikaning bu davlatdagi vakolatxonalarini portlatishni rejalaganini tan olgan.
Hozirda, deydi bu tashkilot faoliyatini kuzatayotgan mutaxassislar, Islomiy Jihod Ittifoqi afg’on-pushtu guruhi, Sirojiddin Haqqoniy yetakchiligidagi to’da bilan hamkorlik qiladi. Haqqoniylar Tolibonning bir qismi, ammo mustaqil harakat qilishga o’rgangan.
2009 yilning 28 mayida Najmiddin Jalolov internetda al-Qoida yetakchilaridan biri Abu Yahyo al-Libiy bilan chiqish qilib, musulmonlarni ularni ruhan va moddiy jihatdan quvvatlashga chaqirgan.
O’zbekiston Islomiy Harakati ham propagandaga zo’r bermoqda. Maqsad, deydi Jeremi Binni va Joanna Rayt singari tadqiqotchilar, tashkilotni hamon kuchli qilib ko’rsatish.
Shu yilning 11 iyulida o’zbek tilida tarqatilgan video bayonotda harakat 4 aprel kuni Mironshohda katta portlashlarni amalga oshirgani haqida maqtanadi. Xurujda Pokiston askari va yetti oddiy fuqaro halok bo’lgan.
Tolibon va al-Qoida Markaziy Osiyodan chiqqan bu ikki guruh mustaqil holda harakat qilishini istamaydi, ammo hujumlar haqida g’ururlanib gapirishiga ruxsat bergan.
“Bu ham ular uchun bir strategiya, chunki ekstremistlar regionda nufuzga ega bo’lishni istaydi”,- deydi Jeremi Binni.
O’zbek jangarilari haqida G’arbda ingliz tilida va Markaziy Osiyo, Rossiya axborot vositalarida rus tilida ko’zga tashlanadigan ma’lumotlar bir-biridan ancha farq qiladi.
O’zbekiston va qo’shni davlatlarda jangarilar haqidagi ma’lumot ham, bori ham umumiy va rasmiy. Yevropa va AQShda tahlilga ahamiyat katta. Manbalar ham turfa xil. Lekin ularning naqadar xolis ekani savol ostida.
Hukumatlarga ko’p narsa ayon, deydi Jeremi Binni. Odamlar haqiqatni bilsin desa rahbarlar tahdid qanchalik katta ekanini dalil va isbotlar orqali ko’rsatishi, mavzu jamoatchilik orasida erkin muhokama qilinishiga yo’l berishi kerak.
“Aks holda terrorchilar tarqatayotgan propaganda ta’siriga bas kela olmaysiz”, - deydi jurnalist, “ular odamlarga yetish sirlarini ancha o’zlashtirib olgan”.
“Har bir terror guruhi o’z qudratini oshirib ko’rsatishga harakat qiladi. Ular o’z video murojaatlarida, masalan, ishsiz yurgan yoki o’zini adolatsizlik qurboni deb bilgan yoshlar diqqatini qaratishga, ularning ongiga ta’sir qilishga harakat qiladi",- deydi Jeremi Binni.
"Hukumatlar ana shu muammoni tan olib, yosh avlod uchun din, siyosat va erkinlik mohiyatini tushunish naqadar muhim ekanini anglashi, amaliy choralari ko'rishi lozim",- deydi mutaxassis.